Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

APLning so‘nggi dinozavri

APLning so‘nggi dinozavri

Baho:
+ | -

Frenk Lempardi, Rayn Giggz va Garet Barrini nima bog‘lab turadi? «Chelsi» va «Manchester Yunayted» afsonalari faoliyatlari davomida qo‘lga kiritgan sovrinlari soni umumiy hisobda 47 ta! Barrida esa, bu ko‘rsatgich atigi 2 ga teng. 39 yoshida butsalarini mixga ilgan futbolchi ham yuqoridagi nomi zikr qilingan futbolchilar bilan bir ro‘yxatda nega yodga olinadi?

Gap shundaki, Barri APLda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi sanaladi. Undan keyingi o‘rinlarda esa, Giggz va Lempard ketmoqda. Qahramonimiz musobaqa tarixida 600 dan ortiq o‘yinda ishtirok etgan 3 ta afsona ichida yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. “Aston Villa”, «Manchester Siti», «Everton» va «Vest Bromvich» sharafini himoya qilgan futbolchi «eski maktab»ning so‘nggi a’zosi edi.

Barri o‘zining ilk uchrashuvini o‘tkazganida Markus Reshford endigina 1 yoshni qarshi olgan edi. Runi  «Everton» akademiyasiga endi qabul qilingan bolakay edi. Fransiya terma jamoasi esa, hali Jahon chempioni bo‘lmagan edi. 2020 yilning 27 avgust sanasidagina qahramonimiz butsalarini mixga lishga qaror qildi. Bu qadar uzoq davom etgan professional karyeraning siri nimada?

Agar APLda 600 ta o‘yin o‘tkazmoqchi bo‘lsang, 17 yoshda debyut qil!

Angliya futbolini kuzatib boruvchi muxlislar Barrining ilk jamoasi qaysi ekanligini ortiqcha muammosiz topishlari mumkin. Shunday bo‘lsada, uning qaysi klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi ekanligidan ko‘pchilikning xabari yo‘q. Garetning ilk klubi «Brayton» jamoasi sanaladi. Yosh futbolchi o‘z tengdoshlaridan jismonan baquvvat ekanligi bilan ajralib turgach, uni “Arsenal” va «Chelsi» akademiyasi o‘ziga chorlaydi.

Londonning barcha klublari Barrini o‘z akademiyasida bo‘lishini istaganiga qaramay, uning ota-onasi kutilmagan qarorga keladi. Barrining dadasi o‘g‘li hayot qiyinchiliklarida sinmasligi uchun uni 300 km uzoqlikdagi Birmingemga yuborishga qaror qildi. Shu yo‘sinda, ota-ona yosh farzandining xarakteri shakllanishini ko‘zda tutgan bo‘lsa, ajam emas. Keyinroq, Barrining o‘zi ham bu qaror uning yetuk futbolchi bo‘lib yetishishida katta rol ijro etganini tan oladi.

“Aston Villa” o‘spirin uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Eng muhimi esa, o‘yin amaliyotini taqdim etdi. Birmingem klubi 16 yoshli futbolchi uchun 150 ming funtni ayab o‘tirmadi. 2000 yilga kelib yosh Barrini Angliya terma jamoasiga chaqiruv oldi. APL bahslarida 60 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan Barri ilk imkoniyatdan unumli foydalandi. Uning “Aston Villa”dagi ilk yillari haqida klub afsonalaridan biri Ian Taylor quyidagicha izoh bildiradi:

«Kiyinish xonasida u juda xotirjam o‘tirar edi. Unga qarar ekanman 17 yoshli paytimda qanchalar g‘o‘r bo‘lganimni chuqur his etdim.»

Maydondagi professional harakati sababli Barri uzoq muddat davomida og‘ir jarohatlarga chap berishga muvaffaq bo‘ldi. Faqat bir bor, «Vest Bromvich» safida qahramonimiz og‘ir jarohat oldi va 97 kun davomida futboldan chetda qoldi. Futbolchining APLning shiddatli o‘yinlaridan so‘ng tezda tiklanishi uchun to‘g‘ri ovqatlanish katta yordam berdi. “Aston Villa” deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga «elitada» jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoa kelishi mumkin, ammo yangi asr boshida Birmingemliklar tarkibida havas qilsa arzigulik edi. Barri «Villaliklar» safida ikki bor APLning 6-o‘rinini egallagan. Shuningdek, bir bor Angliya kubogi finalida to‘p surgan.

 «Barri bizga kerak emas!»

2008 yilning yoz oyida Barri allaqachon APLning 10 ta mavsumida to‘p surgan yetuk futbolchi edi. Birmingem klubi safida 10 yil ushlanib qolgan yarim himoyachi o‘zining eng pik nuqtasiga chiqib bo‘lgan paytlar. Shu bois, Barri klubdan ketishni afzal ko‘rdi. Uning qarorini murabbiy – Martin O'nil keskin qarshi oldi. Uni sardorlik bog‘ichidan mahrum qilishdi va ikkinchi tarkibga jo‘natib yuborishdi. Ko‘p o‘tmay,  ortga qaytarishdi.

Aynan o‘sha yili Xabi Alonso «Liverpul»ni «Real»ga almashtirish haqida bosh qotirayotgan edi. Ispan o‘z qarorini Benitesga ma’lum qildi, biroq murabbiy O'nil singari o‘z futbolchisini qo‘yib yuborishni istamadi. Keyinroq, klub skautlari Alonsoni qo‘yib yuborish evaziga Barrini safga qo‘shib olishni taklif qiladi.

Ajablanarlisi shundaki, ispaniyalik futbolchining o‘rnini Barri egallashi mumkinligi haqida xabar butun Angliyaga tarqab ketadi. Bundan g‘azablangan «mersisaydliklar» muxlislari «Enfild»dagi navbatdagi o‘yinda juda xunuk bannerni taqdim etishadi. Unda “Bizga Barri kerak emas! Uning aybi Alonso emasligida!” deb yozilgan edi. Vaziyatning bunday ko‘rinish olishi futbolchiga manzur kelmadi. Shu sababli, yana bir mavsum Barri “Aston Villa”da qoldi va kelasi mavsumda «Siti» bilan shartnoma imzoladi. Alonsoni esa, «Enfild»dagi qiziqqon yigitlar jamoada ushlab qola olmadi.

«Manchester Siti»dagi ikki xil davr. Manchinining ishongan futbolcisi Pellegriniga kerak emas

2009 yilning yozida «shaharliklar» Barrining transferini rasman e’lon qilishdi. Klub Garetdan tashqari, Adebayor, Teves, Lesskot, Santa Kruz va Kola Turelar uchun 147 million yevro sarf etdi. Jamoa qahramonimiz uchun 14 million yevro sarf etdi va adashmadi. «Liverpul» uddalay olmagan ishni amalga oshirgan «shaharliklar» Yaya Ture uchun ideal tandem yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Yaya to‘psiz harakatda juda bo‘sh edi. Uning bu kamchiligi Barri bir o‘zi berkitar, Tureni esa, oldinda bemalol to‘p tepishini ta’minlab berar edi. Ture «Siti» safida 59 ta gol va 33 ta asistni amalga oshirdi. Ushbu sermahsullik ortida Barrining ulkan mehnati yotibdi.

U bilan “Aston Villa” va «Siti»da birga to‘p surgan Milner quyidagicha xotirlaydi.

“Barri juda hotirjam inson. Yodimda bor, KPRga qarshi o‘tgan afsonaviy uchrashuvda Manchinini uni 69 daqiqada zaxira oldi. Bunday o‘yinlarda hech kim maydonni erta tark etishni istamaydi. U hech qanday e’tiroz bildirmadi. Murabbiyga o‘yin uchun rahmat aytdi va o‘z o‘rniga kelib o‘tirdi. Keyin so‘nggi daqiqalardagi mo‘’jiza yuz berdi. U yosh boladek xursandchiligini yashirib o‘tirmadi."

Manchini klubni tark etganida, Barri allaqachon 32 yoshni urib qo‘ygan edi. Shunga qaramay, maydonda mehnat qilish borasida hech kim u bilan tenglasha olmagan. Klub Fernandinoni tarkibiga qo‘shib olgach, Garet maydonda kam ko‘rinish berishni boshladi.

«Fernandino kelgach, men o‘zimga yangi jamoa izlashim lozimligini anglab yetgan edim»

«Barselona»ning ayni damdagi murabbiyi Kuman uni o‘zining eng zo‘r shogirdi deb e’lon qiladi

Qahramonimiz shartnomasi hali yakunlanmagani uchun zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib katta maosh olishi mumkin edi, biroq u qiyinroq yo‘lni tanlashni afzal ko‘rdi. «Everton» Barrini ijaraga oldi. Barri mavsumni shu qadar yaxshi o‘tkazdiki, hatto yakunda Roberto Martines inglizni tarkibda olib qolishni rahbariyatdan iltimos qildi. Martines ketgach, uning o‘rnini egallagan Kuman ham Barrini jamoa yetakchisiga aylantirdi. Boz ustiga, o‘zi ishlagan futbolchilar orasida hech kim Barri bilan tenglasha olmasligini bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. U bilan «Everton»da yelkama-elka to‘p tepgan Leon Osman qahramonimizning mehnatkashiligidan hayratda ekanligini yashirib o‘tirmadi.

"U jamoamizga kelganida, APL va Angliya Liga kubogida zafar quchgan chempion edi. Mashg‘ulotlarda esa, xuddi kecha jamoaga qo‘shilgan o‘spirindek ter to‘kar, barcha mashqlarni ortig‘i bilan bajarishishga intilar edi. U hech qachon Yogo bilan shug‘ullanishni kanda qilmagan. Kuman bizga Garini doimo namuna sifatida ko‘rsatgan.

Afsuski, Barri «Everton» bilan hech qanday sovrin yutmadi, biroq o‘zining klub safidagi yubiley – 600- o‘yinini «irislar» safida o‘tkazdi. Bu natija o‘sha davr uchun qay darajada ulkan ekanligini Milner misolida tushuntirishga urinib ko‘ramiz. Ayni damda, «Liverpul» futbolchisi hisobida 538 ta o‘yin mavjud. Uchrashuvlar soni bo‘yicha rekord qo‘ygan yigitlarning 20 tasidan faqat u hali-hamon yashil maydonda.

«Vest Bromvich» - Boshlangan narsaning yakuni bor!

Katta ishonch va ulkan maoshni bir chetga surib qo‘yish payti keldi. Barri 36 yoshda. Shu bois, qahramonimiz oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ymaslikka o‘rganib qolgan «Vest Bromvich» bilan shartnoma imzoladi. 36 yoshli yarim himoyachini tarkibga qo‘shib olgan klub ingliz nashrlari tomonidan hazillar qurboni bo‘lgan edi, biroq yakunda bu qaror o‘zini 101 foiz oqladi. Uning sport formasi a’lo daraja ekanligini ko‘rgan muxlislar darrov o‘z fikrlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi. Qahramonimiz yangi klubi safida Rayn Giggzning rekordini  ( 653 ta o‘yin) o‘ziniki qilib olgach, Uels terma jamoasi murabbiy o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bu uning mehnatlari mahsuli. Bu ko‘rsatgichga erishish uchun doimo kuchli sport formani saqlab turish lozim. Men u bilan yaxshi tanish emasman, ammo uning chinakam profi ekanligini rekordan ham ko‘rinib turibdi. O‘ylashimcha, u bemalol 700 lik dovondan ham oshib o‘ta oladi.»

Afsuski Giggzning so‘zlari amalda o‘z tasdig‘ini topmadi. Barri og‘ir jarohatdan uzoq muddat qochib yurdi, biroq o‘sha kelganida u ham ojiz qoldi. Bu orada «Vest Bromvich» elitani tark etdi. 2019/20 yilgi mavsumda Barri chempioshipning 3 ta o‘yinida maydonga tushdi va jamoasiga ortga qaytishga ko‘mak berdi. Afsuski, bundan ortig‘ini undan kutish endi noo‘rin edi. 40 yoshda APLda tayanch zonasida to‘p surishni futbolchi o‘ziga ep ko‘rmadi va butsalarini mixga ilib yubordi.

Barri terma jamoadagi o‘yinlarini inobatga olmasa, boshqa hech narsa uchun afsus chekmasligi aniq. 19 yoshida debyut qilganiga qaramay, Angliya termasi ustozlari uni faqat ikkita katta musobaqaga taklif etishdi. Biri 2000 yilda bo‘lib o‘tgan Yevropa Chempionati bo‘lsa, ikkinchisi JCH 2010. Birinchi urinishda qahramonimizga maydonga tushishga imkon berilmagan bo‘lsa, ikkinchi musobaqada inglizlar Germaniyadan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olishga majbur bo‘lishdi.

Har safar termadan chetda qolganida, futbolchi biroz xafa bo‘lar, biroq hech qachon janjallar uyushtirmasdi. «Murabbiy shuni istadimi, demak aslida ham shunday bo‘lishi lozim» Bu so‘zlar unga yod bo‘lib ketgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Uning faoliyati kishi ko‘zini qamashtiruvchi g‘alabalarga boy bo‘lmadi.

U Chempioshipga tushib ketishdan tortib, so‘nggi soniyalarda chempionlikni «Yunayted»dan tortib olishgacha bo‘lgan yo‘lni 20 yil ichida bosib o‘tdi. Turli murabbiylar va yuzlab jamoadoshlar mehrini qozondi. U butsalarini mixga ilganida, Britaniyadagi barcha katta nashrlar muqovasida ko‘rinish berdi. Biroz tortinchoq, ammo mehnatkash yigitning 20 yillik faoliyati yakunlandi. Balki, uni 10 yildan so‘ng hech kim eslamas, lekin u o‘rnatgan rekordlar kamida 20 yil o‘z kuchini yo‘qotmasligi aniq.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 18:25, 05.10.2020.
O'qildi: 7337 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.