Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsata olgan Eldor Shomurodov nihoyat Yevropada o‘ynaydigan bo‘ldi. O‘zbekistonlik futbolchi hozirda yangi jamoasi safida mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Uning Yevropaga yo‘l olishi bilan bog‘liq ayrim tafsilotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
«Shtutgart» varianti
Germaniyaning «Shtutgart» klubi 2019/2020 yilgi mavsum davomida Shomurodovga qiziqish bildirgan. Ushbu jamoa va "Rostov" o‘rtasida 2020 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokarada ishning yakuniy qismini yozga qoldirishga qaror qilishgan.
Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli «Shtutgart» 30 million yevro miqdorida zarar ko‘rgan. Shunda ham shtutgartliklar Eldorni sotib olishlari mumkin edi, faqat bitta shart bilan: jamoa dastlab 22 yoshli hujumchi Nikolas Gonsalesni sotishi kerak. Ammo klub argentinalik futbolchini o‘z safida olib qolishga qaror qildi.
"Gent"ning taklifi
2020 yilning yozida Belgiyaning "Gent" klubi «Rostov»ga taklif bilan chiqdi. Ushbu jamoa o‘z hujumchisi Jonatan Devidni «Lill»ga 27 mln yevro sotgan edi. Klub Shomurodov uchun 5 million yevro taklif qildi. Ammo bu taklif rostovliklarga yoqmadi.
«Jenoa»dan tushgan taklif
O‘zbekistonlik futbolchining «Jenoa»ga transferi 6 kunda hal bo‘ldi. Shartnoma imzolangan kuni Eldor uxlash uchun o‘z uyiga ketgan edi. Ammo qog‘ozlarga imzo chekish uchun uni tunda «Rostov» ofisiga chaqarishdi. Natijada rossiyaliklar 1 oktyabr kuni Shomurodovni «Jenoa»ga o‘tayotganini e’lon qilishdi.
Italiyaliklar dastlabki taklifni 25 sentyabr kuni yuborishgan bo‘lsa, "Rostov" bu taklifga rad javobini berdi. Shomurodov jamoa sport direktori Aleksey Riskin va klub prezidenti Artashes Arutyunyans bilan gaplashganidan keyin jamoa 28 sentyabr kuni uni qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi.
Klublar keyingi ikki kunni shartnoma bandlarini kelishishga sarflashdi. Tomonlar kelishuvni 30 sentyabr kuni yakunlashga harakat qilishdi va Shomurodovdan klub ofisida bo‘lib turishni so‘rashdi. Ammo hujumchi tun bo‘lishini kutmasdan o‘z uyiga ravona bo‘lgan edi. Yakunda esa Shomurodovni to‘shagidan uyg‘otib, ofisga olib kelishdi va barcha qog‘ozlarga imzo chekdi.
Agentlar quruq qoladimi?
Mazkur transfer uchun futbolchining agentlariga ulush ko‘zda tutilgan. Ammo "Jenoa" bu pullarni agentlarga 2022 yilda to‘lab beradi. Italiyaliklar transfer summasini "Rostov"ga bir yil ichida to‘lab berishadi.
Til masalasi
«Jenoa» klubi Shomurodov bilan muloqot qilish uchun koreys millatiga mansub qizni topdi. U italyan, o‘zbek va rus tillarini yaxshi biladi. Tarjimon Eldorning yangi muhitga moslashib ketishi uchun yordam beradi.
Shomurodov italyan tilini o‘rganish uchun unga rus tilini biladigan o‘qituvchi topishdi. Eldor Yevropaga yo‘l olishdan oldin ingliz tilini o‘rgana boshlagan edi. Ammo hozircha qoniqarli darajada emas.
Shomurodov 19 oktyabr kuni Italiya A seriyasida debyut qilishi mumkin. Genuyaliklar o‘sha kuni safarda «Verona» mehmoni bo‘lishadi.