Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

XXI asrning kashfiyotiga aylangan jamoalar (Top 10)

XXI asrning kashfiyotiga aylangan jamoalar (Top 10)

Baho:
+ | -

Stadion.uz yangi asrda sensasiya qayd etgan va futbol olamini hayratda qoldirgan jamoalarni yodga oladi.

«Lion»

"Taqachilar bundan 10-15 yil ilgari Fransiyadagi asosiy kuch edi, ammo Parijga arablarning katta pullari kelgach, ular shohsupadan pastga tushishga majbur bo‘lishdi. Uzoq davom etgan o‘rtacha mavsumlardan so‘ng, jamoa kichik mo‘’jiza namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi. Sezganingizdek, gap o‘tgan mavsumdagi YECHL uchrashuvlari haqida bormoqda.

Pley Off bahslarida Ronaldusi bor «Yuventus» va Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»sini musobaqadan chiqarib yuborgan klub yarim finalga qadar yetib keldi va ko‘plab muxlislarning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Aynan ular yangi asrdagi kashfiyotlar haqida maqolamizni ochib berishadi.

«Atalanta»

Gasperini shogirdlari ikki mavsum ilgari Italiyada yangi kuch paydo bo‘layotganini namoyish etishgan edi. Klub o‘z tarixida ilk bor YECHL musobaqasida to‘p surish huquqiga ega bo‘ldi. Buni jamoa fanatlari katta bayram qilishgani rost.

E’tiborlisi shundaki, klub ortda qolgan YECHL musobaqasini 3 ta ketma-ket mag‘lubiyat bilan boshladi. Barcha keyingi bosqichdan umidini uzgan paytda, klub ketma-ket 3 ta g‘alaba qozondi va musobaqa tarixida ilk bor pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Keyin Ilichichning gollari evaziga «Valensiya» tor-mor etildi. Chorak finalda esa, PSJ bilan teng kurash namoyish etildi. Afsuski, 150 soniya barchasini hal etdi. Quvonarlisi shundaki, jamoa nafaqat xalqaro maydon, balki ichki birinchilikda ham ishonchli to‘p surdi va 3-o‘rinni egalladi. Gasperini shogirdlari chempionlikni qo‘lga kiritishi ham mumkin edi, biroq restardan so‘ng klub o‘yin tempini yo‘qotib qo‘ydi. Shu bois, juda ko‘p ochkolar keraksiz joyda yo‘qotildi. Shunday bo‘lsada, jamoa chempiondan atigi 5 ochko farq bilan finishga yetib keldi.

«Monpele»

«Monpele» 2010/11 yilgi mavsumda «Liga 1» yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Oradan bir mavsum o‘tib esa, Fransiya chempionligini tantana qiladi. Bunday natija Fransiya futbolida juda kam kuzatilgan. E’tiborlisi shundaki, ushbu klubga chempionlikni qo‘lga kiritish uchun yulduz futbolchi yoki murabbiyning hojati bo‘lmadi. O‘sha mavsumda Jiru 21 ta gol bilan musobaqa to‘purar bo‘lgan bo‘lsa, Belhanda bir nechta grand jamoalar e’tibor markaziga tushdi. Qolgan yigitlar esa, o‘rtacha faoliyat olib borishdi.

«Malaga»

Ispan klubi yangi boshqaruvchilar qo‘liga o‘tgach, jamoa tarkibi sifatli ijrochilar bilan to‘lishni boshladi. Bu esa, o‘z effektini darrov ko‘rsatdi. Avvaliga ECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoa kelasi mavsumda xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropa Chempionlar Ligasining 1/4 finaliga qadar yetib borgan Pelligirini shogirdlari «Borussiya Dortmund» bilan o‘tgan dramatik uchrashuvni so‘nggi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga boy berishdi. Ichki birinchilikda 6-o‘rin. Ispaniya Kubogida chorak final. Natijalar yomon emas, biroq klub boshqaruvidagi insonlar sarflanayotgan pullar katta daromad keltirmayotganini ko‘rgach, boshqaruv siyosatini keskin o‘zgartirishga qaror qilishdi. Oqibatda, klub tez orada o‘rtamiyonalar safidan o‘rin egalladi.

«Volfsburg»

Germaniya Bundesligasida «Bavariya»ning chempionligiga o‘rganib qolgan bo‘lsangiz ajab emas. Klopp boshchiligidagi «Borussiya Dortmund» bir muddat «Bavariya»ning gegemonligiga barham bergach, ichki birinchilikdagi intriga ortib ketgan edi. Afsuski, Myunhen klubi birin-ketin Dortmund yulduzlarini o‘z safiga qo‘shib olishni boshladi va raqobatda g‘olib chiqdi. Keyin mutlaq gegemonlik davom ettirildi. Shunday bo‘lsada, ora-orada «Bavariya»ning ta’zirini berib qo‘yuvchi klublar ham paydo bo‘ldi. Ayniqsa, 2008/09 yilgi mavsumdagi «Volfsburg» bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Diyego, Jeko, Grafite singari futbolchilarga suyangan klub chempionlik uchun kurashda hech kimga imkon qoldirmadi. Ushbu klubning «Bavariya» ustidan qozongan g‘alabasi esa, tarixiy voqeaga aylanib ketdi.

«Vilyarreal»

«Sariq suvosti kemasi» Ispaniyadagi eng kichik shaharlardan biri sharafini himoya qilsada, yorqin o‘tmishga ega. Ayniqsa, 2005/06 yilgi YECHL mavsumini alohida e’tirof etish lozim. O‘shanda, klub musobaqaning yarim finaliga qadar yetib kelgan edi. Mehmonda "Arsenal"dan minimal hisobda mag‘lub bo‘lgach, o‘z uyidagi o‘yinda final chiptasi uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan jamoa so‘nggi daqiqalarda penaltidan unumli foydalana olmadi va yarim finalda musobaqani to‘xtatadi. Shunday bo‘lsada, bu jamoani klub tarixidagi eng kuchlisi sifatida muxlislar eslab qolishdi.

«Tottenhem»

Pochettinyo boshchiligidagi «Tottenhem»ni hali unutmagan bo‘lsangiz kerak. Sovrin yutmagan bo‘lsada, «shporlar» o‘zgacha uslubda to‘p suruvchi grand klubga aylana olgani tahsinga sazovor. Ayniqsa, 2018/19 yilgi Chempionlar ligasi musobaqasida «Tottenhem» fantasik o‘yin namoyish etdi. «Siti» va "Ayaks"ga qarshi kechgan dramatik o‘yinlardan so‘ng, klub finalga chiptasini qo‘lga kiritdi. Afsuski, «Liverpul» qarshiligini sindirishni uddalay olmadi. Shunday bo‘lsada, jamoa o‘z tarixida ilk bor YECHL finalida to‘p surdi. Eng muhimi esa, juda yorqin o‘yin namoyish etdi.

«Monako»

Leanardo Jardim shogirdlari uchun 2016/17 yilgi mavsumda chinakam shou namoyish etishgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. «Liga 1»da PSJni chetga surib tashlagan jamoa, YECHLda yarim finalga qadar yetib kelishga muvaffaq bo‘ladi. Subashich, Mbappe, Bakayoki, Sidibe, Lemar, Bernardo Silva va boshqa futbolchilar katta futbolga dadil qadamlar bilan kirib kelishdi. Jamoa avvaliga «Borussiya Dortmund» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, keyin eng pik formaga chiqqan Gvardiolaning «Siti»sini musobaqadan chiqarib yuboradi. Keyinroq, «Monako» o‘z futbolchilarini deyarli barchasini sotib yubordi va transferlardan rekord foyda oldi.

"Ayaks"

Gollandiyaning "Ayaks" jamoasining shonli o‘tmishi 20-asrda qolib ketgandek tuyuladi, biroq 2018/19 yilgi mavsum barchasi aslida unday emasligini namoyish etib berdi. Aynan o‘sha yili "Ayaks" ichki birinchilikdagi barcha sovrinlarni o‘ziniki qiladi va Yevropada shov-shuv ko‘taradi. Avvaliga «Real»ni mehmonda dog‘da qoldirgan jamoa, keyin «Yuventus»ga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yuboradi. Hatto Londonda «Tottenhem» ustidan g‘alaba ham qozonadi, biroq javob uchrashuvida tajribasizlik yosh jamoaga pand beradi. Lukas Mouraning gollari sababli Erik Ten Xagning jamoasi final ostonasida to‘xtatiladi. O‘sha "Ayaks"ning suyagi sanalgan Van De Bek, De Yong, va De Ligtlar ayni damda grand klublar sharafini himoya qilmoqda.

«Lester»

2015/16 yilgi futbol mavsumi to‘liqligicha «Lester»ga bag‘ishlandi desak, adashmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, musobaqa finishiga yaqin kelgani sari «tulkilar»ning muxlisi ortib bordi. Yakunda esa, ularning chempionligini barcha nishonladi. Qandaydir 12 oy ichida klub 100 millionga yaqin muxlis orttirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ranyeri va uning shogirdlari APLdek juda og‘ir musobaqada o‘rtacha tarkib bilan chempion bo‘lish mumkinligini isbotlashdi. Aynan ularning shiddatli birinchilikning bosimiga dosh bergani 21-asr futbolidagi eng katta jasorat desak, adashmagan bo‘lamiz. «Tulkilar tomoshasi» atigi bir mavsum davom etdi xolos. Keyin jamoa o‘rtamiyona ingliz jamoasiga aylanib qoldi. Shunday bo‘lsada, ular ko‘rsatgan qahramonlik hali 50 yil davomida muxlislar xotirasidan o‘chmaydi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 16:59, 17.10.2020.
O'qildi: 7260 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.