Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/05 23:45 Kalyari 2-3 Fiorentina
24/05 23:45 Jenoa - Bolonya
25/05 00:00 Jirona - Granada
25/05 17:00 Osasuna - Vilyarreal
25/05 19:15 Real Sosyedad - Atletiko
25/05 21:00 Yuventus - Monsa
25/05 21:30 Almeriya - Kadis
25/05 21:30 Rayo Valyekano - Atletik Bilbao
25/05 23:45 Milan - Salernitana
26/05 00:00 Real Madrid - Betis

«Yuventus» va «Barselona» libosida harakat qilgan yulduzlar

«Yuventus» va «Barselona» libosida harakat qilgan yulduzlar

Baho:
+ | -

"Yuventus" va "Barselona"ning  xalqaro maydondagi yo‘li bir biri bilan tez-tez kesishib turadi. Klublar oxirgi marta bundan 3 yil avval chorak final bahsida o‘zaro to‘qnash kelishgandi. Bu safar esa holat biroz boshqacharoq: muxlislar guruh bosqichining o‘zidayoq markaziy o‘yinga guvoh bo‘lishadi. Ushbu uchrashuvga bo‘lgan qiziqish o‘ta yuqori. Garchi Ronaldu hamda Messi jangining sodir bo‘lish ehtimoli allaqachon yo‘qolib ulgurgan bo‘lsa-da, bugun biz har ikkala tarafdan ham ba’zi nomlarning o‘z sobiq klublariga qarshi o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Tarixan olib qaralganda ham, turli yillar davomida "ko‘k-anorrang" va oq-qora futbolkalarda to‘p tepgan bir qator nomdor futbolchilarni sanab o‘tishimiz mumkin. Quyida esa ulardan eng mashhurlari xususida to‘xtalib o‘tamiz.

Dani Alvesh

Braziliyalik mashhur yulduzning Kataloniyaga singan chuqur mehnatini klub ishqibozlari hali beri unutishmasa kerak. 2008 yilda yosh Dani yangi klubiga "Sevilya"dan ko‘chib o‘tadi. Transfer summasi ham o‘sha paytlarda o‘z pozisiyasi uchun eng qimmati edi - 90 million yevro. Buncha summani Alvesh keragidan ortiq oqlab yubordi deyishimiz mumkin. Dastlab, asosiy tarkibdan unchalik joy tegavermagan himoyachi Gvardiola jamoaga kelganidagina o‘zini ko‘rsata boshladi. 2009/2011 yillarda qo‘lga kiritilgan treblda Danining ulkan xizmatlari mavjud. Darhaqiqat, jamoaga yangi murabbiy o‘zining yangicha falsafasini, o‘zgacha uslubini ham olib kirganligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Aynan ispan futboliga Gvardiola olib kirgan "tiki-taka" uslubi hamda endi shakllanayotgan yosh avlod orqali "Barselona" asrimizning ikkinchi dekadasida haqiqiy furor ko‘targan paytlar Alvesh ham o‘sha oltin avlodning katta futbolchisi edi. Braziliyalik iqtidor egasi klubga kelgan dastlabki 4 yili davomida milliy termadagi ishtirokini ham qo‘shib hisoblaganda naq 18 ta sovrin yutishga erishdi. Bunga ko‘pchilikning ishonishi qiyin, lekin Alveshning "Barsa"da o‘tgan yillari uning uchun anchayin omadli kechgan. Pep davridagi 2 ta ulkan trebldan so‘ng klub muxlislari bu voqeani  anchayin kutib qolishgandi. Nihoyat, Luis Enrike qo‘l ostida 3-treblga qarab borgan Alvesh klubi safidagi bu nomga ega chiqqan sanoqli futbolchilardan biriga aylandi. Ispaniyalik ushbu  murabbiyga Danining hurmati o‘zgacha. Futbolchi buni o‘z intervyularida ham alohida ta’kidlab o‘tgan.

"Ko‘k-anorranglilar" safidagi so‘nggi mavsumlari ham Alvesh uchun titullarga boy tarzda yakunlangan: 3 mavsumda 9 ta sovrin. Klubdagi faoliyatini ham shunga monand erkin agent sifatida tugatib qo‘ya qoldi - chiroyli yakun albatta. Dani Alvesh "Barselona"dagi 8 yillik yorqin mavsumlari davomida umumiy hisobda 391 ta uchrashuvda maydonga tushib, 21 marotaba raqiblari darvozasini ishg‘ol etishga ham ulgurgan. Ha, har bitta himoyachi orzu qiladigan ulkan ishlar.

Braziliyalik futbolchi,  yuqorida aytib o‘tilganidek, erkin agent sifatida Turinga ko‘chib o‘tadi. Lekin uning "Yuventus"dagi faoliyati avvalgi klublari oldida shunchaki ko‘rinmay qoldi desak ham bo‘laveradi. Chunki u "zebralar" safida atigi bir mavsum o‘ynadi xolos. Buning ustiga uning katta qismini lazaretda o‘tkazib yubordi. Shunga qaramay futbolchi yakunda "Skudetto" va Italiya kubogini o‘z sovrinlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi. "Yuventus"ning o‘sha yillar oralig‘idagi yetib borgan 2-ECHL finalida ham aynan Alvesh bor edi, lekin yutib olish nasib qilmagan. Dani Alvesh ko‘p mavsumlik faoliyati davomida eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi sifatida tarixga kirgan. Braziliyalik himoyachida shu paytga qadar 40 dan ziyod katta-kichik titullar mavjud. Lekin futbol ishqibozlari uni "Barsa" va "Yuventus" libosidagi o‘yinlari bilan yaxshiroq eslab qolishgan.

Janluka Zambrotta

Italiyalik mashhur futbolchi "Yuventus"ga 1999 yilda kelib qo‘shiladi. O‘sha paytlari murabbiylik faoliyatida endi cho‘qqiga chiqayotgan Karlo Anchelotti jamoasi Zambrottani iliq kayfiyatda kutib oladi. Italiyalik yulduz yo‘l-yo‘l libosda karyerasidagi eng omadli damlarini o‘tkazadi. 300 ta o‘yinda maydonga tushgan Zambrotta klub miqyosida turli-tuman 7 ta sovringa ega chiqadi. Lekin u va jamoadoshlarining muvaffaqiyatlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Ma’lum sabablarga ko‘ra "B" Seriyaga tushirib yuborilgan "Yuventus" tarkibidan bir qator futbolchilar ketishga majbur bo‘lishadi. Ular orasida italiyalik fulbek ham bor edi. Janlukaga juda ko‘p klublardan takliflar tushadi, lekin u "Barselona" ni tanlashga qaror qildi. Biroq, uning bu qarorini unchalik ham omadli chiqdi deb aytish qiyin. Jamoaga Gvardiola kelgach, ispaniyalik mutaxassis Zambrotta kabi faxriy futbolchilarga iste’fo berib yuboradi. Shu jihatlardan ham uning Kataloniyadagi urinishlarini o‘ta yaxshi kechgan deb ayta olmaymiz: bittagina Ispaniya kubogi. Lekin milliy terma safidagi o‘yinlari orqali mashhur Zambrottaning yuqoridagi har ikkala klubda ham o‘z muxlislari yetarlicha topilsa kerak.

Arturo Vidal

Ikkita grand jamoa sharafini himoya qilgan noyob futbolchilardan biri - Arturo Vidal. 2010 yilda Leverkuzenning "Bayer" klubidan "Yuventus" safiga kelib qo‘shilgan yosh iqtidor karyerasidagi eng muvaffaqiyatli damlarini aynan "byankoneri" safida o‘tkazadi. Ortda qolgan mavsumlari oralig‘ida Antonio Konte qo‘l ostida o‘z statusini oshirib olganligini ham ta’kidlab o‘tish joiz. "Zebralar" safida o‘tkazgan jami 4 mavsumida Vidal 171 ta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblari darvozasini 48 bor ishg‘ol etishga erishdi, 7 ta sovrin va ularning asosiy qismi albatta ketma-ket qo‘lga kiritilgan "Skudetto"lar. Umuman olganda, bu yarim himoyachi uchun yomon natija emas.

2014 yilda klubini o‘zgartirishga qaror qilgan Arturoga "Bavariya" qiziqish bildirgan. 4 yil "qizillar" libosida to‘p tepgan futbolchi 2018-yilda Kataloniyaga ko‘chib o‘tadi. Tabiatan ancha qiziqqon sanalgan Vidal turli-tuman jarohatlar va qizil kartochkalar sabab o‘sha ikki mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi. Lekin chililik yulduz istalgan yerdan o‘z gollarini topib ketaveradi. Uning "Barselona"dagi nisbatan qisqa faoliyati ham aytarlicha tahsinga sazovor. O‘zi maydonga tushgan 93 ta uchrashuvning 11 tasini u gol bilan yakunlagan. Hatto, bir mavsum u klubi miqyosida gollarda ishtirok etish borasida Messi hamda Suaresdan keyin 3-o‘rinni ham egalladi (11 gol, 9 assist). Menimcha, Arturo Vidalning yurtimizda ham personal muxlislari yetarlicha topilsa kerak.

Zlatan Ibrahimovich

Jahon futbolida Zlatandek bir qancha mamlakatlar ichki chempionatlarida o‘ynab chiqqan futbolchilar kam topilsa kerak. Professional faoliyatini "Malmyo"da boshlagan Ibrahimovich keyinchalik Niderlandiya, Angliya, Italiya, AQSH, Ispaniya va Fransiya kabi mamlakatlarning turli klublarida ham o‘z omadini sinab ko‘rdi. Asosiy yurishini Italiyada olib borgan shvesiyalik uchun bu yerdagi ilk klub aynan "Yuventus" edi. 2004 yilda "Ayaks"dan turinliklar safiga kelib qo‘shilgan futbolchi juda ko‘p vaqtini zaxirada o‘tkazib yubordi. Murabbiylar klubning o‘sha vaqtdagi asosiy yukduzlaridan biri David Trazege jarohat olgan paytlardagina Zlatanga asosiy tarkibdan joy berishar edi. Lekin bu tanasida kuchi toshib ketayotgan futbolchi uchun yoqimli holat emas edi. U jamoadan iloji boricha tezroq ketish uchun bahona izlar edi. Natijada 2006 yilda "Yuventus"ning quyi ligaga tushirib yuborilishi munosabati bilan Ibrahimovich ham klubini qiyin ahvolida tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, shvesiyalik yulduz qisqa vaqt oralig‘ida 26 ta golni-da o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga ulgurdi.

Lekin, Zlatanning "Barsa"dagi faoliyati o‘ziga ham yoqmasa kerak. "Ko‘k-anorrang" libosda atigi bir mavsum harakat qilgan futbolchi uchun asosiy tarkibdan yetarlicha joy ajratilmagan. Bunga asosiy sabablardan biri sifatida uning murabbiy bilan olib borgan muttasil tortishuvlarini ham aytishimiz mumkin. Sof ampulasi markaziy hujumchi bo‘lgan Ibrahimovich uni qanot o‘yinchisi sifatida maydonga tushiraverishlaridan deyarli qoniqish hosil qilmagan. Natijada, Messiga yetarlicha raqobat uyushtirib berolmagan yulduz klubni erta tark etishga majbur bo‘ldi. Va bu eng gullagan davrlarining endi boshlanishi ekanligini o‘zi xam yetarlicha anglamagan bo‘lsa kerak. Lekin muxlislar qalbidan "Yuventus" libosidagi o‘sha yoqimtoy Zlatan ko‘proq joy olgan nazarimizda.

"Yuventus" va "Barselona" o‘zaro futbolchilar almashtirishni ancha xush ko‘ruvchi klublar sanalishadi. O‘ylaymizki, bu ro‘yxat bundan keyin ham o‘z davrining mashhur yulduzlari bilan to‘lib boraveradi.

Yusufbek tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 20:37, 28.10.2020.
O'qildi: 3963 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.