Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Stadion.uz talqini bo‘yicha YECHL 3-turi ramziy terma jamoasi

Stadion.uz talqini bo‘yicha YECHL 3-turi ramziy terma jamoasi

Baho:
+ | -


Yakuniga yetgan turda eng faol bo‘lgan futbolchilarni e’tiboringizga havola etamiz.

 

 

 

Darvozabon: Ruslan Nescheret

"Dinamo Kiyev" Kataloniyaga qaydnomasidagi atigi 13 nafar futbolchi bilan tashrif buyurishga majbur bo‘ldi. O‘sha kuni jamoaning naq 9 nafar futbolchisi yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi sababli kiyevliklarga yordam berolmasligi ma’lum bo‘lgan edi. Ularning orasida klubning asosiy ikki darvozaboni ham bo‘lishi Lucheskuni xavotirga solgani turgan gap. Natijada, ukrainalik murabbiy jamoaning 18 yoshli 3-posboniga muhim o‘yinda imkoniyat berishga qaror qildi. Nescheret o‘ziga yuklatilgan og‘ir mas’uliyatni har tomonlama ishonchli tarzda oqlay oldi deb bemalol aytolamiz. Garchi uning jamosi bu bahsda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, o‘tkazib yuborilgan ikkita to‘pda uning deyarli aybi yo‘q edi. Chunki qatorasiga ketma-ket bahslarda maydonga tushayotgan ikkinchi tarkib vakillari haliyam o‘zaro bog‘lamlarda yaxshi ishlay olishmayapti. Ukrainalik kiper esa butun o‘yin davomida Messi va uning jamoadoshlari yo‘llagan naq 12 ta aniq zarbani bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa 7 yildan beri qayd etib kelinayotgan bitta bahsdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. To‘g‘ri, "Barselona" asta-sekinlik bilan o‘z muammolarini hal etib kelyapti, Messi ham yoshi o‘tib borayotgani bilan hali ham o‘sha eski formasida. Lekin, mabodo "Dinamo Kiyev" mana shu o‘yini bilan guruh bosqichida qolib ketadigan bo‘lsa, katta ehtimol bunda Ruslan Nescheretga asosiy ayb qo‘yilmaydi. U hali yosh, o‘zidagi iqtidorni yetarlicha shakllantirib olishi uchun biror bir grand jamoa safiga borib qo‘shilishi bizningcha ham har tomonlama eng maqbul qaror bo‘lib chiqsa kerak.

 

 

 

O‘ng qanot himoyachisi: Shtefan Layner

Myunxengladbaxning "Borussiya"si Chempionlar Ligasida kamdan kam o‘ynovchi klublar sirasiga kiradi. Ammo, joriy mavsum ularda bundayin imkoniyat mavjud. Marko Roze shogirdlari har bir o‘yinga xuddi finaldagidek munosabat bildirishmoqda va ko‘rsatayotgan o‘yinlariga yarasha munosib pog‘onada xam borishmoqda. Dastlabki ikki turda nemis klubiga biroz omad yetishmaganligi sababli tayyor g‘alabalarni o‘z qo‘lidan chiqarib yuborishdi. Lekin 3-turda "Shaxtyor"ni ular sira ham ayab o‘tirishmadi: javobsiz yo‘llangan 6 gol va kuchli mudofaa. Tabiiyki, jamoasining turli xavfli hujumlarida muntazam ravishda qatnashib turgan Layner "Borussiya"ning g‘alabasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. O‘ng qanot himoyasini mustahkam ushlab berishi bilan birga u bir vaziyatda Pleaning dastlabki goliga ham chiroyli assisitni amalga oshirdi. Nemis klubining o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘ygani borgan sari barchaga a’yon bo‘lib bormoqda. Ular shu o‘yini bilan guruh bosqichida qolib ketadigan bo‘lishsa, bizningcha ham adolatdan bo‘lmasa kerak.

 

 

 

Markaziy himoyachi: Serxio Ramos

"Real" nihoyat, Chempionlar Ligasidagi dastlabki g‘alabasini tantana qiladigan bo‘ldi. Turnir jadavaliga qaragan holda klub muxlislari endi yengil tin olsalar ham bo‘laveradi. Jamoa har qalay 4 dan 2-pog‘onagacha ko‘tarilib oldi. Hujumchilarning eski muammolari ham o‘yindan o‘yinga ko‘zga tashlanmay qolayotgandek go‘yo. Lekin jamoadagi Ramos faktori haligacha o‘z kuchida o‘zgarmasdan turibdi. Ispaniyalik himoyachi uchrashuvni kutilganidek, super formada o‘tkazdi, pozisiyasini maksimal tozalay oldi, bitta golga ham mualliflik qildi. Bu gol esa o‘z navbatida o‘tkazib yuborilgan ikkita to‘pdagi aybni ham himoyachilardan yopib ketdi deb bemalol ayta olamiz. Eslatib o‘tish kerak, Ramosning "Inter" darvozasiga kiritgan goli uning uchun "Blankos"safidagi umumiy 100-aniq zarba hisoblanadi. Yubiley kunida u ramziy jamoaga kirmasa ham yarashmas edi.

 

 

Markaziy himoyachi: Ris Uilyams

Klopp jamoasidagi yaqin bir necha hafta davomida kuzatilayotgan eng jiddiy muammo - bu shubhasiz, orqa chiziq. Ayni damda klubda Van Deyk, Matip hamda Fabinyolar yo‘q bir paytda germaniyalik murabbiy oxirgi o‘yinlarda yosh iqtidor sanalgan Uilyams tanloviga ham murojaat qilayotaganini ko‘ryapmiz. Angliyalik 19 yashar fulbek esa o‘ziga bildirilgan ishonchni yetarlicha oqlamoqda deb aytishimiz mumkin.Ta’kidlab o‘tish kerak, o‘sha bahs Ris uchun YECHLdagi debyut o‘yin hisoblanardi. "Atalanta" mahv etilgan oqshom u g‘alabaga hissa qo‘shgan muhim futbolchilardan biriga aylandi. Angliyalik fulbek Duvan Sapata bilan kechgan yakkakurashlarning deyarli hech birida yutgazgani yo‘q. Ko‘p xollarda jamoadoshi Bekkergacha vaziyatni qoldirmaslikka harakat qildi. Natijada, "Liverpul" ketma-ket 3 ta o‘yinda ham darvozasini daxlsizligini saqlab qolgan holda, o‘z rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Bunda albatta Uilyamsning xuzmatlari katta. Klopp markaziy himoya chizig‘idagi jiddiy transferni amalga oshirguniga qadar ushbu pozisiyani endi bemalol Ris Uilyamsga ishonib topshirsa ham bo‘laveradi.

 

 

 

Chap qanot himoyachisi: Lukas Ernandes

"Bavariya" mavsum davomidagi o‘zining mukammallik cho‘qqisiga allaqachon chiqib ulgurgan. Flik effekti tezda jamoaga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu klub ishtirokidagi deyarli har bir o‘yinda turli xil rekordlar ko‘raverishga ham o‘rganib qoldik. Lekin o‘z navbatida "qizillar"ning ham bitta jiddiy kamchiligi mavjud. Ular dastlab gol o‘tkazib yuborganlaridan so‘ng, vaziyatni o‘nglashga rosmana qiynalashadi. Bu ayniqsa, "Xoffenhaym" va shunga o‘xshash ba’zi o‘yinlarda ko‘zga tashlandi. "Zalsburg"ga qarshi kechgan bahs ham deyarli shunday ssenariy ostida boshlangan edi. Lekin Ernandes boshliq himoya chizig‘i bunday vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Fransiyalik futbolchi raqibning tezkor qanot hujumchilarini maksimal darajada zararsizlantira oldi. Asosiy yo‘qotish-Devisning pozisiyasida munosib harakatlandi, hujumdagi faolligini oshirib bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, Lukas qayd etgan ba’zi statiskalari bilan uchrashuvda eng ko‘p ball olgan futbolchilardan biriga aylandi. U o‘sha kuni eng ko‘p yakkakurashlarda ishtirok etdi, eng ko‘p to‘pni olib qo‘ydi va o‘z navbatida orqa chiziq vakillari orasida eng ko‘p fintlarni amalga oshirdi. Endi bundan buyog‘iga Devis va Lukas rotasiyasiga ko‘p bor guvoh bo‘lsak kerak.

 

 

Xujumkor yarim himoyachi: Yozua Kimmix

Kimmixning sof pozisiyasi o‘zi aslida o‘ng qanot himoyachisi. Lekin Flik murabbiylik postiga kelgach, germaniyalik futbolchini u asosan markaziy ampulada sinab ko‘rmoqda. Biz Yozuani o‘tgan mavsumning hisobidan deyarli shu yerda qaytadan kashf qildik desak yangilishmaymiz. Uning tezkor va hujumkor o‘yinlariga joriy mavsumda ham guvoh bo‘lmoqdamiz, Kimmix so‘zsiz "Bavariya"ning yetakchi figuralaridan biriga aylanib ulgurdi. "Zalsburg"ga qarshi kechga bahsda u jamoasi uchun keng ko‘lamli vazifalarni bajarib berdi. Kimmix uchrashuvda XG hisobi bo‘yicha raqib darvozasi oldida 4 ta vaziyatni yaratish bilan birga 2 ta assisistni ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Bu bilan u oxirgi 7 bahsda 6 assistni qayd etgan kam sonli futbolchilardan biri. Passlar aniqligi ham nemis yarim himoyachisida a’lo darajada - 92%. "Bavariya" jamoaviy o‘yin tarafdori. Shuning uchun bu klubda liderlar talaygina. Ular orasida Kimmix shubhasiz, o‘z pozisiyasining yetakchilaridan biri.

 

 

Markaziy yarim himoyachi: Ivan Rakitich

Rakitichning "Sevilya"ga ko‘chib o‘tishi klub sxemasida jiddiy chalkashliklarga olib kelmadi. O‘z o‘rnida Ivan ham "andalusiyaliklar" tarkibiga juda tezda singishib ketdi. Chunki u avval ham bu klubda faoliyat olib borgan, bu yerning muhitini u juda yaxshi biladi. Keliboq jamoadagi asosiy liderlik roliga ega chiqdi. "Sevilya" joy olgan guruh o‘zlari uchun ancha qulay ko‘rinishda. Barchasi bir maromda ketmoqda. Muhimi, "Krasnodar" bilan kechgan bahsda jamoa ochko yo‘qotmadi. Uchrashuvning esa eng yaxshi o‘yinchilaridan biri aynan Ivan Rakitich bo‘ldi. Futbolchi passlar aniqligida 88%lik natijani qayd etdi. Sheriklari uchun 2 ta golli vaziyat yarata oldi, bir marta darvozani ishg‘ol etishga ham muvvaq bo‘ldi. Navas qizil kartochka olib uchrashuvni erta tark etganidan so‘ng Rakitich jamoa yetakchiligini o‘z bo‘yniga olgani holda vaziyatni "Sevilya" tomoniga ijobiy o‘zgartib yubora oldi. Qisqa qilib aytganda, 3 ochkoni jamoasiga raqibdan yulib olib berdi. "Sevilya" tizimli jamoa, top murabbiyga ega. O‘tgan mavsumda La Liga chempionligi uchun kurashda Lopetegi rejalariga faqatgina xorvatiyalik futbolchi yetishmagan edi. Buyog‘ini birga kuzatamiz.

 

 

Xujumkor yarim himoyachi: Lars Shtindil

Germaniyalik futbolchi jamoasining guruh peshqadamini yirik hisobda mag‘lub etgan bahsda asosiy og‘ir vazifani bajardi. 32 yoshli yarim himoyachi raqib darvozasiga bitta gol urish barobarida bir asssit muallifi sifatida ham qayd etildi. Asosiy passlarda Shtindl muhim ijrochi vazifasini o‘tab berdi. U va uning jamoadoshlari sa’y-harakatlari evaziga nemis klubi guruh grandlarini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib oldi. Shu kabi o‘yinlari orqali Lars milliy terma jamoa tarkibidagi bugungi o‘rnini qaysidir ma’noda sug‘urtalab ham bormoqda.

 

 

Chap qanot hujumchisi: Erling Holand

Holandning jismoniy holati, hozirgi sport formasi va ko‘rsatayotgan o‘yinlarini ortiqcha ta’riflashning hojati yo‘q. Biz uning nomini allaqachon rang-barang rekordlar qatorida tilga olishga o‘rganib qolganmiz. "Bryugge"ga qarshi bahsda norvegiyalik vunderkind o‘z mahoratini yana bir bor barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Belgiya klubiga yo‘llagan ikki goli orqali u musobaqa tarixiga kirdi. Holandda Chempionlar Ligasi doirasidagi 11 ta o‘yinda allaqachon 14 ta gol bor va u o‘zi to‘qnash kelgan barcha klublar darvozasini ishg‘ol etib kelmoqda. Bu esa turnirning o‘ziga xos rekordi hisoblanadi. U va uning jamoadoshlari endi bemalol keyingi bosqich haqida o‘ylab ko‘rsalar ham bo‘laveradi. Chunki hozirning o‘zidan guruhda ulardan boshqa stabil jamoa yo‘q ekanligi sezilmoqda.

 

 

O‘ng qanot hujumchisi: Alassan Plea

Bu safar tarkibda "Borussiya" a’zolari ko‘proq. Chunki ular bunga arzirli natijalar qayd etishdi, ayniqsa Plea. Uchrashuvdan so‘ng "Man of the match" sovrinini qo‘lga kiritgan Alassan o‘sha kuni har jabhada faol bo‘ldi. Bir ikki yildan beri jamoasining lideriga aylanib borayotgan Plea "Shaxtyor" tor-mor etilgan oqshom bira to‘la xet-trik yo‘llab raqiblarini nokaut holatiga uchratdi. Darvoqe, "Real" darvozasiga urilgan gollarga ham assistlarni amalga oshirgan fransiyalik futbolchi bu bahsda ham bir golning hammuallifiga aylandi. "Borussiya" joriy mavsum kashfiyotiga aylanmoqda. Kelasi bosqichlarda ko‘tarilajak fyurorlarda shubhasiz, jamoa tarkibida Tyuram va Plea singari o‘yinchilar katta sahnaga chiqishadi.

 

 

Markaziy hujumchi: Diegu Jota

"Liverpul" transferlar siyosatida kamdan kam adashadi. Joriy yilgi xarid Jota ham klub kashfiyotlaridan biriga aylanmoqda. Garchi uni biz "Vulvz" safidagi yorqin o‘yinlaridan tanib boshlagan bo‘lsak-da, professional tarzda yuksalishga u "qizillar" safida erishmoqda desak yangilishmaymiz. Portugaliyalik yosh iqtidor egasi o‘yindan o‘yinga ochilib, haqiqy monsterga aylanib boryapti. Klubning "Atalanta"ga qarshi kechgan bahsida u o‘z hisobiga xet-trikni rasmiylashtirib qo‘ydi. "Liverpul"ning 3 ochkosida bizningcha ham eng katta ishni bajarib berdi. Urgan gollariga e’tibor qaratsak ham oddiylikdan yiroq va sof individual mahorat evaziga yo‘llangan zarbalar guvohiga aylanamiz. Muxlislar allaqachon uni klubning yangi trio a’zosi sifatida ko‘rishni boshlab yuborishgan. Darhaqiqat, Jota bugungi kunda pozisiyasi sal farq qilsa-da, Firminoga jiddiy raqobat taklif etyotganligi bor gap. Uni yorqin kelajak kutib turibdi, buni mag‘lub jamoa bosh murabbiyi Gasperini ham alohida ta’kidlab o‘tdi. Shubhasiz, Dieguni ramziy jamoaning eng yorqin vakili sifatida baholasak ham bo‘laveradi.

 

 

 

 

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 15:03, 06.11.2020.
O'qildi: 3348 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.