Stadion.uz APL grand jamoalari ustozlarini birlashtirayotgan voqea haqida fikr almashadi.
Yozda UYEFA chempionatlarda 5 ta zaxiradan foydalanishga ruxsat berdi. Sababi, taqvim juda zich edi. Shu bois, bunday yo‘l tutish futbolchilarni ortiqcha jismoniy yuklamalardan asrashi ko‘zda tutilgan edi. Keyinroq, UYEFA o‘z qarorini o‘zgartirdi va chempionatlarga o‘zlari qaror qabul qilishlari uchun imkoniyat yaratib berdi. Yevropadagi deyarli barcha chempionatlar 5 ta zaxira variantini qabul qilishdi, biroq APL yana 3 ta zaxiraga qaytdi.
Vaholanki, APL o‘z klublariga tanlovni qoldirgan va naqd ikki bor ovoz berish jarayonini o‘tkazgan edi. Ingliz klublari agar 5 ta o‘zgartirish o‘z kuchida qolsa, grand jamoalarning imkoniyatlari kengayib ketishini taxmin qilishdi va bunga qarshi chiqishdi. Gap shundaki, grandlarning zaxira o‘rindig‘i juda keng, shu bois o‘zgartirishlar ortida ular kuchsizroq tarkibdagi jamoalarni ortiqcha muammosiz mag‘lub etishlari mumkin.
Birinchilardan bo‘lib, «Lids», «Fuhem» va «Vest Bromvich» jamoalari yana 3 ta o‘zgarishga qaytish tarafdori bo‘lib chiqdi. Ilk saylovda mag‘lub bo‘lishganiga qaramay, grandlar 5 ta zaxiradan foydalanish uchun kurash olib borishda davom etishdi. Kutilganidek, «Liverpul», «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti» va “Arsenal” jamoalari qayta ovoz berish lozimligini media orqali tinimsiz e’lon qilishni boshladi.
Sentyabr oyi boshida yana bir bor ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Unda APL klublarining 11 tasi 5 ta o‘zgarish amalga oshirish uchun ovoz berdi, biroq qonun-qoidaga ko‘ra 14 ta ovoz to‘planishi lozim edi. Ikkinchi bor o‘z maqsadlariga yeta olmagan grandlar tinimsiz ravishda APLga bosim o‘tkazishni boshlab yubordi.
Pep Gvardiola:
E’tiboringizga g‘alati statistikani e’tiboringizga havola etaman. Ayni damda, APLda oyoqlarda ortiqcha yuklama sababli jarohat olganlar 47 foizga ortib ketdi. O‘yinlarning ko‘pligi va mavsum oldi mashg‘ulotlarning yaxshi o‘tkazilmaganiligi sababli sog‘liq borasida muammolar paydo bo‘lmoqda. Bu muammodan qochish maqsadida Yevropaning boshqa katta chempionatlari 5 ta o‘zgarishni amalda qoldirishdi. Ular shu yo‘sinda chempionatdagi barcha futbolchilarni himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Umid qilamanki, chempionat rahbarlari albatta bu masalani qayta ko‘rib chiqishadi. Sababi biz pandemiyaga to‘liq moslashishimiz lozim.
«Chelsi» ustozi Frenk Lempard ham tarkibni to‘liq aniqlab olish borasida muammolarga bejiz uchramayapti. Sababi, klubning milliy birinchilikdagi o‘yinlari havas qilgudek darajada emas. Frenk vaziyatga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
“Men Pepning fikrlarini o‘qib chiqdim. Uning so‘zlariga yuz foiz qo‘shilaman. Bu mavsum endi boshqalariga o‘xshamasligi aniq. Endilikda, biz jarohatlarni boshqara olmayapmiz. Shu bois, bu mavsumda jarohat olganlar soni tobora ortib bormoqda. Bu shunchaki boshlanishi bo‘lish ham mumkin. Klublarning 3 ta zaxiraga qaytishi borasida fikrga qo‘shilib bo‘lmadi. Bu juda bahsli qaror. Afsuski, hozir imkonsiz davrni boshimizdan o‘tkazyapmiz. Barcha klublar o‘z futbolchilaridan juda ko‘p narsa talab qilishmoqda. Men o‘z jamoamdagi yigitlarni nazarda tutmayapman. Barcha APL klublari o‘z futbolchilaridan juda ko‘p narsa talab qilishmoqda. Bu esa, jarohatlarning sonini ortib borishiga sabab bo‘ladi. Ularning jarohat olishiga imkon yaratib beryapmiz.”
One Gunnar Sulsher esa, APL klublarini keskin tanqid qilib o‘tishdan cho‘chimadi.
“Men nima uchun ular 5 ta o‘zgarishga qarshi ovoz berishganini tushuna olmayapman. Ahir biz futbolchilarning sog‘lig‘i uchun majbur shaxsmiz! Ular haqida ham bosh qotirishimiz lozim. Bu APL tarixidagi eng og‘ir mavsum bo‘lishini turgan gap. G‘alatisi shundaki, APL klublari nima uchun 5 ta o‘zgarishdan voz kechishdi? Ahir bu qonun nafaqat grandlar, balki barcha uchun foydali bo‘lar edi! O‘z futbolchilari uchun ko‘proq dam olish imkonini bermaslik uchun zolim bo‘lish lozim. Allaqachon jamoalar bu qarorning og‘riqli tomonlarini his etishmoqda. Afsus, men bunga qarshiman!”
Bu qoida barchadan ko‘ra «Liverpul» uchun juda xunuk oqibatlarga olib kelmoqda. Gap shundaki, Yurgen Kloppning deyarli 10 ta futbolchisi bu mavsumda jarohat oldi. Alisson, Matip, Fabinho, Virjil, Trent, Tsimkas, Mane, Keita jarohat olishga majbur bo‘lishdi. Barchasi, tig‘iz taqvim bilan bog‘liq ekanligi aniq. Xo‘sh, bu haqida «Liverpul» ustozi qanday fikrda:
“Gap shundaki, jamoalarga yetakchilar yetishmayapti. Richards Masters bu qarorni o‘rtaga bekorga tashladi. Ayni damda, 5 ta o‘zgarishni amalga oshirish ustunlik emas, bu majburiyat! Barchasi juda xunuk ko‘rinish oldi. Afsuski, Trent endi Angliya terma jamoasida to‘p sura olmaydi. Bu Sautgeyt uchun birinchi va oxirgi to‘sqinlik emas. Agar vaziyat shu tempda davom etsa, hademay Sautgeyt o‘zining asosiy tarkibidan ayriladi.”
Vaziyatga futbolchilarning huquqini himoya qiluvchi xalqaro federasiya (FIFPro) ham aralashishga qaror qildi. O‘tgan haftada ushbu federasiya futbolchilarning sog‘lig‘ini saqlash maqsadida APLga o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqish borasida rasmiy taklif jo‘natdi. Bu haqida federasiya prezidenti Vinsent Guttebarj «The Guardin»nashri uchun intervyu berib o‘tdi.
«Biz barcha yuqori darajadagi musobaqalarda 5 zaxiradan foydalanish taklifini berganmiz. Bu zich taqvim sababli o‘gir yuklamalarga bardosh berayotgan futbolchilar uchun ayni muddao. Ular shu yo‘sinda, sog‘liqni saqlashi lozim. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.»
Tan olish lozim, jarohatlar bu tanganing birinchi tomoni xolos. Bunday zich taqvim sababli o‘yinlarning tempi ham katta zarar ko‘rmoqda. APLning eng markaziy uchrashuvi sanalgan «Liverpul» va «Siti» qarama qarshiligi so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Sababi, o‘sha uchrashuvda jamoalar birinchi bo‘limda 16 bor zarba yo‘llashga bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda bu ko‘rsatgich 1 taga teng bo‘ldi. Jamoalar ikkinchi bo‘limda shunchaki charchab qolishdi.
Uchrashuv yakunlangach, Pep va Klopp o‘rtasidagi suhbatga e’tibor qarating:
«Biz hakamning final hushtagidan so‘ng, Yurgen bilan o‘yin haqida suhbatlashmadik. Biz 5 ta zaxira variantini kuchga kirishi uchun kerak bo‘lsa jang olib borishga tayyor ekanligimiz haqida suhbat qurdik.»
Vaziyat ancha jiddiy bo‘lishiga qaramay, APL klublari yangidan ovoz berish jarayonini o‘tkazish borasida hali yakuniy qarorga kelganicha yo‘q. Shunga qaramay, vaziyat shu voqea sari odimlashmoqda. Jarohatlar ketma-ketligi sababli endi APLning o‘rtamiyona jamoalari ham kurashga qo‘shilishni boshladi. «Vest Hem» ustozi Devid Moyes o‘zining qarori haqida ajoyib izoh berib o‘tdi:
“Men ikki safar ham 3 ta o‘zgarish amalga oshirishga ovoz bergan edim. Men ish bu darajadagi ko‘tariladi deb o‘ylamagan edim. Endi o‘z qarorimni qayta ko‘rib chiqisha tayyorman. Futbolchilarning sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida qarorimni o‘zgartirishga ham tayyorman.