Kataloniyaning «Barselona» jamoasi sobiq direktori Xavyer Bordes Ispaniyaning Marca nashri uchun kattagina intervyu berib o‘tdi. Sobiq direktor ayni damdagi Kataloniya klubining ahvoli va uning amalga oshmay qolgan transferlarni haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Neymarning nima uchun jamoani tark etganiga ham biroz oydinlik kirib o‘tdi.
Mbappening o‘xshamagan transferi haqida
Biz Dembele bilan shartnoma imzolashimizdan avval, menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ular Kilian Mbappeni 100 million yevro evaziga sotib olish mumkinligini aytishdi. Biz ikkilanib qoldik. Sababi, u bilan «Real Madrid» ham shartnoma imzolashi mumkin edi. Men Kilianning agenti sanalgan otasiga qo‘ng‘iroq qildim. U bilan suhbatlashdik. Katta Mbappe o‘g‘li «Real»ga o‘tmasligini aytdi. Bunga sabab sifatida Madrid klubida Ronaldu, Beyl va Benzemaning bor ekanligini qilib ko‘rsatdi. «Monako» ham biz tomonda edi. Ular asosiy raqiblari safini Kilian bilan kuchaytirishni istashmagan edi. Barchasi hal etilgan edi. «Monako» Kilianni 100 million yevro evaziga bizga sotishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Afsuski, direktorlar kengashi Mbappe variantidan Usman Dembele uchun voz kechishdi. Ular o‘z qarorini oddiygina izohlab berishdi. Aytishlaricha, Dembele jamoaviy futbolchi, Mbappe esa, asosan indivudial harakatlarga urg‘u beruvchi hujumchi ekan. Biz hech narsa deya olmadik. Klub xuddi shu summani boshqa bir fransuz yigiti uchun sarf etdi. Afsuski, jamoani tark etgan Neymarning o‘rnini to‘ldirishga qodir futbolchi xarid qilinmadi. Bizning oldingi chizig‘imizdagi muammo esa, hal etilmay qoldi.
Morata?! U «Barselona»ga kelishi mumkin edimi?
Biz Luis Suares bilan raqobat qilishi uchun Alvaro Morataning transferini amalga oshirmoqchi edik. Sababi, Luis deyarli yagona markaziy hujumchi edi. Mening qo‘limda, Alvaro Moratani ijaraga olish imkoni bor edi. O‘z taklifimni jamoa matbuot kotibi va Bartameuning maslahatchilariga ma’lum qildim. Negadir ularga taklifim manzur kelmadi. Buning o‘rniga jamoaga Boateng taklif qilindi. To‘g‘risi, Bartameu o‘z maslahatchilari va klub kotibining so‘zlariga ko‘proq quloq solar edi. Bu safar ham shu ish takrorlandi. Oqibatda, Morataning o‘rniga Prins Boatengni jamoaga olib kelishdi.
Yana kimlar jamoaga kelishi mumkin edi?
Men Moratadan boshqa yana bir nechta futbolchini sotib olish taklifi bilan chiqqanman. Ferran Torres, Dani Olmo va hatto Erling Xolandni ham sotib olish imkonimiz mavjud edi. Men ushbu variantlar ichidan Xolandning Kataloniyaga ko‘chib o‘tishini ko‘proq istaganimni yashirib o‘tirmayman. Norvegiyalik bolakay borasida bergan taklifimni direktorlar kengashi a’zolari o‘ylab ham o‘tirmadi. Bartameu va uning komandasidagilar futbolchi klub g‘oyasiga mos kelmaydi deb hisoblashdi. Vaholanki, aynan markaziy hujumchi taqchilligi ayni damda paydo bo‘ldi. Men Xosepning ko‘proq klub kotibining fikri bilan ish qilishini bilar edim, biroq Erlingni ilib ketish uchun qolganlardan ko‘ra yaxshiroq imkoniyatimiz bor edi. Bundan tashqari, Ferran Torres va Dani Olmolar uchun ham biz asosiy da’vogar edik. Afsus, bu transferlarning birortasini ham amalga oshira olmadik.
Neymar nima uchun ketdi?
To‘g‘risi, bu savol ustida soatlab so‘zlashish mumkin. Jamoaning o‘sha davrdagi ahvoli fantastik darajada edi. Barcha ishlar joyida, trebl, Messining parvozi va boshqa faktorlar evaziga «Barselona» sayyoramizning eng qudratli klubi edi. Neymar esa, negadir jamoadan ketishga qaror qildi. Bu ish sodir bo‘lishi ham Kataloniya klubining o‘yiniga ta’sir ko‘rsatdi desam, adashmagan bo‘laman. Ochig‘i, Neymar bilan uning ketishi oldidan suhbatlashganmiz. U nima uchun bu qarorga kelganini aytgan va men uni to‘g‘ri tushunganman. Aslida, nima uchun Parijga ko‘chib ketgani haqida so‘zlamoqchi emasman. Shunday bo‘lsada, ko‘pchilikning farazini yo‘qqa chiqarishim mumkin. U PSJ taklifini birinchi raqamli futbolchi bo‘lish maqsadida qabul qilmagani haqiqat. Buning ortida aslida nima bor ekanligini uning o‘zi bir kun albatta aytib beradi. Bunga shubham yo‘q.