Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Rashid G‘ofurov: “OCHL bahslarining gashti o‘zgacha”

Rashid G‘ofurov: “OCHL bahslarining gashti o‘zgacha”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, bu yil “Navbahor” PFK rahbariyati tashabbusi bilan “Navbahor”ning farm-klubi tashkil etilib, mazkur jamoa birinchi ligada ishtirok etdi. Ushbu jamoa bosh murabbiyi “Navbahor”ning sobiq taniqli futbolchisi Rashid G‘ofurov.

Biz O‘zbekiston kubogining chorak finalidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi arafasida namanganliklar tarkibida 1998 yili billur sovrinni qo‘lga kiritgan Rashid G‘ofurovdan “Navbahor - farm” jamoasining Birinchi ligadagi ishtiroki, shuningdek, “Navbahor”ning Coca Cola Superligada yakunlangan mavsumdagi qayd etgan natijasi va boshqa mavzular bo‘yicha intervyu oldik.

- Rashid, suhbatimizni Birinchi liganing yakunlangan mavsumdagi o‘yinlari borasidagi fikringiz bilan boshlasak...

- Bu yilgi Birinchi liga o‘yinlari juda yaxshi kechdi. To‘g‘ri, COVID – 19 sababli, yuzaga kelgan pandemiya ham jamoamizning ayrim bahslariga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ko‘plab uchrashuvlarda kutilmagan natijalar qayd etildi. G‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgan o‘yinlarda buning uddasidan chiqa olmadik, aksincha, o‘zimiz ham zafar quchishimizni kutmagan bahslarda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik.

Bunga misol tariqasida o‘z maydonimizda Toshkentning “Lokomotiv - BFK” (Birinchi bosqich, 1-tur, 4:2) va “Paxtakor - farm” (Birinchi bosqich, 12-tur, 2:1) jamoalarini mag‘lubiyatga uchratganimiz yigitlarda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni kuchaytirganligi, jumladan, “Lokomotiv - BFK” bilan bo‘lgan uchrashuvda 0:2 hisobida ortda borayotib, yakunda 4:2 hisobida g‘alaba qozonganligimizni keltira olaman.

Ammo “Lokomotiv - BFK” bilan bo‘lgan safardagi bahsda 2:0 hisobida oldinda borayotib, yakunda 2:2 hisobidagi durangga imzo chekkanimiz (Birinchi bosqich, 8-tur, 2:2), bundan tashqari, aynan ushbu jamoa bilan o‘z maydonimizda o‘tkazilgan keyingi o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganimiz (Ikkinchi bosqich, 1-tur, 1:2) alamli bo‘ldi.

Shuningdek, jamoamiz garchi Birinchi ligada bu yildan ishtirok etgan bo‘lsa-da, bizda o‘z guruhimizda dastlabki uchlikdan o‘rin olib, yuqori oltilikdan joy olish imkoniyati bor edi. Afsuski, ushbu imkoniyatni qo‘ldan boy berdik.

Lekin har holda, dastlabki mavsum uchun jamoamizning natijasi qoniqarli bo‘ldi, menimcha.

- Yakunlangan mavsumda “Navbahor-farm”ning eng esda qolarli va eng alamli o‘yinlari sifatida qaysi uchrashuvlarni qayd eta olasiz?

- Eng esda qolarli o‘yin sifatida Andijonda “Andijon - farm”ga qarshi kechgan bahsni e’tirof etsa bo‘ladi (Birinchi bosqich, 11-tur).

Boisi, o‘sha bahsda ikki marta hisobda ortda borayotib, garchi mehmonda o‘ynagan bo‘lsak-da, yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandik.

Eng alamli o‘yinlar sifatida esa ta’kidlaganimdek, safarda “Lokomotiv - BFK” bilan bo‘lgan o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozona turib, yakunda 2:2 hisobida durangga erishganimiz, shuningdek, Toshkentda “Yashnobod”ga qarshi kechgan bahsda ustunlik to‘liq jamoamiz tarafida bo‘lganligi, ko‘plab hujumlar uyushtirganligimizga qaramay, uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqasida o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborib, yakunda 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan uchrashuvlarni aytish joiz (Birinchi bosqich, 2-tur).

- “Navbahor-farm”ning bu yilgi natijasidan qoniqish hosil qildingizmi?

- Tarkibimizdagi barcha futbolchilar yosh bo‘lishganida, yakunlangan mavsumdagi natijadan qoniqdim, desam bo‘lardi. Chunki ularga biroz tajriba yetishmadi, kelasi mavsumda o‘z tajribalarini orttirishadi, desa bo‘lardi.

Biroq jamoamiz safida oliy liga “havosi”dan nafas olgan yigitlar, shuningdek, ko‘p yillar davomida Birinchi liga jamoalarida to‘p surgan o‘yinchilar bor edi. Mazkur futbolchilar bilan kuchli uchlikdan joy olib, yuqori oltilik bahslarida ishtirok etishimiz lozim edi. Ammo buni amalga oshirish uchun biroz omad yetishmadi. Shuning uchun “Navbahor-farm”ning bu yilgi natijasidan unchalik qoniqish hosil qilmadim va qayd etilgan natijani o‘rtacha deb baholasa bo‘ladi.

O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, farm-klubning asosiy maqsadi asosiy tarkibga mahoratli futbolchilarni yetkazib berish.

Shuningdek, tarkibimizdagi tajribali futbolchilarning ko‘plab o‘yinlarda jamoamizni qiyin vaziyatdan olib chiqib keta olishganligini ham e’tirof etish joiz.

Shunday bo‘lsa-da, kelasi mavsumda jamoani yoshartirish niyatidamiz.

Fursatdan foydalanib, yakunlangan mavsumda farm-klubimizga barcha sharoitlarni yaratib bergan “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, aka-uka Otabek va Oybek Samatovlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Shuningdek, yaqinda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqovning tashabbuslari hamda klub rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan kelasi yili farm-klubimiz va “Navbahor”ning U-21 yoshlar jamoalari uchun sobiq “Sport” mehmonxonasi qarorgoh (baza)ga aylantirilishini eshitib, judayam xursand bo‘ldim.

Chunki barcha shogirdlaringiz doimo oldingizda bo‘lsa, ularning ovqatlanishi, ahvolidan xabardor bo‘lib turasiz. Barchasi bir vaqtda mashg‘ulotlarga chiqsa, ularning jismoniy hamda ruhiy holatlaridan har doim boxabar bo‘lasiz.

Shuningdek, bu futbolchilarga qo‘shimcha motivasiya bag‘ishlaydi va natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Xudo xohlasa, ushbu baza foydalanishga topshirilsa, bu yosh futbolchilar uchun har tomonlama foydali bo‘ladi.

- “Navbahor”ning tajribali himoyachisi Mirzohid G‘ofurov ukangiz. Sobiq futbolchi hamda aka sifatida Mirzohidga o‘z maslahatlaringizni berib turasizmi?

- Albatta, futbolning ichida bo‘lganimdan keyin, Mirzohidga maslahatlar berib, uning kamchiliklarini ta’kidlab turaman. Lekin ko‘pchilik o‘ylaganidek, Mirzohid bilan juda uzoq vaqt davomida shu mavzuda suhbatlashib, maslahatlashmaymiz. O‘zaro suhbatlarda, futbol mavzusiga to‘xtalamiz, xolos.

- “Navbahor”da ko‘p yillar davomida to‘p surgan sobiq futbolchi sifatida jamoaning yakunlangan mavsumda qayd etgan natijasi borasida nima deya olasiz?

- Ochig‘ini aytish kerak, “Navbahor” bu yil jamoaga yaratilgan sharoitlarga yarasha o‘rinni egallay olmadi. Boisi, jamoa tarkib borasida “Paxtakor”ni hisobga olmaganda, qolgan jamoalardan ustun bo‘lsa ustunki, kam emas.

Klub rahbariyati tomonidan yaratilgan sharoitlarga 8-o‘rinni egallash yarashmaydi.

Lekin “Navbahor”da O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish imkoniyati bor va jamoaning ushbu imkoniyatidan foydalanishiga umid qilaman. Bundan tashqari, O‘zbekiston kubogining final o‘yini Namanganda bo‘ladi.

“Navbahor”ning esa mazkur imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, billur sovrin sohibiga aylanishiga tilakdoshman.

Namanganda Osiyo Chempionlar Ligasi (OCHL) o‘yinlari o‘tkazilganiga ham ancha yillar bo‘ldi. Endi muhitni o‘zgartirib, muxlislarni shunday bahslardan bahramand qilish payti keldi.

OCHL bahslarining gashtini shunday o‘yinlarda maydonga tushgan futbolchilargina his eta olishadi. Baribir buning gashti o‘zgacha. “Navbahor” futbolchilariga O‘zbekiston kubogining bo‘lajak bahslarida omad yor bo‘lib, billur sovrinni qo‘lga kiritishlarini tilab qolaman.

- Muxlislarga tilaklaringiz...

- Ishqibozlar baxtimizga hamisha sog‘-salomat bo‘lishsin, jamoalarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab turishsin.

Bizning ma’lumot

Rashid G‘ofurov - 1977 yil, 26 sentyabrda Namangan viloyatining Chortoq shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 7 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

Birinchi murabbiyi: Abdullo Jo‘raboyev.

German Titov nomidagi futbol maktab-internatida tahsil olgan.

Ampluasi: yarim himoyachi.

O‘ynagan jamoalari: “Chilonzor” (Toshkent, 1995 yil), “Navbahor” (Namangan, 1996 - 2005 yilning 1-davrasi), “Mash’al” (Muborak, 2005 yilning 2-davrasi – 2006 yil), “Bunyodkor” (Toshkent, 2007 – 2009 yillar).

2010 – 2015 yillarda “Bunyodkor” akademiyasida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

2016 yili “Navbahor”da bosh murabbiy sifatida ishlagan.

2020 yildan “Navbahor - farm” jamoasi bosh murabbiyi.

Oilali, 4 nafar farzand - 3 o‘g‘il, bir qizning otasi.

Muxlislik qiladigan jamoalari: “Barselona” (Ispaniya), “Manchester Siti” (Angliya).

O‘yinini yoqtiradigan futbolchilari: Lionel Messi, Kevin de Bryuyne.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Kiritildi: 11:58, 12.12.2020.
O'qildi: 2718 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.