Tarkibni yanada kuchaytirishga intilayotgan va seleksiya ishlarini faollik bilan davom ettirayotgan AGMK bugun navbatdagi transferni amalga oshirdi.
O‘tgan yillar mobaynida «Buxoro» sharafini himoya qilgan tezkor chap qanot himoyachisi Ergash Ismoilov olmaliqliklar bilan shartnoma imzoladi. Ajoyib tezlik va yuqori iqtidor egasi endilikda «konchilar» libosida AGMK sha’nini himoya qiladi. Ergash Ismoilov erkin agent sifatida AGMK bilan 1 yillik bitimga imzo chekdi.
Ergash Ismoilov 1995 yili Xorazm viloyatida tavallud topgan.
Futbolchi 2014 yildan e’tiboran «Bunyodkor» jamoasida katta futbolga qadam qo‘ygan. 2016 yilgi mavsumda «Metallurg» sharafini himoya qilgan. 2017-2020 yillarda esa «Buxoro»da barqaror o‘yin ko‘rsatgan iqtidor egasi yangi mavsumdan boshlab AGMK libosini kiyadi. Ergash Ismoilov faoliyati davomida jami 110 uchrashuv o‘tkazgan hamda raqiblar darvozasini 6 marotaba ishg‘ol etgan.
O‘zbekiston chempionatida jami 104 o‘yin va kubokda 6 bellashuv o‘tkazgan.
Ismoilov AGMK bilan shartnoma imzolaganidan benihoyat xursand kayfiyatda AGMKdagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ergash Ismoilov: «AGMK ahil oilasi meni iliq kutmb oldi. Garchi endigina jamoaga qo‘shilgan bo‘lsamda taasssrotlar bir olam. To‘g‘risi, mana 4 yildan buyon «Buxoro»da o‘ynadim va endi o‘zimni kuchli jamoada sinab ko‘rish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. AGMK o‘tgan ikki mavsumdan buyon barqaror va yuqori darajadagi jamoaga aylanmoqda. Qolaversa, AGMKda Mirjalol Qosimov boshqaruvida o‘ynash istagi meni Olmaliqqa chorladi. AGMKni tanlaganidan xursandman. Reja va maqsadlar ulkan. Xudo xohlasa yangi mavsumda yanada kuchliroq o‘ynab, Olmaliq shahriga yangi g‘alabalarni taqdim etishga urinamiz. Agarda yangi jamoamda 28-raqam bo‘sh bo‘lsa, odatdagidek o‘zim uchun sevimli bo‘lgan 28-raqamni tanlashni rejalashtirganman. Mabodo boshqa tomondan ushbu raqam band etilgan bo‘lsa, mayli boshqa raqamni tanlayman. AGMK uchun 2021 yilgi mavsum chiroyli o‘tishiga umidvorman. Superliga, kubok va xalqaro maydonda ko‘zlangan vazifa va maqsadlarga erishamiz, degan umiddaman».