Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Viktor Jalilov: “Maqsadim – Namanganda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish”

Viktor Jalilov: “Maqsadim – Namanganda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, yurtimizning taniqli mutaxassislaridan biri, murabbiylik faoliyatida “Politotdel”, “Navbahor”, “Mash’al” va “Paxtakor” klublarida faoliyat yuritgan, “Navbahor”da 1995 — 2000, 2003 – 2004 hamda 2010 yillarda faoliyat yuritib, jamoa bilan O‘zbekiston chempionligini (1996 yili), bronza medallarini (1995, 1997-1999 yillarda), O‘zbekiston kubogi (1995, 1998 yillarda) va Superkubogini (1999 yili) qo‘lga kiritgan Viktor Romanovich Jalilov 10 yillik tanaffusdan so‘ng, yana sevimli jamoasi “Navbahor”ga qaytdi.

Viktor Jalilov bilan ikki yillik shartnoma imzolandi hamda u oldin ta’kidlaganimizdek, jamoamizda bosh murabbiy No‘’mon Hasanovga maslahatchi – murabbiy sifatida yordam beradigan bo‘ldi.

Biz Viktor Romanovich bilan uchrashib, uni ”Navbahor”ga kim taklif qilganligi, vazifasi nimalardan iborat bo‘lishi va boshqa masalalar bo‘yicha o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollarga javob oldik.

— Viktor Romanovich, avvalo ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng, yana “Navbahor”ga qaytganingiz bilan tabriklayman. Jamoaga kelishingiz qanday yuz berdi, sizni kim klubga taklif qildi?

— Tabrik uchun rahmat. Meni “Navbahor”ga klub vise-prezidenti Otabek Arifovich Samatov taklif etdi. Otabek Arifovich menga “Navbahor”da maslahatchi-murabbiy sifatida ish olib borishim, o‘z tajribalarimni o‘rtoqlashishim, shu bilan birgalikda, klubda va Namangan viloyatida bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yuritishimni ta’kidladi. Uning bu taklifini xursandchilik bilan qabul qildim hamda bundan mamnun bo‘ldim. Boisi, “Navbahor” men uchun begona emas. Ko‘p yillar davomida mazkur jamoada faoliyat yuritib, ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lganman.

Kuni kecha Namangan viloyat hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqovning qabulida bo‘lib, u bilan “Navbahor”ning bu yilgi rejalari borasida samimiy suhbat qurdik. Unga o‘z rejalarimni bayon etdim. Shavkat Shokirjanovich futbolga juda qiziqadigan, millionlar o‘yinini juda yaxshi tushunadigan inson ekan. Shu bois, suhbatimiz ham samimiy ruhda kechdi.

—  Kelgusidagi rejalar qanday?
— Ta’kidlab o‘tganimdek, mening asosiy vazifam hamda maqsadim viloyatda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, iqtidorli futbolchilarni “Navbahor”ning asosiy, shuningdek, mamlakatimizning turli yoshdagi terma jamoalari tarkibidan o‘rin olishlarini ta’minlash.

Buni amalga oshirish maqsadida, uch kundan buyon “Navbahor”ning farm, U-21 yoshlar, U-18 jamoalari, shuningdek, viloyat mahorat maktabi, “Navbahor — Umid” futbol maktabida tahsil olayotgan yosh futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Ko‘rik davomida shunga guvoh bo‘ldimki,  Namanganda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p. Bu esa meni juda quvontirdi. Namangan azaldan iqtidorlilarga boy viloyat.

Faqatgina ushbu futbolchilarning iqtidorlarini to‘g‘ri yo‘naltirib, ularning kelajakda mahoratli futbolchilar bo‘lib yetishishlariga erishish.

Mening vazifam — “Navbahor”ning barcha jamoalari hamda viloyatdagi futbolga ixtisoslashgan hamma maktablarni birlashtirib, ularning ishini uyg‘unlashtirish va xuddi ehrom singari ularning bir-birlari bilan hamkorliklarini kuchaytirishdan iborat. Ayni paytda murabbiylar yosh futbolchilarni shug‘ullantirishyapti. Ammo bu o‘z samarasini berishi lozim.

Murabbiylarning ishi qachon samara beradi? Qachonki, ularning tarbiyalanuvchilari “Navbahor”ning asosiy tarkibidan o‘rin olib, yurtimizning turli termalari jamoalarida to‘p surishsa.

Buni amalga oshirish uchun esa viloyat hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, shuningdek, klub rahbariyati, jumladan, vise-prezident Otabek Samatov bilan har kuni 24 soat davomida izlanyapmiz, ish olib boryapmiz, ushbu masalani hal etyapmiz.

Bu esa o‘z mevasini berishi kerak. Yangi mavsum, shuningdek, kelasi yili “Navbahor”ning asosiy tarkibidan bir qator iqtidorli namanganlik futbolchilar joy olishadi, deb umid qilaman.       

To‘g‘ri, doimo Saydullo Tursunov, Tohir Madrahimov, Zafar Musaboyev va Shuhrat Mirxoldirshoyevga o‘xshagan iste’dodli futbolchilar yetishib chiqaverishmaydi. Biroq buni amalga oshirishga harakat qilish lozim. Shu yo‘nalishda ish olib borishda davom etamiz.

Bundan tashqari, “Navbahor”ning asosiy, shuningdek, farm, U-21 yoshlar, U-18 jamoalari murabbiylariga o‘z vakolatim doirasida o‘z maslahatlarimni berib, tajribalarim bilan o‘rtoqlashib turaman.

— Sizningcha, “Navbahor”ni kuchaytirish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
— Albatta, buni amalga oshiradigan jamoaning o‘z murabbiylari bor va ular hozir shu yo‘nalishda ish olib borishyapti. Jamoani kuchaytirish uchun seleksiya ishlarini yaxshi olib borish lozim. Bu borada maslahat kerak bo‘lsa, men bajonidil bunga tayyorman hamda o‘z tajribalarim o‘rtoqlashaman.

— O‘n yillik tanaffusdan so‘ng, yana qadrdon jamoangizga qaytganingizdan xursand bo‘lsangiz kerak?
— Bo‘lmasam-chi! Ta’kidlaganimdek, “Navbahor” men uchun qadrdon jamoa. Murabbiylikdagi ilk sovrinlarni ham “Navbahor”da qo‘lga kiritganman. Ayni paytda murabbiylar shtabi, klubda faoliyat yuritayotgan ko‘pchilik, shuningdek, muxlislar bilan juda yaxshi tanishman. Yana o‘zim uchun o‘zgacha ahamiyatga ega bo‘lgan “Navbahor”da faoliyat yuritayotganimdan xursandman.

Boshqa jamoalarda faoliyat yuritganimda ham doimo “Navbahor”ning natijalarini kuzatib kelganman. O‘tgan mavsumda jamoaning hamma o‘yinlari televideniya orqali translyasiya qilishdi va ularning barchasini tomosha qildim.     

Ammo bilasizmi, inson o‘tmish bilan emas, kelajak bilan yashashi, oldinga qarab intilishi lozim. Shu bois, kelajakda ham sevimli     jamoamizning yana avvalgi mavqesini tiklab, sovrindorlar safidan joy olishi, o‘z muxlislariga quvonch ulashishiga tilakdoshman.    

Bizning ma’lumot

Viktor Romanovich Jalilov – 1952 yili Namangan viloyatining Chust  shahrida tug‘ilgan.

Toshkentdagi sport internati, Jismoniy tarbiya va sport institutini  tamomlagan.

Futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor” (Toshkent, o‘rinbosarlar, 1970-1974 yillar ), “Tekstilshik” (Namangan, 1975 – 1977 yillar),   “Chust” (1978-1983 yillar)jamoalarida o‘ynagan.  

Murabbiylik faoliyatini 1984 yilda Xalqobodning “Sohibkor” jamoasida boshlagan. 1986 yildan 1992 yilgacha German Titov sport internati (hozirgi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji)da murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, murabbiy sifatida va turli lavozimlarda quyidagi jamoalarda faoliyat yuritgan: “Politotdel” (Toshkent viloyati, 1993 —  1994 yillar), “Navbahor” (Namangan, 1995 – 2000, 2003-2004, 2010 yillar), “Paxtakor” (Toshkent, 2001 – 2002 yillar, 2007-2009,   2012 —  2014yillar), “Mash’al” (Muborak, 2005-2006 yillar), “Dinamo” (Samarqand, 2011 yil), O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi (2015 yil),  O‘zbekiston milliy terma jamoasi (2015-2017 yillar), “Lokomotiv” (Toshkent, 2019 yil).

Oilali, 2 farzandning otasi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 16:15, 09.01.2021.
O'qildi: 3051 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.