Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

JCH-2015 qahramonlari: Ular hozir qayerda?

JCH-2015 qahramonlari: Ular hozir qayerda?

Baho:
+1 | -

2015-yilda Yangi Zelandiya maydonlarida o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘tkazildi. Mazkur kichik mundialda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi ham munosib qatnashib, yakunda kuchli 8 jamoa orasidan joy olgan. “F” guruhida Gonduras, Germaniya va Fiji terma jamoalari bilan joylashgan vakillarimiz, 1-turda Gonduras terma jamoasiga 3:4, 2-turda Germaniyaga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishgan. 3-turda Fiji terma jamoasi ustidan 3:0 hisobida g‘olib bo‘lib, Pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishgan.

Nimchorak finalda vakillarimiz Avstriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida g‘olib chiqishgan. Afsuski, chorak finalda Senegal terma jamoasidan 0:1 hisobida mag‘lubiyat sabab musobaqadan xayrlashishiga to‘g‘ri kelgan.

Biz sizlarga o‘sha paytda terma jamoa safida kimlar o‘ynagani va hozir shu fubolchilar qayerda to‘p tepayotgani haqida ma’lumot beramiz.

Dilshod Hamroyev


1-turdagi Gonduras yoshlariga qarshi o‘yinda Sarvar Karimov darvozani qo‘riqlagan edi. Ammo, uning ko‘p xatolari sabab, 2-turdan murabbiy Dilshod Hamroyevga ishonch bildira boshlaydi. Mundialdan keyin, keyin Hamroyev Toshkentning "Obod" jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Toshkentliklar safida ishonchli harakat qilgan, Dilshod 2019-yildan Namanganning "Navbahor" jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Ammo, "lochinlar" safida o‘z o‘rnini topolmagan. Ikki mavsum davomida Namangan jamoasi safida bor-yo‘g‘i 4 marta maydonga tushgan.

Rustamjon Ashurmatov


Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadigan Rustamjon Jahon Chempionatidan so‘ng 4 mavsum davomida "qaldirg‘ochlar" safida to‘p tepgan himoyachi 121 marta maydonga tushib, 5 bora raqiblar darvozasiga yo‘l topa olgan. 2019-yldan Koreya Key-ligasi jamoasi "Kvanju" a’zosi bo‘ldi. Ikki mavsum davomida kvanjuliklar safida to‘p surdi va hozirda Koreyaning boshqa bir jamoasi "Kangvon" a’zosi hisoblanadi.

Akromjon Komilov


O‘zbekistonning turli xil yosh toifalaridagi terma jamoalari safida o‘ynagan Akromjon Yangi Zelandiyadagi kichik mundialda "Bunyodkor" jamoasi tarkibida to‘p tepardi. Shu jamoa tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va "qaldirg‘ochlar" safida 2018-yilgi mavsum oxirigacha to‘p surdi. 2019-yildan Toshkentning boshqa bir jamoasi "Paxtakor" safiga o‘tdi va hozirda ham munosib to‘p tepmoqda. 2016-yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisoblanadi.

Dostonbek Tursunov


Dostonbek yoshlar terma jamoasi tarkibida Yangi Zelandiyadagi turnirda 4 bora maydonga tushgan. Klublardardagi faoliyati davomida "Neftchi", "Qo‘qon 1912", " Metallurg" kabi jamoalarda o‘ynagan himoyachi 2019-yilda Yaponiyaning 2-ligasining jamoasi "Renofa Yamaguti" safiga ko‘chib o‘tgan. Yaponiyadagi bir yillik mavsum davomida 19 ta o‘yinda maydonga tushdi. 2020-yilgi mavsumdan Koreya Key-ligasi jamoasi "Pusan ay Park" tarkibiga qo‘shilgan. Pusanliklar safida 16 marta o‘yin o‘tkazib, 1 gol muallifiga ham aylandi.

Odiljon Hamrobekov


Qarshining "Nasaf" jamoasi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Hamrobekov yoshlar o‘rtasidagi JCHda 5 marta maydonga tushib, hammasida to‘liq maydonda harakat qilgan. Kichik mundialdagi ajoyib harakatlarida so‘ng "Nasaf"ning asosiy jamoasi tarkibidan o‘rin olgan. Odil 2013-yildan 2018-yil mavsum oxirigacha "ajdarlar" safida to‘p tepdi. U 2019-yildan Toshkentning "Paxtakor" jamoasi safiga ko‘chib o‘tdi va hozirgacha "sherlar"ning maydon markazida ishonchli harakat qilmoqda.

Javohir Sohibov


U-20 terma jamoamiz futbolchilarini mundialdagi barcha uchrashuvlariga sardor sifatida maydonga boshlab tushgan Javohirni o‘sha paytda o‘zbek futbolining kelajakdagi javohiri sifatida qarashardi. Chunki maydonni ko‘ra olishi, shuningdek, undagi yetakchilik qobiliyati borligini sezish mumkin edi. Sohibov "Paxtakor" jamoasida ham o‘z o‘rnini topib borayotgan paytda, jarohat sabab ancha muddat maydonga tusholmadi. Keyinchalik Bekobodning "Metallurg" jamoasiga qo‘shildi, lekin oldingiday o‘yinini topolmay kelayotgan bir paytda Farg‘onaning "Turon" jamoasidan taklif tushdi va futbolchi farg‘onaliklar safiga qo‘shildi. Yaypanliklar 2021-yilgi mavsumdan rasman Superligada qatnashishadi va bunda Javohirning mehnati ham borligini aytib o‘tish kerak.

Mirjamol Qosimov


2015-yilda "Bunyodkor" jamoasi a’zosi hisoblangan Qosimov Yangi Zelandiyadagi mundialda ham jamoaga katta yordam bergan. “F” guruhidan joy olgan vakillarimiz 3-turda Fiji terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida g‘olib bo‘lishgan. Mazkur gollarning bittasiga aynan Qosimov mualliflik qilgan. Mirjamol 2019-yilda toshkentliklar safidan Olmaliqning AGMK jamoasiga o‘tadi va hozirgacha mazkur jamoa safida o‘ynab kelmoqda. 2 mavsum davomida "konchilar" safida 36 marta maydonga tushgan.

Otabek Shukurov


O‘zbekistonning turli xil yosh toifalarida to‘p tepgan Otabek Shukurov okean ortida bo‘lgan kichik mundialda ham munosib ishtirok etgan. Shukurov o‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda to‘liq harakat qilgan. Otabek 2017-yilgacha "Buxoro" va "Bunyodkor" jamoalarida to‘p surgan. 2018-yilda BAAning "Sharja" jamoasiga o‘tdi. 2016-yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.

Zabihillo O‘rinboyev


Zabihillo O‘rinboyev jahon chempionatida yaxshi harakat qilgan o‘yinchilarimizdan biri hisoblanadi. 5 uchrashuvda harakat qilib, 2 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. 1-turda Gonduras terma jamoasi darvozasiga to‘p kiritgan bo‘lsa, ikkinchi golini 3-turda Fiji terma jamoasi darvozasiga urgan. Futbolchilik karmerasi davomida "Bunyodkor", AGMK, "Metallurg" jamoalarida to‘p tepgan. Hozirgi kunda Namanganning "Navbahor" jamoasida to‘p suradi. Turli xil yosh toifasidagi terma jamoalarimizda ham o‘ynab, muvaffaqiyatga erishib kelmoqda.

Eldor Shomurodov


Eldor Shomurodov ham xuddi O‘rinboyevdek barcha uchrashuvlarda maydonga tushgan va Gonduras va Fiji terma jamoalariga bittadan gol urgan. JCHdagi ishonchli o‘yinlaridan keyin "Bunyodkor" asosiy jamoasida o‘ynashni boshlagan. 2017-yildan Rossiyaning "Rostov" jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Rostovliklar safida 3 mavsum davomida harakat qilgandan so‘ng, unga Italiyadan takliflar tushdi va 2020-yilda Genuyaning "Jenoa" jamoasi tarkibiga qo‘shildi. O‘zbekiston terma jamoasi safida ham ajoyib o‘yinlar o‘tkazib kelmoqda.

Dostonbek Hamdamov


Dostonbek Hamdamov JCHda eng sermahsul harakat qilgan o‘yinchilardan biridir. Hamdamov o‘z hisobiga 3 ta gol yozdirib qo‘ygan va shu gollarning ikkitasini pley offda Avstriya terma jamoasi darvozasiga kiritgan. Afsuski, sariq kartochkalarining oshib ketishi sabab, 1/4 finaldagi Mali terma jamoasiga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Balki, tarkibda bo‘lganda, yarim final bosqichiga ham chiqqan bo‘larmidik. Dostonbek klublardagi faoliyati davomida "Bunyodkor", Rossiyaning "Anji", "Paxtakor" jamoalarida to‘p tepgan. Bu mavsumdan esa BAAning "Al Nasr" jamoasi tarkibiga qo‘shildi. Hozirda ijara asosida BAAning "Hatta" to‘p tepmoqda.

Yangi Zelandiyadagi mundialda tarkibimizda yana bir qancha futbolchilarimiz bor edi. Bular Temur Tolipov, Javohir Siddiqov, Abbosjon Otoxonov, Xurshid G‘iyosov va Botirali Ergashov kabi o‘yinchilar ham maydonga tushib, yoshlar terma jamoamizga yordam berishgan.

Jamshidjon Mahmudov.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 11:04, 04.02.2021.
O'qildi: 10795 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.