Krishtianu Ronaldu 2021 yilning 5 fevral sanasida 36 yoshni qarshiladi. Statistika aytib turibdiki, portugaliyalik yillar o‘tishi bilan faqat yaxshilanib bormoqda va rekordlarni yangilashda davom etmoqda. «Yuventus» hujumchisi garchi futbolchi uchun yosh hisoblanmagan sonlarni allaqachon urib qo‘ygan bo‘lsa-da, hali faoliyatini yakunlash haqida o‘ylayotgani yo‘q. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, u Turin klubi bilan amaldagi shartnomasini 2023 yilgacha uzaytirmoqchi. Shunday ekan, u hali sanoqsiz rekordlarni yangilay oladi. Hozir esa aynan ushbu rekordlar haqida fikr yuritiladi. Boisi eskilari juda ko‘p va ular haqida ortiqcha eslashdan ma’ni yo‘q. Buning ustiga bunga vaqt ham kamlik qiladi.
Futbol tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchiga aylanish
Hozirda Dani Alvesh dunyoda eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan futbolchi hisoblanadi (42 ta). Krishtianu ushbu ro‘yxatda 33 ta sovrin bilan atigi to‘qqizinchi pog‘onada joylashgan. Xuddi shuncha sovrin «Barselona» sobiq yarim himoyachisi Xavida ham mavjud. 2021 yil yanvarida portugaliyalik «Yuventus»ga Italiya Superkubogini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Ushbu ro‘yxatda birinchi o‘ringa ko‘tarilish juda qiyin masala, biroq shunga qaramay, bu yerda Messiga yetib olish Ronaldu uchun qo‘shimcha motivasiya bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hozirda argentinalikning hisobida 36 ta sovrin bor.
Chempionlar Ligasida eng ko‘p g‘alaba qozongan futbolchiga aylanish
Chempionlar Ligasidagi g‘alabalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda 6 ta g‘alaba bilan «Real» sobiq hujumchisi Pako Xento turadi. Krishtianuda esa bu ko‘rsatkich beshtaga teng: «Manchester Yunayted» bilan bir bor, to‘rtta marta «Real» safida. Ushbu holatda Xentoga yetib olish va undan oshib ketish haqiqatdan unchalik yiroq emas.
Uchta jamoa safida Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish
Chempionlar Ligasining bosh sovrinini uch xil jamoa bilan qo‘lga kiritish faqat Klarens Zeedorf va Samyuuel Eto’Oga nasib etgan. Zeedorf 1994/1995 yilgi mavsumda «Ayaks», 1997/1998 yillarda «Real», 2002/2003 va 2006/2007 yilgi mavsumlarda esa «Milan» bilan musobaqa bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘targan. Eto’O 1999/2000 yilgi mavsumda «Real», 2005/2006 va 2008/2009 yillarda «Barselona», 2009/2010 yillarda esa «Inter» bilan shunday natijaga erishadi. Ronaldu «Manchester Yunayted» va «Real» tarkibida musobaqada g‘olib chiqqan. Agar portugaliyalik «Yuventus» bilan ham g‘alaba qozonsa, afsonalarga yetib oladi. Ularni ortda qoldirish uchun esa Krish boshqa top-klubga o‘tishi va tarixni qayta yozishi kerak bo‘ladi.
Jahon bo‘yicha terma jamoa tarkibida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanish
Ronaldu hozirda bu ko‘rsatkich bo‘yicha eronlik Ali Daidan yettita golga ortda qolmoqda: 109 ga 102. Katta ehtimol bilan 2021 yilda portugaliyalik jahon rekordini yangilaydi.
Yevropa chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanish
Krishtianu Ronaldu to‘rtta Yevropa chempionatida to‘qqizta gol urgan. Yevro—2004 da ikkita, Yevro—2008 da bitta, 2012 va 2016 yilgi Yevrolarda esa uchtadan gol urgan portugaliyalik hozirda musobaqaning final qismidagi gollar soni bo‘yicha Mishel Platini bilan birinchi o‘rinni baham ko‘rmoqda. Agar Ronaldu kamida bitta gol urishni uddalasa, yakka peshqadamga aylanadi, qoladi.
APL, La Liga va A Seriyada «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritish
Portugaliyalik APLda bir marta, La Ligada esa uch bor musobaqaning eng yaxshi to‘purariga beriladigan sovrinni qo‘lga kiritgan. Ronaldu 2019/2020 yilgi mavsumda A Seriyada ham ushbu sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin edi, ammo so‘nggi pallada Immobile undan ustun keldi. 2020/21 yilgi mavsumda Krishtianuda to‘purar bo‘lish uchun barcha imkoniyat bor, u hozirda Lukakuni bitta to‘p farqi ortda qoldirmoqda. Agar portugaliyalik A Seriyaning eng yaxshi to‘purariga aylanishni uddalasa, APL, La Liga va A Seriyada ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan ilk futbolchiga aylanadi.
Chempionlar Ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylanish
Ayni paytda faoliyatini yakunlagan Iker Kasilyas Chempionlar Ligasidagi o‘yinlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda (177 ta o‘yin). Ronalduning unga yetib olishi uchun hech qancha qolmadi. «Yuventus» forvardining hisobida 174 ta uchrashuv bor. Uning azaliy raqibi Lionel Messida esa bu ko‘rsatkich 147 tani tashkil qiladi.
A Seriyaning bir mavsumida eng ko‘p gol urgan o‘yinchiga aylanish
1928/1929 yilgi mavsumda «Torino» safida Gino Rossetti, 2015/16 yilgi birinchilikda esa Gonsalo Iguain («Napoli»da) 36 tadan gol urgan. Agar «Yuventus»da birinchi va ikkinchi mavsumda portugaliyalik mos ravishda 21 va 31 ta gol urgan bo‘lsa, joriy mavsumda u deyarli har bir o‘yinda yo‘q deganda bittadan gol urib kelmoqda. Ronaldu Italiya chempionatining 16 o‘yinida 15 ta gol urdi. Agar u ketishda davom etsa, rekordni yangilashi yoki takrorlashi hech gap emas.
«Yuventus» tarkibida bir mavsum davomida hammadan ko‘proq gol urish
Yuqoridagi mavzudan uzoqlashmagan holda shuni qo‘shimcha qilish kerakki, «Yuventus» safida bir mavsum davomida eng ko‘p gol urgan futbolchi Ferens Xirzer hisoblanadi. 1925/1926 yilgi mavsumda u Italiya chempionati darvozabonlarini 35 marta ranjitgan.
A Seriyada gol urgan eng yoshi katta futbolchi bo‘lish
Hozirda bu yutuq Zlatan Ibragimovichga tegishli bo‘lib, u joriy mavsumda ham gollar urishdan «uyalayotgani» yo‘q. Ronaldu 2023/2024 yilgi mavsumgacha ushbu yutuqdan oshib keta olmasligi aniq, agar bu mavsum Zlatan uchun oxirgisi bo‘lsa, albatta.