Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

"Manchester Yunayted" Sulsherga yangi shartnoma taklif qilmoqchi. Bu kimlarni hafa qilishi mumkin?

"Manchester Yunayted" Sulsherga yangi shartnoma taklif qilmoqchi. Bu kimlarni hafa qilishi mumkin?

Baho:
+ | -

Yaqinda Angliyaning "Manchester Yunayted" jamoasi jamoa murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher bilan yana shartnomasini uzaytirishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu shartnomani uzaytirishi haqidagi yangilikdan xursand bo‘lganlar ham, xafa bo‘lganlar ham topiladi. Sulsher "mankunianlar" jamoasini 2018 yildan beri boshqarib kelmoqda. Ammo, shuncha muddat o‘tsa-da, klub mutaxasis qo‘l ostida haligacha hech qanday titulni qo‘lga kirita olmadi. Lekin, norvegiyalik murabbiyning natijalaridan Manchester jamoasi unchalik xafa emasdek ko‘rinadi. Bu mavsumda ham Ole-Gunnar boshchiligidagi klub APLda munosib qatnashmoqda, lekin chempionlikdan umid qilmasa ham bo‘ladi. Sababi Premer ligada hamshahari "Manchester Siti"dan 14 ochko ortda qolib, ikkinchi o‘rindan joy olishgan.
Bundan tashqari, ko‘pchilik mutaxasislar Sulsherni "qizil iblislar" va klubning ijrochi direktori Ed Vudvord uchun munosib nomzod deb hisoblashadi. Shu sababdan ham matbuot norvegiyalik mutaxasis va "Manchester Yunayted" o‘rtasidagi yangi bitimga jiddiy e’tibor berishmadi.
Agar, Sulsher jamoada qolsa, "Yunayted" tarkibidagi barcha futbolchilar ham xursand bo‘lishmaydi. Bunga yetarlicha sabablar bor. Hozir esa biz sizlar bilan Ole-Gunnar jamoada qolsa, qaysi futbolchilarni xafa qilishi haqida suhbatlashamiz. Keling, hoziroq buni bilib olamiz...

Jessi LINGARD

"Manchester Yunayted" akademiyasining bitiruvchisi Jessi Lingard "qizil iblislar" safidagi debyut uchrashuvini 2014/15 yilgi mavsumda o‘tkazgan. O‘sha paytdagi jamoa murabbiyi gollandiyalik Lui van Gal edi. Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng, yarim himoyachi Angliyaning boshqa bir jamoasi "Derbi" safida ijara asosida ozroq o‘ynaydi. Ijaradan qaytganidan keyin, Manchester Yunayted" jamoasining muhim futbolchilaridan biriga aylanadi. Biroq, o‘tgan mavsumdan beri Jessi asosiy tarkibda kamroq maydonga tusha boshlaydi. 2020/21 yilgi mavsumda esa, "mankunianlar" safida birorta ham uchrashuvda maydonga tushmadi.
Yanvar oyi oxirrog‘ida "Manchester Yunayted" Lingardni "Vest Xem" jamoasiga mavsum oxirigacha ijaraga berib yuborishdi. Bu kelishuvni Sulsher quyidagicha izohladi: "Lingardning mavsum oxirigacha "Vest Xem" tarkibida ijara asosida to‘p surishi ham futbolchi uchun, ham jamoa uchun muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin". Qolaversa, futbolchiga "bolg‘achilar" safidan Angliya terma jamoasiga ham yana yo‘l ochilishi mumkin. Oxirida esa, Ole-Gunnar haq bo‘lib chiqdi. Lingard haqiqatan ham London jamoasida juda yaxshi o‘ynamoqda. Shuningdek, "uch sherlar"ning oxirgi uch o‘yinida ham maydonga tushdi. Ammo, Sulsher jamoada yana murabbiy sifatida qoladigan bo‘lsa, Lingard yozda "qizil iblislar" safiga qaytishni xohlamasa kerak. Shubhasiz, norvegiyalik uchun eng ideal variant Bruno Fernandesh hisoblanadi. Shuning uchun ham, Jessi portugaliyalik futbolchi bilan raqobatlasha olmasa kerak. Shu sababli, bu vaziyatni hal qilish uchun boshqa variantlar qidirib ko‘rish kerak: yo Sulsher ketadi, yoki Lingardning maydondagi pozisiyasini o‘zgartirish kerak, yo Jessining o‘zi transferlar oynasi vaqtida jamoadan ketishini talab qilishi mumkin. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Antoni MARSYAL

2015 yilning sentyabr oyida Manchester klubi "Monako"ga 60 million yevro to‘lab Marsyalni sotib olgandi. Futbolchi Sulsher qo‘l ostidagi jamoa tarkibida muntazam ravishda maydonga tushib kelmoqda. Ammo, bu mavsumda norvegiyalik mutaxasis Antonining o‘yin sifati va goleadorlik qobilyatini yo‘qotib qo‘yganligi sababli, unga aytadigan gaplari ko‘payib qolgan. Fransuz futbolchisi o‘tgan mavsum davomida o‘z hisobiga 17ta gol yozdirib qo‘ygan edi, ammo bu yil uning omadi kelmayapti. Futbolchi hozirgacha, "mankunianlar" safida APL doirasidagi 22 uchrashuvda maydonga tushib, 4 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishni uddaladi. Bunday raqamlar Ole-Gunnarni qanoatlatirmasligi aniq. Shu sababli ham futbolchi va murabbiyning munosabatlari hozirda yaxshi emas.

So‘nggi paytlarda ingliz ommaviy axborot vositalarida Sulsher klub rahbariyatidan fransiyalik futbolchining o‘rniga, boshqa biror-bir futbolchini sotib olish haqidagi iltimosi tarqaldi. "Manchester Yunayted" ham Marsyal bilan xayrlashishga qarshi emas. Xususan, norvegiyalik murabbiy Dortmundning "Borussiya" jamoasidagi vatandoshi Erling Xolandni "qizil iblislar" safiga olib kelmoqchi. Ammo, Antoni Marsyal jamoadan ketishni xohlamayapti. Agarda, "Manchester Yunayted"ni tark etgan taqdirda ham, bunga faqatgina Sulsher sabab bo‘lishi mumkin.

Erik BAYI

Erik Bayining 2016 yil yozida "Manchester Yunayted"ga kelishi Joze Mourinyoning istagi edi. Markaziy himoyachi, ayniqsa birinchi mavsumda klub tarkibida deyarli barcha uchrashuvda maydonga tushdi va jamoaga muntazam ravishda yordam berib keldi. Keyinchalik esa, kod'ivuarlik futbolchi jarohatlar bilan bog‘liq muammoga o‘ralashib qoldi. Darhaqiqat, Erik so‘nggi yillarda "Manchester Yunayted" kasalxonasida mashg‘ulot maydoniga qaraganda ancha ko‘p vaqt o‘tkazdi.
Tez-tez orttirib olingan jarohatlar va jismoniy holatdagi muammolar Ole-Gunnar tomonidan bildirilgan ishonchni yo‘qotishga olib keldi. Endi norvegiyalik mutaxasis Garri Maguayr va Viktor Lindyolof juftligidan tashkil topgan himoya markaziga ishonch bildirmoqda. Afrikalik futbolchining "MYU" bilan shartnomasi 2022 yil yozigacha amal qiladi. Shuning uchun ham OAVda Erikni kelayotgan yozda sotib yuborishi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Agar, futbolchi klubda qoladigan bo‘lsa, keyingi yil jamoani erkin agent maqomida tark etishga to‘g‘ri keladi. Ammo, futbolchi jamoada qolishidan foyda yo‘qdek ko‘rinmoqda. Chunki, Ole-Gunnar Sulsher boshchiligidagi murabbiylar shtabi ivuarlik futbolchini asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rmayapti. Shuning uchun, klubda yo futbolchi, yoki norvegiyalik mutaxasis qolishiga to‘g‘ri keladi.

Donni VAN DE BEK

Donni van de Bekning transferi, aslida, "MYU" uchun ushbu mavsumdagi transferlar bozoridagi eng yomon xarid bo‘ldi. "Qizil iblislar" rahbariyati tarkibni kuchaytirish masalasida sifatsiz ishlagani uchun ko‘p tanqid qilinmoqda, ammo van de Bek masalasida bitimni imzolashda to‘liq xatoga yo‘l qo‘yishdi. Chunki o‘tgan vaqt davomida shu narsa aniq bo‘ldiki, ushbu futbolchi Sulsher qo‘l ostidagi jamoaga kerak emas edi. Aslini olib qaraganda, "Manchester Yunayted" tarkibida gollandiyalik futbolchining pozisiyasida o‘ynaydigan futbolchilar yetarlicha topiladi. Aytishlaricha, bu tarnsfer klub sport direktori Jon Murto tomonidan qabul qilingan qarordan keyin amalga oshgan.
Sulsher shu paytgacha van de Bekka Premer liga o‘zini ko‘rsatish uchun juda kam imkon bermoqda. Gollandiyalik futbolchi maydonga tushgan taqdirda ham, yo o‘yin masalasi hal bo‘lgan, yoki saviyasida biroz pastroq jamoaga qarshi uchrashuv bo‘ladi. Donni hozirgacha, "Manchester Yunayted" safida APL doirasidagi 14 uchrashuvda maydonga tushib, bor yo‘g‘i 1 marta gol urishga erishgan. Bu esa iqtidorli Van de Bek darajasidagi natija hisoblanmaydi. Ammo futbolchida qancha qobiliyat bo‘lmasin, bari-bir ishonch bildirmayapti. Shuning uchun ham, jamoada qolish, yo qolmasligi hali aniq emas. Donnining Manchester klubi bilan shartnomasi 2024 yil yozigacha amal qiladi, ammo endi mutaxassislar tobora ko‘proq gollandiyalik futbolchi keyingi transfer oynasida sotib yuborishni o‘ylamoqda.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 23:29, 05.04.2021.
O'qildi: 7593 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.