Dunyo futboli tarixida shunday futbolchilar borki, o‘z davrining eng yaxshilaridan bo‘lgan. O‘zi o‘ynagan jamoasi sovrinlar yutishiga yordam bergan, lekin birgina Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish unga armonligicha qolgan. Hozir esa mazkur chempionatda umuman g‘olib bo‘lmagan futbolchilar haqida biroz suhbatlashamiz.
10. Aleksis Sanches
Chililik ajoyib futbol ustasi, lekin uning Chempionlar ligasida «ketmoni uchmagan»ini aytib o‘tish kerak. 2015 yilda «Barselona» jamoasi mazkur kubokni ko‘tarishidan bir yil oldin, u Kataloniyadagi faoliyatini yakunlab Angliyaning «Arsenal» jamoasiga ko‘chib o‘tgandi. «To‘pchilar» safida 2018 yilgacha o‘ynagan futbolchi, keyinchalik «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tgan, lekin bu sovringa ega chiqish nasib qilmagan. Joriy mavsum ham Italiyaning «Inter» jamoasi bilan mazkur musobaqada qatnashgan chililik uchun omadsiz bo‘ldi, chunki «Inter» bu mavsumda guruh bosqichidan nariga o‘tolmadi. Balki, keyingi mavsumda omadi kelar.
9. Sesk Fabregas
Sesk Fabregas «Barselona»ga qaytgach, Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishiga ishonaman deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. 2006 yilgi finalda o‘zining «Arsenal» jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan kataloniyaliklar 2009 va 2011 yillarda yana Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritishdi, 2011 yil yozida Fabregas o‘zining bolalik klubiga qaytdi. Biroq, «Kamp Nou»dagi uch mavsumida «Barselona» ikkita yarim final va chorak finalda mag‘lubiyatga uchradi. Fabregas 2014 yil yozida Londonga qaytib keldi, shundan so‘ng «Barselona» zudlik bilan yana Chempionlar Ligasini yutdi. U «Chelsi» jamoasida to‘p surganida ham qit’ada g‘alaba qozona olmadi va hozirda «Monako» safida to‘p tepayotganini hisobga olsak, Seskda ham YECHL sovrini armon bo‘lish ehtimoli juda yuqori.
8. Jorjino Kyellini
2005 yilda chempionlar ligasida sovrin yutishni istab «Yuventus» jamoasiga o‘tgan Jorjino hozirgacha turinliklar safida o‘ynamoqda. Kyellini 2011 yildan to hozirgacha «Yuventus» bilan Italiyada chempionlikni hech qaysi jamoaga bermayapti. Shu bilan birga uch marta italiya kubogi va to‘rt marta Italiya superkubogiga ega chiqqan futbolchi uchun «shalpangquloq» kubokni yutish nasib qilmagan. Italiyalik «Yuve»ga o‘tganidan beri ikkita finalda ishtirok etdi, ammo italiyaliklarni «Barselona» (2015 yilda 3:1) va «Real» (2017 yilda 4:1) mag‘lubiyatga uchratgan. 2018 yilda Chempionlar ligasini 5 marta yutgan futbolchi Krishtianu Ronalduni ham Turinga olib kelishdi, lekin bu futbolchi bilan ham Kyelliniga kubokni boshi uzra ko‘tarish nasib qilmayapti. Joriy mavsumda ham «Yuventus» va Jorjinoga YECHL omadsiz yakunlandi. Turinliklar 1.8 finalda «Portu»ga imkoniyatni boy berib, musobaqani erta tark etdi.
7. Fabio Kannavaro
Italiyaning barcha vaqtlardagi buyuklaridan biri bo‘lgan Kannavaro 2006 yilgi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi va 138 ta xalqaro o‘yinlarda to‘p surdi va bu ro‘yxatdagi boshqa futbolchidan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. 1990 yillarning oxirlarida, Yevropadagi ancha kuchli o‘ynaydigan «Parma»da, keyinchalik esa «Inter», «Yuventus» va «Real»da o‘ynashiga qaramay, Jahon chempionining medallari kolleksiyasi katorida Chempionlar Ligasi kubogi yetishmayapti.
6. Roberto Badjo
Shuncha iqtidorga ega bo‘lgan Badjoning faoliyati davomida atigi to‘rtta asosiy sovrinni qo‘lga kiritgani biroz ajablanarli: «Yuventus» va «Milan» bilan A Seriya, shuningdek, UYEFA kubogi va Italiya Kubogi chempionligi sovrini bilangina maqtana oladi. Faoliyatida “Vichensa”, “Bolonya”, “Inter” va “Breshiya” kabi jamoalar safida to‘p tepgan italiyalik futbolchi, 1996/97 yillarda «Milan» safida Chempionlar Ligasidagi debyutini o‘tkazdi va ikki yildan so‘ng chorak finalgacha chiqqan. Ammo keyinchalik ishlari yurishmagan.
5. Franchesko Totti
Bolaligidan bitta jamoani sevgan va futbolchilik davrida bitta klubda o‘ynagan, Totti «Roma»da debyutini 1993 yil mart oyida o‘tkazgan. 2014 yil oktabr oyida u 38 yoshu 59 kunligida Moskvaning SSKA jamoasiga qarshi bahs olib borganida, Chempionlar Ligasi tarixidagi eng keksa gol muallifiga aylandi. Jahon chempioni g‘olibi 2001/02 yilgi musobaqada debyut qilgan, ammo 2006/07 yilgi mavsumda «Roma» chorak finalda «Manchester Yunayted» tomonidan umumiy hisobda 8:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratilgan. Keyingi yili «bo‘rilar» yana chorak finalga chiqishdi, ammo Totti hech qachon Chempionlar Ligasining ushbu bosqichidan nariga o‘tib keta olmadi.
4. Dennis Bergkamp
Bergkampning «Arsenal»dagi so‘nggi o‘yini 2006 yilgi Chempionlar Ligasi finali edi, o‘shanda niderlandiyalik futbolchi «kanonirlar»ning «Barselona»dan mag‘lub bo‘lishida foydalanilmagan zaxira o‘yinchisi bo‘lgan. Shuningdek, u «Arsenal» tarkibida 2003/04 yillarda «Chelsi» ustidan London derbisida umumiy hisobda 3:2 hisobida g‘olib chiqqanida, YECHLning eng kuchli sakkiztalik jamoalari orasiga kirgan. Ushbu bosqichga qadar Bergkamp Yevropa sahnasida «Ayaks»da ham, «Inter»da ham bundan yuqoriroq o‘rinlarga chiqish nasib qilmagan.
3. Ronaldo
Braziliyalik Ronaldo ikki marotaba «Oltin to‘p»ni va uch marta FIFAning «Yilning eng yaxshi o‘yinchisi» sovrinini qo‘lga kiritgan, ammo unga Chempionlar ligasi oltin medallari armon bo‘lgan. U «Real»ga 2002 yilda, to‘qqizinchi YECHL kubogini qo‘lga kiritgandan bir necha oy o‘tib kelgan edi. Shundan so‘ng Yevropa maydonlari Madrid jamoasiga omadsiz kelgan. «So‘yloq» 2003 yilda g‘oliblikka juda yaqin keladi, ammo yarim finalda ularning yurishiga nuqta qo‘yiladi
2. Janlujji Buffon
Dunyoda ajoyib darvozabonlar ko‘p. Janlujji Buffon eng zo‘rlardan biri. Buffon 2003 yil UYEFA Chempionlar Ligasida yilning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritgan, ammo uning «Yuventus» jamoasi finalda italiyalik raqibi «Milan»ga penaltilar seriyasida yutqazgan. Shundan so‘ng Turin jamoasi uchun omadsizliklar boshlangan, jamoa «B seriya»ga tushurib yuboriladi. Keyinchalik Buffonga boshqa jamoadan ko‘p takliflar tushgan, ammo mahoratli darvozabon jamoasiga sodiq qolgan va hozirgacha «Yuventus» safida to‘p tepib kelmoqda. Andre Pirlo murabbiyligi ostidagi «keksa sinyora» bu yilgi Yevropa Chempionlar Ligasida ham omadsiz ishtirok etdi, ammo mish-mishlarga qaraganda Janlujji yana bir mavsum turinliklar safida qolishi mumkin. Ehtimol Buffonning omadi yangi mavsumda kelar. Kuzatamiz.
1. Zlatan Ibragimovich
So‘nggi mavsumlarda Zlatan Ibragimovich har yili chempionlar ligasida qatnashmoqda (seriya nihoyat bu yil nihoyasiga yetdi), ammo u qit’aning eng yaxshi klublar chempionati oltin medallarini olish uchun har doim harakat qilib kelgan. Uning 2009 yilda «Inter»dan «Barselona»ga o‘tishi bularning barchasini o‘zgartirishi kerak edi, ammo o‘sha mavsumda u tark etgan jamoa - «Inter»ning bu mavsumda yevrokuboklarda omadi keladi va shvesiyalikning omadi kelmadi. Keyinchalik ham ko‘pgina nomdor jamoalarda to‘p surdi, lekin bu musobaqada hech omadi kelmagan. Hozirda Italiyaning «Milan» jamoasida to‘p tepmoqda va hozirda klub Italiya A seriyasida 2-o‘rinda ketmoqda. Balki, keying mavsumda ham bu futbolchini YECHL musobaqasida ko‘rarmiz.
Eslatib o‘tamiz: Zlatan hozirda 40 yoshda va haligacha ajoyib formada maydonda harakat qilmoqda.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.