Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Tokioga borasizmi yoxud Olimpiadaga borishi mumkin bo‘lgan nomdor yulduzlar haqida...

Tokioga borasizmi yoxud Olimpiadaga borishi mumkin bo‘lgan nomdor yulduzlar haqida...

Baho:
+ | -

Tobora yaqinlashib kelayotgan Yozgi Olimpiada o‘yinlari startiga 4 oydan kamroq vaqt qoldi. Sport bayramining erkaklar futboli turnirida 23 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilardan tuzilgan 16 jamoa nufuzli sovrin uchun kurashadi. Jamoalar o‘z tarkiblariga 3 nafar yoshi cheklanmagan futbolchini jalb etish huquqiga egalar. Xo‘sh, musobaqada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lish futbol olamining qaysi yulduzlariga nasib etadi?

Meksikada nihoyasiga yetgan so‘nggi saralash turniridan keyin Tokio Olimpiadasining barcha ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi. Jumladan, Yevropa sharafini Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Ruminiya terma jamoalari himoya qiladilar. Qit’amiz nomidan Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va musobaqa mezboni - Yaponiya qatnashadi. Shuningdek, Amerika qit’asidan Braziliya, Argentina, Meksika va Gonduras, Afrikadan Misr, Kot-d“Ivuar hamda JAR, Okeaniyaning yagona vakili bo‘lmish Yangi Zelandiya terma jamoalariga nufuzli yo‘llanma nasib etdi.

An’anaga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarida yoshlar terma jamoalari qatnashadi. Shu bois, barcha ishtirokchilar imtiyozdan unumli foydalanib, tarkibga 3 nafar tajribali o‘yinchilarni jalb etadilar. 2016 yilda Braziliya tarkibida maydonga tushgan Neymar, undan 4 yil avvalroq Urugvayga yordam bergan Luis Suareslar buning yaqqol misoli. Endi Tokioga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan nomdor yulduzlar mavzusiga o‘tamiz.

MUHAMMAD SALOH (Misr)

Olimpiada o‘yinlari «Liverpul» hujumchisi uchun yangilik emas. U 2012 yilda Londonga «Bazel»ning 20 yoshli misrlik vakili sifatida kelgandi. Guruh bosqichining har bir uchrashuvida gol urgan hujumchi jamoasining 28 yillik tanaffusdan ke­yin chorak finalga chiqishiga ulkan hissa qo‘shdi. Biroq Misr Yaponiyaga imkoniyatni boy berib (0:3), keyingi bosqichga o‘ta olmadi.

9 yildan keyin Salohni yana Olimpiya terma jamoasi kutmoqda. Bosh murabbiy Shavqi G‘aribning aytishicha, u Muhammadni bir necha bor jamoaga taklif etgan, hujumchi hozircha taklifni rad etmadi. Demak, Yaponiyaga tashrif buyurish ishtiyoqi yo‘q emas. Misrliklar o‘z tarixlarida ilk bora g‘oliblik uchun kurashish niyatidalar. Bu borada Yevropaning eng yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan Muhammad Salohning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri, buning uchun Tokio turniri paytida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan «Liverpul»ning roziligini olish talab etiladi.

SON XYUN MIN (Janubiy Koreya)

APLning bu vakilini ham muxlislar Olimpiada o‘yinlarida ko‘rish umididalar. «Tottenxem»dagi qit’adoshimiz barcha musobaqalarda vatani sharafini himoya qilishga odatlangan. U JCH va Osiyo kubogi, Osiyo o‘yinlarida, Rio-de-Janeyro Olimpiadasida maydonga tushgan. Uning ko‘magi bilan koreyaliklar oxirgi Olimpiya o‘yinlarida chorak finalgacha yetib borishgandi.

Sonning terma jamoalardagi muntazam ishtiroki sabablaridan biri shuki, u harbiy xizmat majburiyatini ado etishni istamagan va o‘ziga o‘xshagan professional futbolchilar qatori vataniga medal keltirish majburiyatini olgandi. 2018 yildagi Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqish orqali va’dani bajardi.

NEYMAR (Braziliya)

Bu hujumchi 2016 yilda Rio Olimpiadasi finalida g‘oliblikni naqd qilgan penaltini amalga oshirish va Braziliyaga dastlabki Olimpiada chempionligini hadya etish bilan millat qahramoniga aylandi. Neymar 4 yil avvalgi turnirda ham qatnashgan va Londondan kumush medal sohibi sifatida qaytgandi.

O‘tgan yili braziliyaliklar Neymarning navbatdagi ishtiroki xususida «PSJ» bilan muzokara o‘tkazishgandi. Biroq turnir pandemiya tufayli bir yilga kechiktirildi. Endi hujumchining qatnashishi qiyinlashib qoldi - mavsum yakunida Amerika kubogi startga chiqadi, milliy terma jamoa ham uning ko‘magidan umidvor. Ammo bu o‘lkada yuksak saviya sohiblari yetarli. Agar Neymar taklifni rad etsa, Yaponiyaga boshqa vatandoshi yo‘l oladi.

ANTUAN GRIZMANN

(Fransiya)

Iqtidorli hujumchi 2018 yilda Olimpiya terma jamoasida vatan sharafini himoya qilish istagini bildirgandi. O‘shanda u 2024 yilda Parij mezbonligida o‘tadigan turnirni nazarda tutgandi. Biroq fransiyaliklar Olimpiya o‘yinlari saralashidan muvaffaqiyatli o‘tib, Tokio yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Shu tariqa Antuanda shu yilning o‘zida qatnashish imkoniyati yuzaga keldi. Undan foydalanishga xuddi Neymar kabi Grizmannga ham taqvim tig‘izligi xalal berishi mumkin. Boisi, milliy terma jamoa bo‘lajak Yevro ishtirokchisi, Antuan saviyasidagi futbolchilar uchun qit’a chempionati muhimroq. Agarda Grizmann Yaponiyani afzal ko‘rib, «Barselona» bunga qarshilik qilmasa, u nafaqat o‘z termasi, balki Olimpiya turnirining yorqin yulduzlaridan biriga aylanishi mumkin.

Boshqa bir fransuz - Kilian Mbappe esa o‘zi xohlagan taqdirda ham Olimpiada bellashuvlaridan chetda qolishi mumkin. Avvalroq, «PSJ» hujumchisi Yaponiyada vatani sharafini himoya qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Lekin endi buning iloji yo‘qligi xususida o‘z federasiyasini ogohlantirdi. Chunki yozda Kilianning «PSJ» bilan shartnomasi nihoyasiga yetadi. Shu bois, ta’tilni Olimpiya o‘yinlariga emas, o‘z kelajagini belgilashga sarflashi muhimroq.

SERXIO RAMOS (Ispaniya)

Nemislardan farqli ravishda, ispanlar yetakchi o‘yinchilarni Olimpiada bellashuvlaridan mahrum etmoqchi emaslar. Bundan bir yil muqaddam yoshlar terma jamoasi ustozi Luis de la Fuente dastlabki ro‘yxatdan 300dan ortiq o‘yinchilar joy olganligini bayon etgandi. Asosiy nomzodlar orasida Serxio Ramosga alohida o‘rin berilgan. AS nashri xabariga ko‘ra, taniqli himoyachining «qizil furiya»dagi xizmatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida, unga Olimpiya terma jamoasi sardorligini topshirmoqchilar. Jahon va Yevropa chempioni unvonlari sohibi 2019 yilda Olimpiadada ishtirok etish orzusini tasdiqlagandi. Agar orzu ro‘yobga chiqsa, 35 yoshli himoyachi Olimpiya o‘yinlari tarixidagi eng keksa futbolchilardan biriga aylanadi.

MATS XUMMELS  (Germaniya)

2020 yil boshida mamlakat Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Shtefan Kuns Tokioga borishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar ro‘yxatini taqdim etgandi. Unda muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Tomas Myuller va Mats Xummelslar zikr etilgandi. Ammo Olimpiadadagi ishtirok Yevroni o‘tkazib yuborishni taqozo etardi. Boisi, Germaniya futbol ittifoqi bir o‘yinchining 2ta turnirda qatnashuviga izn berish niyatida emasdi.

Bir yildan so‘ng Myullerning olimpiyachilar ro‘yxatidan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Nemis OAV xabarlariga ko‘ra, Bundesmannshaft bosh murabbiyi Yoaxim Lyov YECHL turnirining so‘nggi g‘olibini o‘z jamoasiga jalb etish niyatida ekan. Shunday bo‘lsa, Tomas Tokioga bora olmaydi. Lekin Xummels hamon nomzod maqomida turibdi, uning ulkan tajribasi Olimpiya bahslarida yosh jamoaga asqotishi aniq.

X.YUSUPOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:00, 22.04.2021.
O'qildi: 3702 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.