O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” o‘z maydonida Toshkentning “Oq-tepa” klubini qabul qiladi.
Muxlislar mazkur jamoa haqida kam ma’lumotga ega bo‘lishgani bois, raqib borasida batafsil to‘xtalib o‘tishni ma’qul deb topdik.
“Oq-tepa” 2000 yili G‘anisher Shog‘ulomov tomonidan tashkil etilgan.
2000-2005 yillari jamoa Rustam Hamdamov murabbiyligida O‘zbekiston chempionati 2-ligasida ishtirok etib, 2005 yilda birinchi ligaga o‘tish turnirida g‘olib chiqib, Birinchi liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
2006-2008 yillarda Birinchi ligada qatnashgan “Oq-tepa” 2009 yilda ayrim sabablarga ko‘ra, ushbu ligada ishtirok etolmadi.
Jamoa 2010 yildan yana Birinchi ligaga qaytdi. Shundan so‘ng, muntazam ravishda mazkur ligada ishtirok etgan toshkentliklar Pro-liga tashkil etilgach, mazkur ligada qatnashishmoqda.
“Oq-tepa”da Furqat Esonboyev, Eldor Sakayev, Nizom Nortojiyev, Aleksandr Mochinov, Aleksandr Yejov, Vohid Xolboyev va Aleksandr Tokov singari murabbiylar faoliyat yuritishgan.