Kirish Ro'yxatdan o'tish

Husayn Norchayev: «Joriy yil to‘purar bo‘lmoqchiman»

Husayn Norchayev: «Joriy yil to‘purar bo‘lmoqchiman»

Baho:
+ | -

Qarshining «Nasaf» klubi har yili yetakchilaridan ayrilsada, o‘zi ishtirok etadigan turnirlarda kuchli klublarga munosib raqobat ko‘rsata olyapti. Bunga albatta, yildan-yilga klub akademiyasidan yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlar o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Ana shunday yangi nomlardan biri - Husayn Norchayevdir. Biz mazkur futbolchining o‘yinlarini mavsum boshidan buyon diqqat bilan kuzatib kelayotgandik va Superliga 6-turi doirasidagi «Surxon»ga qarshi bahsdan so‘ng u bilan suhbatlashishga jazm etdik.

- Jamoangiz «Surxon»ga qarshi uchrashuvda joriy yil Superligadagi eng yirik hisobni qayd etdi. Dastlab shu o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Mazkur uchrashuv biz uchun nihoyatda ahamiyatli edi. Chunki chempionat boshida ma’lum ochkolarni boy berdik va ana shu yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirishimiz lozim edi. Xudoga shukr, chiroyli g‘alabaga erishdik.

- Joriy yil «Nasaf» ajo-yib sermahsullik namoyish etmoqda. Bu jamoadagi yoshlarning o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqi, hissiyotlari tufayli bo‘lsa kerak?

- To‘g‘ri, yirik hisob qayd etilishi yoshlarning ishtiyoqi tufayli desa ham bo‘ladi, lekin murabbiyimizning ham hissasi katta deb o‘ylayman.

- Yurtimizning ko‘plab ish­qibozlari Husayn Norchayevni joriy yilgi o‘yinlari orqali tanishdi. Shu o‘rinda o‘zingiz haqingizda kengroq ma’lumot bersangiz.

- Bolaligimdan futbolga bo‘lgan qiziqishim tufayli dadam bilan 2011 yilda «Nasaf» futbol maktabiga kelganman va ko‘rikdan muvafaqqiyatli o‘tib, akademiyaga qabul qilinganman. U yerda futbol sir-asrorlarini Dadajon Tog‘ayevdan o‘rgandim.

- Ko‘z tegmasin, joriy yil yaxshi statistika qayd etyapsiz. Superliga to‘purarligi uchun raqobatga tayyormisiz?

- Albatta, ha. Mavsum muvaffaqiyatli boshlandi. Bu yil o‘zimning ham niyatim to‘purar bo‘lish va jamoaga yordam berish.

- Joriy yil Superliga to‘purarlari ro‘yxatida yangi nomlar ko‘zga tashlanmoqda. Ayting-chi, qaysi hujumchi sizda yaxshi taassurot qoldirmoqda?

- Shohruz Norxonov. U kuchli hujumchi va buni deyarli har bir o‘yinda namoyish etmoqda. Uning to‘purarlar ro‘yxatini boshqarayotgani bejiz emas, salohiyati yuqori. Lekin Norxonovni yangi nom deyish noto‘g‘ri bo‘lardi.

- «Nasaf» ma’lum tanaffusdan so‘ng yana xalqaro maydonga qaytmoqda. OFK kubogi turniri oldidan hissiyotlar qanday?

- Xalqaro turnirlarda ishtirok etish hamisha yaxshi va bundan xursandmiz, albatta.Biz joriy mavsum uchta musobaqada qatnashamiz. Maqsadimiz - ularning barchasida munosib to‘p surib, muxlislarimizni xursand qilish.

- «Nasaf» legioneri Stanoyevich borasida fikringiz qanday? Undan yangi Cheran chiqadimi?

- Stanoyevich juda tajribali futbolchi. Undan yangi Cheran chiqadimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, Marko jamoamizga katta yordam bermoqda.

- OFK kubogidagi raqiblar haqidagi fikringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz. Guruhda «Nasaf» yaqqol favoritdek ko‘rinmoqda...

- Raqiblarimizda chempionat bahslari boshlanganiga unchalik ko‘p bo‘lmadi. Shu bois, raqiblarni jiddiy o‘rganishni endi boshlaymiz.

- «Nasaf» har yili yetakchilarini yo‘qotib, moliyaviy muammolar ta’sirida qolsa ham, hamisha yuqori o‘rinlar uchun kurashaveradi. Buni yagona sababi Berdiyevmi?

- Eng katta sabablardan biri, albatta, Ro‘ziqul aka! Bu insonning «Nasaf» ravnaqi uchun qilayotgan mehnatlari yuksak e’tirofga sazovor. Ha, jamoamizni har yili ayrim yetakchilar tark etishadi, ammo bundan klub yutqazmaydi. Masalan, bizda hozir ham kuchli raqobat mavjud, yaxshi saviyadagi 25 nafar futbolchi bor.

Xurshidbek Yusupov suhbatlashdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:00, 02.05.2021.
O'qildi: 3605 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.