Fransiya chempionati yakunlanishiga 2 tur qoldi. 36-turdan keyin “Lill” so‘nggi yillar chempioni bo‘lgan PSJni 3 ochkoga ortda qoliryapti. Bu yarim chempionlik degani. Oxirgi ikki bahs o‘rtamiyonalarga qarshi ekanini hisobga olsak, Fransiyada chempion o‘zgaradiganga o‘xshab turibdi. Bo‘lajak (ehtimoliy) chempionlar safida uch nafar turkiyalik futbolchi bor – Mehmet Zeki Chelik, Yufus Yaziji va Burak Yilmaz. Men ularning har uchchalasiga qisqacha to‘xtalib o‘tishni maqsad qildim. Dastlab Burak Yilmaz haqida.
Tez orada 36 yoshga to‘ladigan Yilmaz haqida Yevropada bundan taxminan o‘n yillar ilgari gapira boshlashgandi. O‘shanda u “Galatasaroy” bilan YECHL chorak finaliga chiqqan, Didye Drogba, Uesli Snayderlari bor tarkibda 8 o‘yinda 9 ta gol urib chorak finalgacha turnirning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan edi. U davrda Burakning istiqboli ancha yorqin ko‘ringandi. Endigina 26 yoshga to‘lgan futbolchiga top-5 klublari nazar tashlaydi, deb kutilgan. Biroq kutilmalar doim o‘zini oqlamaydi. Hammasi o‘zgarib ketdi. Jiddiy takliflar bo‘lmadi. Yilmazning o‘zida ham pasayish kuzatildi. 2016 yilda faoliyatini keskin o‘zgartirishni istagan turk o‘zini Xitoy chempionatida sinab ko‘rdi. Maqsad tushunarli – pul.
Ko‘rinishidan hammasi tugagandek edi. Ya’ni, Turkiya miqyosidagi yaxshi bir futbolchi, Hoqon Shukurdan so‘ng milliy terma jamoa hujumida yetakchiga aylangan Yilmaz Yevropani zabt etmay karyerasini yakunlaydigandek...
Ammo, barchasi yana o‘zgarib ketdi. Xitoydagi ikki mavsum sovrinlarsiz o‘tgach u Turkiyaga qaytadi. 2020 yilga kelib “Beshiktosh” uni “Lill” safiga qo‘yib yubordi. Fransiyada esa Burak ikkinchi yoshligini boshdan o‘tkazmoqda. U bu yerga erkin agent sifatida, 70 mln. yevro evaziga “Napoli” vakiliga aylangan Viktor Osimxenning o‘rnini to‘ldirish uchun taklif etilganini aytish lozim. Bu ma’lumotning yoniga Yilmaz allaqachon samaradorlik borasida Osimxendan o‘tib ketganini qo‘shsak “Lill” qanchalik foyda ko‘rganini tushunish mumkin bo‘ladi.
Qariyaning Fransiyaga tezda moslashib ketishida ikki asosiy sabab bor. Biri uning klubdagi millatdoshlari. Ular bilan yangi hayot tarziga ko‘nikish ancha oson har tomonlama. Boshqasi tarkibda bu qariyani hujumda qo‘llaydigan yosh futbolchilarning borligi. Uch Jonatan – hujumchi Jonatan Devid va qanot forvardlari Jonatan Ikone va Jonatan Bamba. Ular Burakni to‘p bilan ta’minlab turish vazifasini yaxshi bajarmoqda. Hozir uning hisobidan 15 ta gol va 6 ta assist bor. U ikki oyoqda birdek zarba yo‘llaydi va shu bois hujumning turli nuqtalarida o‘ynadi. Gavdasi bilan yaxshi harakat qilib, kurashlarda ko‘p g‘alaba qozonadi. Texnikasi u qadar zo‘r emasligi bois ko‘pincha to‘pga ikkinchi tegishidayoq zarba yo‘llaydi. Xullas, klassik hujumchi.
“Lill” yakunda chempionlikni qo‘lga kiritsa, Burakning bundagi hissasi ancha katta bo‘ladi.
Orif Tolipov.