Superliganing 8-turidan o‘rin olgan «So‘g‘diyona»- «Andijon» (4:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘z fikrlarini bildirdi.
«Avvalo, "So‘g‘diyona" jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, tarkibimizdagi ko‘pchilik yosh yigitlar hali Superligada o‘ynashga tayyor emas. Ularga tushuntirib ham, mashg‘ulotlar o‘tkazib ham ko‘rdik, lekin ichida ba’zilariga hali bu chempionatda to‘p tepish uchun vaqtli.
Balki, kelajakda o‘ynar, ammo hozir emas. Shuningdek, yigitlarni jamoaga jalb etishda yo‘l qo‘ygan katta xatoyimiz ikkala darvozabonni ham yoshlar safidan jamoaga taklif etganimizda. Chunki ularda tajriba yetishmaydi. Tarkib qanchalik yosh bo‘lmasin, u yerda hech bo‘lmaganda, darvozabon katta yoshli va tajribali bo‘lishi zarur.
Raqib 4 ta zarbadan 4 ta gol urdi. Yosh tarkibni shakllantirganimiz yaxshi. Shu bilan o‘ynab, kelajakka tayyorlab boramiz, biroq tarkibdagi 2 tadan hech bo‘lmasa bitta tajribali darvozabon bo‘lishi shart. Bu yog‘iga o‘z ustimizda ishlaymiz»
–Jasur Jaloliddinovda biroz tajriba yetishmasligi va liderlik namoyish eta olmayotgani jamoa o‘yiniga pand berib qo‘ymayaptimi?
«Bizda Jasurning pozisiyasida kattaroq va tajribaliroq futbolchi yo‘q. Agar u nuqtada Jasur o‘zini ko‘rsata olmasa, uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan Kamron Saydaliyev
bor lekin u ham Jaloliddionov bilan deyarli tengdosh. Umuman olganda, 18 yosh boladan liderlikni talab qilish biroz no‘to‘g‘ri. U o‘ziga yuklatilgan vazifani qo‘ldan kelgancha bajarmoqda»
–Klubdagi moliyaviy ahvol maydondagi o‘yinga ta’sir etmayaptimi?
«Yo‘q, Jizzaxga kelgunimizga qadar, undan keyin ham bu yerga joylashish, o‘ziq-ovqat masalalari umuman, hammasi yaxshi bo‘ldi. Moliyaviy tarafdan ozgina kamchiliklar bordir, lekin buni futbolchilarning o‘zlari yaxshi bilib, tushunib turushibdi. Shunchaki, tarkibning yoshligi o‘z so‘zini aytmoqda. Alohida nomlar keltirmayman, ayrim futbolchilarimiz hali superligada o‘ynashga tayyor emas»
–Jamoani ikkinchi davrada tajribali futbolchilar bilan kuchaytirish maqsad qilinganmi?
«Hali rahbariyat bilan bu borada gaplashmadik. Lekin tarkibga tajribali o‘yinchilar kerak. Aslini olganda, chempionatda haqiqatdan salohiyatli bo‘lgan yosh futbolchilar ham bor, ammo bizning jamoada ema»
–O‘tkazib yuborilgan tezkor gol jamoa rejalariga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
«Ha, biz ishlab chiqqan taktika boshqacharoq edi. Shu sababli dastlabki gol rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Avvalgi o‘yinlarga qarasak, jamoa ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynamoqda, birnchi taymdagi holatga esa balki, hayajon sabab bo‘layotgandir.
Balki, yigitlar Jasur Hasanov nomini eshitib, yoki unga qarshi o‘ynab, qo‘rqib ketishgandir, anig‘ini bilmadim. Xullas, dastlabki 45 daqiqalikda har qanaqasiga ham kutilgan o‘yinni namoyish etib bo‘lmadi.
O‘yinlarni ko‘rib chiqamiz. Muammolarni o‘rganib, kamchiliklarni bartarf etamiz va o‘z ustimizda ishlaymiz.