Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: Raisbuva... G‘alati ishlar bo‘lyapti

Xayrulla Hamidov maqolasi: Raisbuva... G‘alati ishlar bo‘lyapti

Baho:
+ | -

Juda ko‘p ishlar bir-biriga o‘xshash bu yil. Qiziq. Keling, hammasini Angliyadan boshlay.
 
Kutilganidek, “Liverpul” o‘z g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ish jiddiylashganda katta jamoalar naqadar kattalashadiya?! Biz Klopp va uning bandasini nihoyat tanidik. “Byornli” bilan kechgan uchrashuvda liverpulliklar kattaroq hisobda yengishlari talab qilingandi va shuni uddalashdi. 38-turda “Lester” buzilib qolgan “Tottenxem” darvozasini bombardimon qilib tashlasa, gollar kerak bo‘lardi “Liverpul”ga.

Uchta gol kiritildi. Bu keragicha miqdorda. Endi to‘rt gol ustunlik bor o‘tgan yilgi chempionda. “Lester” besh, olti gol bilan yengishi juda fantastika bo‘lib ketadi. Shunday bo‘lsada, liverpulliklarning bir jihatda kamchiligi kuzatildi baribir. Ilk gol hayallayapti. Firmino hisobni ochganda, tabloda 43-daqiqa ketayotgandi. Bungacha “Bernli”da ham imkoniyat bo‘lgani quvonari holat emas.
 
Tanaffusga Klopp shogirdlari g‘olib holda chiqib ketishmasa, o‘yin oxirida yana Beker katta sahnaga chiqishiga to‘g‘ri kelardi. Bir gol farqi bilan oldinda borish ancha ishni yengillashtiradi. Qarshi hujumlardan foydalanib yana gollar urish mumkin. Lekin tanaffusdan so‘ng mehmonlar pozision hujumlar orqali hisobni yiriklashtirishdi. Chap qanotdan asosan. Natan Filips premyerligadagi ilk golini yo‘lladi. Chiroyli ko‘rsatkich. O‘yin tugashi arafasida Oksleyd Chemberlen uchinchi golga muallif bo‘ldi.

“Liverpul” ushbu g‘alabadan so‘ng to‘rtinchi o‘ringa chiqdi. Oxirgi turda “Kristal Pelas” tashrif buyuradi “Enfild”ga. G‘alaba va YECHL yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi taxmin qilinmoqda. “Chelsi” “Aston Villa” bilan bahs boylashini hisobga olsak, baribir “Lester”ga qiyinligini ko‘ramiz. Kubok uchun balki Rodjers rozi bo‘layotgandir ham. Har holda, sovrin, kubokni boshi uzra ko‘tarish – butkul boshqa tuyg‘ular.

Yevropaning kuchli chempionatlarida shunga o‘xshash holat, degandik boya. Kubok sohiblari chempionlik kurashidan chiqib ketishdi yo imkoniyatlari juda kam. Ispaniyada “Barselona” kubok egasi, lekin chempionlik kurashida yo‘q. Germaniyada ham “Bavariya”ning kubokdan chiqib ketganiga ancha bo‘lgan. Finalda Yevropa klublariga futbolchi yetishtirib beradigan donorlar – “Leypsig” va “Borussiya” o‘ynaganidan xabaringiz bor. Dortmund klubi xayrlashayotgan yosh murabbiyi – Terzich bilan supernatija qayd etgani qarshisida Nagelsmann yana sovrinsiz qolyapti, kulgiliya?! “Bavariya”ga ketayotganining sababini tushungandekmiz. Ehtiyoji – sovrin. Yosh mutaxassis “Leypsig” baribir muntazam kuchaymasligini, futbolchilar sotish bilan har yili o‘zgarishini yaxshi biladi.

Fransiyadagi holat. Uzoq yillik chempion – PSJ “Lill” mo‘jizaviy tarzda qoqilsagina yana taxtga qaytishi mumkin. Ko‘p ehtimol lilliklar takrorlanishi mahol imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmasa kerak. Parij klubi finalda “Monako”ni mag‘lub etdi. Pochettino sovrin egasi bo‘ldi. Kelganida superkubokni qo‘lga kiritgandi. Endi Fransiya kubogini. Ozgina yupanch.

Italiyaning ham o‘z “Pochettinosi” bor – uzoq yil chempion bo‘lib kelayotgan klubni taxtdan tushirgan va mavsumni ikki kubok bilan qutqarib qolayotgan Pirlosi. Andrea A seriyada nafaqat chempionlikni topshirish, balki YECHL yo‘llanmasini-da boy berishdek og‘ir kelajak qarshisida turib qolgan. Baxtiga “Kalyari” umid bahsh etdi. Shunda ham “Milan” kubokda charchagan “Atalanta”ni yengib qo‘ysa, turinliklarning ishi yana og‘irlashadi.

Mayli, bu yakshanbaning ishlari, hozir final haqida suhbatlashaylik. Kubok finalida biz Pirlo ko‘rishni istagan “Yuve”ni ko‘rgandek bo‘ldik. “Atalanta” birinchi bo‘limda yaxshi ko‘rindi. Biroq, tanaffusdan so‘ng ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdan qo‘rqib o‘ynadi. Ko‘z o‘ngimizda birdan Bergamoning o‘rtamiyonasi namoyon bo‘la boshladi. Qabilasiga qaytib qolgandek tuyuldi Gasperini.

Ronaldu jamoadoshlari raqib cho‘chishni boshlaganini his qilishsa, darrov bosimni kuchaytirishadi va g‘alabani tortib olishadi. Ikkinchi bo‘limdagi “Yuventus” o‘ta kuchli edi. Ayniqsa, Xateburni ochiqcha ortda qoldirgan Kyeza va “Atalanta”dan sotib olingan Kulusevski. 2:1 hisobidagi g‘alaba haqqoniy. Turin superklubi birgina o‘yinda masalani hal qilishni haliyam unutmagan. Gasperini supermavsumni o‘tkazib-da sovrinsiz qolmoqda. U Italiyaning qari yoshli Nagelsmani shekilli.

Endi xotimasiga. Ko‘ryapmizki, kuchli beshlikda kubok g‘olibligi va chempionlik boshqa-boshqa ko‘chalarda. Agar voqelik shunday davom etsa va deylik “Chelsi” chempionatda beshinchi o‘rinni olib YECHL yo‘llanmasisiz qolsa, Portugaliyadagi finalda “ManSiti” bilan hayotidagi eng dahshatli o‘yinni o‘tkazar. Axir, “shaharliklar” davraviy turnirda yutib bo‘lishgan. Kubokni boshqa toifa klublar yengishayotganidan kelib chiqsak, Tuxel yigitlarida imkon ko‘pdek. Biroq bu  formulaning Pepga aloqasi bo‘lmasachi? U boshqa chempionlar yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamay oltin trebl sari oshiqayotgan bo‘lsachi? Uni endi bilmaymiz. Kutishdan boshqa choramiz yo‘q.

Xayrulla HAMIDOV.

Manba: @xayrulla_hamidov
Kiritildi: 08:00, 20.05.2021.
O'qildi: 8052 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.