Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas 2-2 Betis
17/05 00:30 Almeriya 0-2 Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad 1-0 Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli
18/05 21:00 Lechche - Atalanta
18/05 23:45 Torino - Milan
19/05 00:00 Alaves - Xetafe

Nemischa «50+1» yoxud nemis futbolidagi fundamental qoida haqida...

Nemischa «50+1» yoxud nemis futbolidagi fundamental qoida haqida...

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Odatda, ayrim klublar bir kishi ajratadigan katta pullar evaziga muvaffaqiyat qozonish mumkinligiga ishonishadi. Ammo shunday holatlar ham uchraydiki, futboldagi xarajatlar oligarxning joniga tegadi va ertakdek tuyulgan xayollar bir zumda fojiaga aylanadi. Quyidagi materialda esa shu kabi yanglish qarorlarga qarshi kurashda asqotishi mumkin bo‘lgan jihat - Germaniya futbol klublaridagi original boshqaruv tizimi haqida gap boradi.

Nemis futbolidagi fundamental qoida

«50+1» bo‘yicha qaror 1998 yilning oktyabrida qabul qilingan va 1999 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgandi. Ushbu yangilikni eskilik tarafdorlari haqiqiy futbolga zarba deb hisoblashgan, zero o‘sha paytlari Germaniyadagi barcha klublar a’zolik assosiasiyalari hisoblanishgan - chetdan inves­torlar bo‘lmagan.

«50+1»dan ko‘zlangan asosiy maqsad, muxlislar o‘z klublarini boshqarish bo‘yicha to‘liq huquqqa ega bo‘lishadi. Agar g‘oya yanada rivojlantirilsa - klub butunlay bir kishiga tegishli bo‘lolmaydi, aks holda, uni o‘yinchoqqa aylantirib yuborishlari hech gapmas. Ya’ni, chetdan keladigan pullarga ruxsat berilgan bo‘lsada, u mahalliy boylar istagan darajada emasdi.

Nega endi «50+1»? Chunki muxlislar 49 foiz aksiyaga ega chiqqan taqdirda ham, har qaysi xo‘jayin ularni yengil qo‘lga kiritishi mumkin edi. Fanatlar uyushmasi a’zolik assosiasiyalari deb ataladi, har bir klubda a’zolikka da’vogarlar to‘lashi kerak bo‘lgan muayyan summa belgilangan. Misol uchun, Myunxenning «Bavariya» klubida bu yiliga 60 yevrodan ko‘p bo‘lmasligi qayd etilgan - aytish mumkinki, raqam ramziy ma’no kasb etadi. To‘lov evaziga klub hayotiga taalluqli qarorlar chiqarish jarayonida qatnashish huquqi beriladi. Bu chiptalar narxini belgilash muhokamasidan tortib, yangi bosh murabbiyni tayinlash masalasigacha bo‘lishi mumkin - mazkur holatda qat’iy cheklovlar o‘rnatilmagan.

Ammo belgilangan tartibga munosabat hamma yerda ham bir xil emas. Aksariyat faol fanatlar, albatta, norozilik aksiyalari va tribunalardagi bannerlar orqali o‘z huquqlarini talab qilishadi. O‘z navbatida, ayrimlarga bu tizim xalal beradi.

Martin Kind

Masalan, uzoq yillardan buyon «Gannover»ga prezidentlik qilayotgan, muvaffaqiyatsiz faoliyat yuritayotgan Martin Kind «50+1»ga jiddiy qarshilik bildiradiganlardan biri hisoblanadi. U 2011 yili mavjud qoidani bekor qilish yo‘lida muhim qadamni qo‘ydi: birinchi va ikkinchi Bundesliga klublari 20 yildan uzoq muddat jamoani moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlagan investorlarning nazorat aksiyalarini sotib olishlariga rozi bo‘lishdi.

Qizig‘i, 2017 yili Kind ushbu qoidadan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga uringan, klubni to‘liq qo‘lga kiritib, keyin uni sotishni rejalashtirgan - ammo urinish samarasiz chiqqan. Sababi oddiy - «50+1» qoidalaridan biriga ko‘ra, investor 20 yillik boshqaruvi davrida klub homiylik shartnomalaridan olgan mablag‘dan ko‘proq pul sarflashiga to‘g‘ri keladi. Qo‘pol qilib aytganda, u klub manfaati yo‘lida ziyonga ishlashi kerak bo‘lgan.

Ziqnaligi bilan dong taratgan Kind bunga munosib emasdi va Bundesliga unga klubni sotib olish masalasida rad javobini berdi. Yakunda funksionerning o‘ylaganlari amalga oshmadi, faqat muxlislar bilan munosabatlari yomonlashgani qoldi. Uning aybi bilan «Gannover» ayni payt ikkinchi Bundesligada sarson, klubning yorqin kelajakdan umidi so‘ngan.

Nemischa nafratning dastlabki  ob’ekti

2015 yilda ushbu qoidadan Ditmar Xopp unumli foydalandi. U 1989 yildan buyon «Xoffenxaym»ni pul bilan ta’minlagan, u paytlari klub Germaniya futboli elitasi uzoqda edi. Nemislarning «Leypsig»ni qanchalik yomon ko‘rishlarini ko‘pchilik yaxshi biladi, ajoyib qishloq klubi ham xuddi shunday holatga tushishi mumkin edi.

Germaniyalik fanatlarning ko‘pchiligi «Xoffenxaym»ni yagona badavlat shaxs tomonidan boshqariladigan klub sifatida taniydi. Umuman, aksariyat davlatlarda oddiy hol deb bilinadigan narsa olmon o‘lkasida tanqidiy ruhda qabul qilinadi. Garchi hujjatlarda bu haqda yozilmagan bo‘lsada, jamoatchilik fikri mutlaqo o‘zgacha.

«Dorishunoslar» va «mashinasozlar»

«Bayer» va «Volfsburg» - alohida mavzu. Leverkuzen klubiga 1904 yili «Bayer»nomli farmasevtik kompaniya ishchilari tomonidan asos solingan. «Bo‘rilar» jamoasining vujudga kelishi esa «Folksvagen» avtozavodi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.

Mazkur ikki klub hozirgacha yuqorida nomi qayd etilgan yirik kompaniyalar - Bayer AG hamda Volkswagen Konzern tomonidan boshqarib kelinmoqda. Ammo Kind davridagi tuzatishlardan avval ham ular buni rasman to‘liq hajmda amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishgan, korporasiyalar ishchilarining boshqaruv masalalariga aralashuviga yo‘l qo‘yishmagan. Biroq kompaniya ishchilarining klub hayotidagi faol ishtiroki «Bayer» va «Volfsburg»ni germaniyalik muxlislar nafratidan asrab turibdi. Umuman, quyida «Leypsig» haqidagi band bilan tanishganda, o‘zingiz solishtirib ko‘rishingiz mumkin.

«Red Bull Leypsig» - e’tirozlarning bosh sababchisi

Ha, gap o‘sha - 2009 yilda tashkil topib, ishtirokini Germaniya yettinchi divizionida boshlagan, hozirda Chempionlar Ligasida qatnashayotgan «Leypsig» haqida boradi.

Bu klub «50+1»ni qanday chetlab o‘tdi? Qog‘ozda «Red Bull» konserni chindan ham yangi tashkil etilgan klubning faqat 49 foiz aksiyasiga ega chiqqan, qolgan 51 foizni o‘z assosiasiyasi vakillari o‘rtasida taqsimlagan. Qo‘pol qilib aytganda, klub xo‘jayinlari atrofdagilarni ahmoq deb o‘ylashgan, zero «Leypsig»ning «50+1» to‘dasiga kirish uchun yiliga 800 yevro (eslatma: «Bavariya»da 60 yevro edi) va qo‘shimcha a’zolik badali to‘lashga to‘g‘ri keladi. Tushunarliki, xohlovchilar topilmadi, aniqrog‘i... faqat «Red Bull» kompaniyasi xodimlaridan boshqa. Boshqa klublarda yuz minglab kishilar tomonidan to‘planadigan summani «Leypsig»da 17 kishi qopladi.

Alohida ta’kidlash joizki, agar shu kabi holat boshqa biror klub (deylik, Frankfurtning «Ayntraxt»i) bilan sodir bo‘lganda, u o‘sha zahoti fanatlarning jiddiy e’tiroziga uchrar, o‘yinlar payti tribunalarda stadionga kelmaslikka chaqiruvchi yozuvlar ko‘payishi aniq edi. «Leypsig»da esa bunday muammo vujudga kelmadi - yaqindagina mintaqaviy ligadan chiqqan tijoriy klubda qanday fanatlar bo‘lishi mumkin? Hozir, albatta, jamoaning o‘ziga yarasha muxlislar bor, ammo u paytlari ishqibozlar haqida gap-so‘z bo‘lmagan. Yaxshiki, shaharda quyi divizionlarda ishtirok etayotgan tarixiy «Lokomotiv» jamoasi ham mavjud va katta yoshli muxlislar mehri aynan shu klubga tegishli. «Leypsig»ga esa Germaniyaning katta qismi nafrat ko‘zi bilan qaraydi.

Darvoqe, yana bir qiziq fakt: klub rasman RasenBallsport Leipzig deb ataladi. Nega? Chunki Bundesliga va UYEFA tasarruvidagi musobaqalarda tijoriy nom bilan qatnashish taqiqlanadi. Ha, hatto yuqorida tilga olganimiz «Bayer» ham gohida shunchaki «Leverkuzen» deb atalishga mahkum.

So‘nggi so‘z o‘rnida

Ko‘rib turganimizdek, hech bir tizim ideal emas, hammasida chetlab o‘tish mumkin bo‘lgan tuynuk topiladi. Kechirasizu, bunday tuynuklarsiz katta maqsadlarni amalga oshirish mushkul. Biroq Germaniya futboli hammasi boshqacha bo‘lishi mumkinligiga yaqqol namunadir. Shunisi aniqki, mazkur tizim 100 marta ideallikdan yiroq bo‘lsin, o‘nlab klublarni yo‘qlik qa’riga sho‘ng‘ishdan asrab qoladi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:00, 21.05.2021.
O'qildi: 3210 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.