Yevro-2020 turniri hammaning e’tiborini tortayotgan bir paytda, "Kopa Amerika" ham qizg‘in kurashlarga boy kechmoqda. Garchi, yulduzlar va katta jamoalar taraflama bu turnir "ko‘hna qit’a"ning nufuzli turniri bilan tenglasha olmasada Neymar, Messi, Aguero, Suares, Di Maria, Kazemiro va Markinyos kabi nomlarning ishtiroki bizni e’tiborsiz qoldira olmaydi. 10 ta terma jamoa qatnashayotgan mazkur chempionatning hozircha ilk turi o‘z nihoyasiga yetdi. Hozir esa bo‘lib o‘tgan o‘yinlar va guruhlardagi holat bilan tanishib chiqamiz.
Ilk kundagi o‘yinlar
Turnirning ilk kunida va ochilish o‘yinida Braziliya terma jamoasi Venesuelani mag‘lub etdi. Neymar, Markinyos va Barbozaning goliga raqib jamoa biror marotaba ham javob bera olmadi. O‘sha kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi bahsda kolumbiyaliklar Ekvadorni 1-0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona gol muallifi esa Edvin Kardona bo‘ldi. Keyingi o‘yinni "pentakampeonlar" Peru termasiga qarshi o‘tkazadi. Kolumbiya esa navbatdagi o‘yinda Venesuelaga qarshi maydonga ko‘tariladi. Mazkur ikki bahs ham 18 iyun sanasida bo‘lib o‘tadi.
Kechagi o‘yinlar
Kecha bo‘lib o‘tgan Argentina - Chili o‘yini alohida mavzu. Bu ikki azaliy raqib o‘rtasidagi o‘yinlar har doim qizg‘in va kurashlarga boy bo‘ladi. Garchi, ayni damda tarkib va o‘yin jihatdan "Albisileste" "La Roxa"dan ustun bo‘lsa ham, baribir Chilida kurashuvchanlik bor. Bugun ham yana bir bor bunga guvoh bo‘ldik. Messining 33-daqiqada jarimadan urgan goliga 57-daqiqada Vargas javob berdi. Shundan so‘ng, Lionel Skaloni shogirdlari ko‘plab hujumlar uyushtirdi. Di Maria, Aguyero kabi futbolchilarning zaxiradan qo‘shilishi hujumni anchagina kuchaytirdi, ammo ikkinchi golni kiritishning iloji bo‘lmadi. Argentinaning o‘yinida avvalgi Amerika Chempionatiga qaraganda progress bor, biroq realizasiyada ular biroz oqsashdi. Navbatdagi turda Argentina Urugvayga qarshi, Chili esa Boliviya terma jamoasiga qarshi maydonga ko‘tariladi. Bu o‘yindan so‘ng esa Paragvay - Boliviya terma jamoalari o‘rtasida gollarga boy o‘yin bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘yinda Paragvayliklar o‘z raqibini 3-1 hisobida mag‘lub etdi va ochkolari sonini 3taga yetkazib qo‘yib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
"A" guruhidagi vaziyat
"B" guruhidagi vaziyat