Lionel Messi bilan o‘ynashni istamaydiganfutbolchi deyarli topilmasa kerak, ammo argentinalik futbolchi bilan til topishish har doim ham oson bo‘lmaydi. Ayniqsa futbolda bu juda muhim holat hisoblanadi. Sababi futbol jamoaviy sport turi, agar tarkibning barcha elementlari ishlatilmasa, muvaffaqiyatga erishish imkonsiz bo‘ladi. Messi uzoq vaqtdan beri tarixdagi eng buyuk futbolchilardan biri hisoblanadi. "Barselona"da kimdir argentinalik bilan janjallashgan bo‘lsa, uni faqat bitta narsa kutib turadi - ketishi muqarrar. Hozir esa biz sizlar bilan birga, Messi bir jamoada o‘ynagan, ammo ular bilan kelisha olmagan futbolchilar haqida gaplashamiz.
Zlatan Ibragimovich
Zlatan Ibragimovich va Lionel Messi bir-birlari bilan kelisha olmagan, deb aytsak, ehtimol xato hisoblanar.Ammo shved futbolchisining Pep Gvardiola bilan o‘rtasidagi aloqa havas qilarli darajada emas edi.
Taxminlarga ko‘ra, Ibra "Barselona"da o‘ynagan paytida, Messi hujum markazida o‘ynashni xohlagan. Zlatanning maydon markazida o‘ynashini hisobga olsak, Ibragimovichga jamoada joy yo‘q edi. Shunday qilib, 2009-10 yilgi mavsumda Gvardiola Pedro-Anri-Messi triosiga ko‘proq imkon berishni boshlagan va mos ravishda shvesiyalik futbolchi jamoadan ketishi kerak edi.
Jurnalistlar "Barsa"ning sobiq direktori Mark Ingla Telefoot bilan suhbatlashishganida, Ibraning Messi bilan til topishmaganligini tasdiqladi: "Nega Zlatan "Barselona"da qolmadi? U yirtqich edi - haqiqiy mashina. Ammo Messi bilan taqqoslaganda esa boshqa mashina. Ko‘proq harakatsiz mashinaga o‘xshab ketadi. Messiga maydonda ko‘proq joy kerak edi. Shuning uchun Zlatan bilan xayrlashishimizga to‘g‘ri kelgan", degan gaplarni aytgandi
David Vilya
David Vilya "Barselona"ga o‘tganida, vaziyat yana takrorlandi. O‘sha paytda Vilya nafaqat Ispaniyada, ehtimol dunyodagi eng yaxshi hujumchilardan biri edi, ammo "Barsa" undan sevimli pozisiyasini o‘zgartirishini talab qildi. Bu esa yana Messi sabab ro‘y bermoqda.
Shunday qilib, Davidga kataloniyaliklarning haqiqiy afsonasiga aylanish uchun vaqt topilmadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Vilya va Leo qandaydir sabab maydonda janjallashib qolishadi.
Bu holat 2012-13 yilgi mavsumda edi. O‘shanda Vilya yaxshi vaziyatdan gol ura olmay qoladi va o‘zini tutib tura olmay to‘pni tepib yuboradi. Bu zarba esa jamoadoshi Messiga tegadi. Ushbu holatdan keyin, ispaniyalik va argentinalik o‘rtasida sovuqchilik boshlandi. Bu yomon munosabatning oxiri esa, Davidni jamoadan ketishi bilan yakunlangan.
Paulo Dibala
Shunga o‘xshash holatlar tufayli Messi bilan til topishmagan yana bir futbolchi bor. Faqat bu klubda emas, balki terma jamoada. "Yuventus" hujumchisi Paulo Dibala ham maydonda harakat qilganda, ko‘proq chap oyoqda zarba beradigan futbolchi hisoblanadi. Xuddi Messi singari.
Shu sababli Messi va Dibala birgalikda o‘ynaganida, ulardan biri o‘z pozisiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Biz "ulardan biri" deganda Messi haqida gapirmaganligimizni tushungan bo‘lsangiz kerak. Ha, bu Dibala hisoblanadi. Shu sababli ham, bir paytlar Argentina terma jamoasi kelajagi sifatida qaralayotgan futbolchi, hozirgacha Messini raqobatdan chiqarib yubora olmayapti. Hozirgacha, Paulo o‘z terma jamoasi safida, 29 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga atigi 2ta gol yozdirib qo‘ygan. Juda achinarli holat.
Kristian Telyo
2015 yilda Lionel Messi jamoadoshlarini kamsitganligi, hattoki ularni masxara qilganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Aytishlaricha, "Barsa"da hech kim Messini xafa qiladigan gaplarni gapirishmaydi. Bu jamoaning "an’ana"si hisoblanadi.
Xullas, Lionel Messi yosh hujumchi Kristian Telyoni ustidan kulishni juda yaxshi ko‘rganligi haqida bir nechta gaplar bo‘lgan. Keyinchalik Telyo , hatto Messi uni "bo‘sh maydon" deb atagani va o‘yin davomida "faqatgina men uchun o‘ynaysan", deb talab qilganini yig‘lab aytib bergandi.
Kristianning "Barselona"dan ketishiga ham aynan, Messi uni yoqtirmasligi kabi sabab bo‘lgan degan taxminlar hozirgacha mavjud.
Mauro Ikardi
Mauro Ikardi so‘nggi yillardagi Argentinaning eng yaxshi hujumchilaridan biri hisoblanadi. Ammo biz terma jamoada Ikardining o‘yinlarini unchalik ko‘p kuzatmaymiz. So‘ngi yillarda esa umuman kuzatmayapmiz. Ehtimol, buning sababi futbolchi Maksi Lopes bilan bo‘lgan munosabatlaridir.
Maksi Lopes uch farzandi bo‘lgan Vanda Nara bilan turmush qurgan. Ikardi va Lopes "Sampdoriya"da bir o‘ynab yurgan davrida juda qalin do‘st bo‘lishgan. Ammo, bu do‘stlik Ikardi va Lopesning xotini o‘rtasidagi munosabatlar boshlangunga qadar davom etgan.
Ikardi Vanda Naraga uylanganidan so‘ng, Lionel Messi va boshqa ko‘plab jamoadoshlari o‘zlarining noroziliklarini bildirishdi. Ayniqsa bunga Leo jiddiy qaraydi. Sababi, Maksi Lopes va Messi juda qalin do‘st hisoblanishgan. Shuning uchun hozirgi kunga qadar Mauro Argentina terma jamoasiga deyarli chaqiruv olmaydi.