Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

E’tirof: Emi - yarim jamoa!

E’tirof: Emi - yarim jamoa!

Baho:
+ | -

7 iyul oqshomida bo‘lib o‘tgan Amerika Kubogi-2021 turnirining Argentina va Kolumbiya terma jamoalari bellashuvi taqdirini argentinaliklar darvozaboni Emiliano Martines hal qildi. O‘ta murosasiz ruhda kechgan uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlaridan keyin 1:1 hisobi o‘zgarmagach, tomonlar penaltilar seriyasiga murojaat qilishga majbur bo‘lishgandi. Martines «nuqta»dan yo‘llangan 3ta zarbaning golga aylanmasligini ta’minlab, jamoasini 11 iyul oqshomida bo‘lib o‘tgan Braziliyaga qarshi g‘olibni aniqlab beruvchi yakuniy uchrashuvga olib chiqdi. Musobaqa mezbonlari bir kun avval Peru terma jamoasini kichik (1:0) hisobda mahv etib, final yo‘llanmasini naqd qilishgandi.

Penaltilar seriyasida raqibning yarim jamoasidan ustun kelish orqali o‘zining yarim jamoa ekanligini isbotlagan jamoadoshi xususida Lionel Messi to‘lqinlanib shunday dedi: «Uchrashuvning o‘ta og‘ir kechganligiga hamma guvoh bo‘ldi. Lekin biz haqli ravishda finalga yo‘l oldik. Chunki istagimiz raqibnikidan kuchliroq edi. Ayrim vaziyatlarda ancha qiynaldik, ammo safimizda Emi bor. U - fenomen! Biz unga ishonamiz».

Emiliano Martines yarim final bahsini yuksak saviyada o‘tkazib, uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi. Raqib himoyachisi Yerri Minani qay tariqa ruhan sindirganligi alohida e’tiborga molik: «Asabiylashyapsanmi?. Hayajoningni yaqqol sezib turibman. Shuningdek, to‘pni qaysi burchakka yo‘llashingni ham bilaman. Qarab tur - men seni yamlamay yutaman. Unutma, yamlamay yutaman!»

Darhaqiqat, o‘sha oqshom nafaqat Mina, balki Sanches va Borxa ham Martines darvozasini «nuqta»dan ishg‘ol eta olmadilar. Emi nafaqat bu bellashuv, balki barcha o‘yinlarda ishonchli (5ta uchrashuvda 2ta gol o‘tkazib yubordi) harakat qildi. Qisqasi, argentinalik muxlislarga bitmas-tuganmas quvonch ulashdi.

Boisi, anchadan beri darvoza chizig‘i Argentina terma jamoasining asosiy muammosi bo‘lib kelayotgandi - hozirning o‘zida ham «albiseleste» safida yulduz u yoqda tursin, hatto saviyaliroq darvozabonni topish ham juda mushkul. Uzoq vaqt davomida darvozani «MYU»da asosiy tarkibdan joy olmay yurgan Serxio Romero qo‘riqladi. Endi u umuman ishsiz yuribdi. Oxirgi bir yil ichida jamoa Esteban Andrada, Xeramias Ledesma va Agustin Marchesinlarni sinovdan o‘tkazdi. Biroq ulardan qoniqish hosil qilmadi. Ochig‘i, Argentinada shunday  sharifli darvozabonlar borligini biz ham birinchi marta eshityapmiz.

Emini «Arsenal» qanday topdi va nima uchun Braziliya uning uchun azaliy raqib? Emiliano Martines 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Janubiy Amerika chempionatida «Arsenal» skautlarining e’tiborini o‘ziga tortgandi. O‘shanda argentinalik yoshlar finalda Braziliyaga penaltilar seriyasi natijasiga ko‘ra imkoniyatni boy berishgandi. Yosh posbonning mahoratiga qiziqib qolgan «to‘pchilar» 2009 yilning mayida uni ko‘rikka taklif etishdi.

«Meni «Arsenal» ko‘rikka taklif etganini ma’lum qilganlarida, kimningdir hazili bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Keyin Argentinaning «Arsenali» chaqirgandir, degan xayolga bordim», - degandi Emi o‘z intervyusida. Martinesning faoliyati o‘ta og‘ir kechmoqda. Londonliklar tarkibidagi ilk uchrashuvini u shartnomaga imzo chekkanidan keyin ikki yil o‘tgach nishonlagandi. Bu Angliya kubogi doirasidagi «Koventri Siti»ga qarshi bellashuv edi. Biroq muxlislar jamoaning xokkeycha hisob (7:5) bilan nihoyasiga yetgan «Reding»ga qarshi murosasiz bahsini hanuzgacha maroq bilan eslaydilar. Martinesning o‘zi o‘yinni ishonchli o‘tkaza olmadi - 2ta ajoyib seyvni namoyish etdi, bir marta jamoani yaqqol goldan saqlay oldi. Ammo uchinchi golda to‘pni darvozaga to‘g‘rilab, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygandi.

Biroq o‘shanda barqaror o‘yin ko‘rsata olmagan yolg‘iz Martines emasdi - Arshavinning ikki assisti Kosyelnining avtogoli, Uolkottning «xet-triki» va «Reding» safida zaxiradan maydonga tushgan Pavel Pogrebnyakning avtogoli bilan qorishib, yakunda «to‘pchilar» birinchi bo‘limdagi 1:4 hisobidagi mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirgan edilar.

2014 yilning oktyabrida Emiliano klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirda debyutini nishonladi. Ya’ni, «Anderlext»ga qarshi safar uchrashuvida maydonga tushdi. Umuman, «to‘pchilar» uchun omadsiz kechishiga qaramasdan, 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan nihoyasiga yetgan o‘sha o‘yinda argentinalik debyutant bir juft risoladagidek seyvni amalgan oshirgandi: «O‘sha oqshom o‘zgacha ishonch bilan maydonga tushdim, qandaydir qat’iyat paydo bo‘lgandi, menda. O‘zim orzu qilgan o‘yinni namoyish eta oldim. Agar futbolchi o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘ysa, hech narsaga erisha olmaydi».

Endi londonliklarning o‘sha paytdagi ustozi bo‘lgan afsonaviy Arsen Vengerning argentinalik shogirdi xususidagi fikriga e’tibor bering: «Bugun Emi «Arsenal» sharafini munosib himoya qilish uchun barcha kerakli fazilatlarga ega ekanligini maydonda isbotladi. Uning nafaqat texnik mahorati, balki insoniy jihatlari ham talab darajasida, o‘ta xotirjam, o‘ziga ishongan yigit. U bizda katta umid uyg‘otdi».

O‘zining APLdagi ilk uchrashuvini Martines 2014 yilning 22 noyabrida, «MYU» bilan kechgan o‘yinda o‘tkazdi. Uchrashuvning 59-daqiqasida Voysex Shensni jarohat olib, maydonni tark etgach, Emi zaxiradan maydonga tushgandi. O‘yin «to‘pchilar»ning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi.

Umuman olganda, London jamoasidagi 7 yil ichida argentinalik posbon 5 marta ijaraga jo‘natildi, faqat 2020/2021 yillar mavsumida u Bernd Lenodan keyingi ikkinchi darvozabon maqomini qo‘lga kiritdi. Germaniyalik posbonni «to‘pchilar» 2018 yilda «Bayer»dan 20 mln. yevro evaziga xarid qilishgandi.

Mazkur kelishuv ham anchayin jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Boisi, Petr Chex u paytda o‘z faoliyatini yakunlaganligini e’lon qilgan emasdi. David Ospina «Napoli»ga ijaraga yo‘l oldi, Martines esa ayni pallada Ispaniyadagi ijaradan qaytib kelgandi. Qisqasi, asosiy darvozabon vakolati kimga nasib etishi noma’lum edi. «Arsenal»ning o‘zi esa mavsumni o‘ta beqaror o‘tkazdi: YECHL yo‘llanmasini beruvchi 4-o‘rinni egallashiga 1 ochko yetmay qoldi, YEL finalida esa «Chelsi»ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Faqat Bernd Leno mavsumni barqaror o‘tkazdi, chempionatni o‘zgartirgani uning o‘yin sifatiga ta’sir etmadi, barcha uchrashuvlarda yuksak saviyani namoyish etdi.

2019 yilning yozida Chex qo‘lqoplarini mixga ildi, Ospina «Napoli» a’zosiga aylandi, Martines esa «surgun»dan qaytdi.

Emi «Reding» safida 18 marta maydonga tushib, 23ta gol o‘tkazib yuborgan, 5ta uchrashuvda darvozasi daxlsizligini ta’minlay olgandi. Natijada jamoa Chempionshipdagi o‘rnini saqlab qolgan, darvozabon esa muxlislar yoqimto­yiga aylangandi.

2019/2020 yillar mavsumi restartidan keyingi 30-turda Martines taqdirini hal qilgan voqea yuz berdi: «Brayton»ga qarshi bellashuvning 40-daqiqasida raqib hujumchisi bilan to‘qnashib ketgan Leno maydonni tark etdi, Emi uning o‘rnini to‘ldirishga majbur bo‘ldi. «Arsenal» esa 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu klub tizimidagi 10 yillik davrda biror marta asosiy darvozabon roliga nomzod bo‘la olmagan argentinalik futbolchi uchun beqiyos imkoniyat bo‘ldi. Sababi, Bernd hech bo‘lmaganda, 4-6 haftani o‘tkazib yuborishga majbur edi.

Mavsumning hal qiluvchi bosqichini Emi muvaffaqiyatli o‘tkazdi. «Arsenal» yakunda 8-o‘rinni egallagan bo‘lsada, Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Martines bu zafarga munosib hissa qo‘shdi va nafaqat o‘zi, balki kasbdoshini  ham dastlabki nufuzli sovrin sohibiga aylantirdi.

Leno-Martines juftligi mavsumda 143ta seyvni namoyish etdi. Bu ligadagi eng yuqori ko‘rsatkich edi. Jamoa esa raqiblariga 189 marta aniq zarba yo‘llash imkoniyatini tortiq etgandi. Faqat «Nyukasl» va Chempionshipga qulagan «Norvich»ning ko‘rsatkichlari bundan yomonroq, xolos. Seyvlarning eng yuqori foizi ham «to‘pchilar»ga tegishli - 78,3. Angliya superkubogi uchun bahsga Leno tayyor, lekin bosh murabbiy Martinesni tushirish niyatida. Bu argentinalik darvozabonning oxirgi o‘yini edi. U jamoani munosib tarzda tark etdi, raqobatda Lenodan ustun keldi, 2ta sovrinning qo‘lga kiritilishiga sezilarli ulush qo‘shdi va futbol olamiga tanildi.

Dastlabki mavsumni Emi juda muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Har bir uchrashuv uchun beriladigan o‘rtacha baho bo‘yicha (7,18) eng yaxshi darvozabon maqomini oldi, 142ta seyv (uchinchi natija), 15ta «quruq« o‘yin (uchinchi natija) va jarima maydonchasi ichida 81ta seyv (to‘rtinchi natija)ni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

11 iyul sanasida bo‘lib o‘tgan Braziliya - Argentina finali Martinesning kelajak faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga shubha yo‘q. Buni Emining o‘zi ham juda yaxshi biladi. Chunki katta futbolda maydonga tushish imkoniyatiga 28 yoshda muvaffaq bo‘lgan futbolchi bu yog‘iga biror-bir imkoniyatni isrof qilmaslik uchun bor kuch-mahoratini safarbar etishi aniq. Shunday ekan, Emidan mo‘’jiza kutishga haqlimiz. U - darvozabon, darvozabon esa - yarim jamoa! Buni Emi yarim finalda isbotladi.

Buni qarangki, hal qiluvchi bahsda Martines o‘sha kutilgan mo‘’jizani namoyish eta oldi. Har holda, braziliyaliklar uning darvozasini ishg‘ol qila olishmadi. Argentina termasi esa nomdor raqibini yengib (1:0), bosh sovrinni o‘ziniki qildi. Bu ulkan muvaffaqiyatda, albatta, Emining hissasi katta bo‘ldi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:00, 20.07.2021.
O'qildi: 3881 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.