Xabar berib o‘tganimizdek, 27 avgust kuni Xalqaro boks kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan, bugun Toshkent shahridagi "Ekopark"da katta fleshmob tashkil etildi.
Unda Olimpiada chempionlari - Muhammadqodir Abdullayev, Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oibnazarov, shuningdek yosh bokschilar, murabbiylar, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Olimpiada chempionlari yosh bokschilarga master-klass namoyish etishdi. O‘z navbatida tadbir ishtirokchilari bo‘lgan yosh bokschilar o‘z kumirlarining harakatlarini takroran bajarib, o‘ziga xos fleshmobni tashkil etib berishdi.
Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov ayni paytda bugungi sana munosabati bilan Serbiyada bo‘lganigi bois, bugungi tadbirda ishtirok eta olmadi.
Fleshmobdan so‘ng muxlislar uchun avtograf sessiya tashkil etildi. Bu esa fotosessiyaga ulanib ketdi.
Shu tariqa, o‘zbek boksining to‘rt nafar Olimpiada chempioni ishtirokidagi tadbir o‘z yakuniga yetdi.