Hisobot turi arafasida startga chiqqan Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi bellashuvlari o‘z ishtirokchilariga turlicha ta’sir etgan ko‘rinadi. Har holda, xalqaro arenada muvaffaqiyatga erishganlar ichki musobaqada ham risoladagidek to‘p surishdi va aksincha, maqsadga erisha olmaganlarning yana ishi qovushmadi.
Angliya. Yetakchi trioda «rokirovka»
5-tur natijalaridan keyin APL jadvalini boshqarib kelayotgan uch jamoa bir xil ochko jamg‘argan holda, o‘zaro o‘rin almashdilar. «Enfild»da «Kristal Pelasni 3:0 hisobida taslim etgan «Liverpul» va London derbisida «Tottenxem»ni shunday hisobda yenggan «Chelsi» to‘plar nisbatiga ko‘ra «MYU»ni 3-o‘ringa tushishga majbur etishdi. Qizig‘i, bu ikki jamoa barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha, xuddi kelishib olgandek, bir xil odimlamoqda. Bu ham kamdan-kam uchraydigan noyob holat.
Sulsher shogirdlari esa Londonda «Vest Xem» ustidan irodali (2:1) g‘alabani rasmiylashtirdilar. Ochig‘i, uchrashuv durang bilan tugaganida, adolatliroq bo‘lardi. Biroq De Xea - Nobl duelida darvozabon g‘olib chiqdi.
Amaldagi chempion «Etihad»da «Sautgempton» darvoasiga yo‘l topa olmadi - 0:0.
Mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazayotgan «Brayton» esa o‘z maydonida «Lester»dan ustun kelib (2:1), «Siti»dan o‘zib ketdi va yetakchi uchlikka yaqinlashib oldi.
Avvalgi turda «Chelsi»dan 3ta gol qabul qilgan «Aston Villa» o‘z maydonida «Everton»ni shuncha gol bilan «siyladi». Uotforddan 3 ochko bilan (2:0) qaytgan «Vulverxempton» o‘z uyida boshqa bir debyutant - «Brentford»dan shunday hisobda mag‘lubiyatga uchradi. «Uotford» esa Norijda hanuzgacha ochko olmagan «Norvich»ni 3:1 hisobida yengdi.
Ispaniya. Yana sermahsullikdan yiroq tur
La Liganing 5-turida startdagi sustkashlik takrorlandi. 10 uchrashuvning 6tasida tomonlar murosa (3tasi nursiz) yo‘lini tanladilar. Qolgan 4 bellashuvning 3tasida mehmonlar, bittasida maydon egalari zafar quchdilar. Lekin chinakam kurashga muxlislar «Valensiya» - «Real» (1:2) va «Rayo Valyekano» - «Xetafe» (3:0) uchrashuvida guvoh bo‘ldilar. 86-daqiqaga qadar hisobda ortda qolayotgan «Qirollik klubi» 3 daqiqa ichida 2ta gol urib, «Mestalya»dan 3 ochko bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldi va yaqqol peshqadamga aylandi.
«Rayo Valyekano» «Xetafe»ni uch marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur etgan bo‘lsada, mehmonlar «qora» hududni tark etish uchun bor imkoniyatini sarfladi. Penalti evaziga tezkor gol urgan maydon egalari esa keyinchalik asosiy e’tiborni o‘z darvozalari daxlsizligini saqlashga qaratishdi. O‘yin yakuniga yaqinlashib qolganida muvozanatni tiklashga uringan mehmonlar 2ta qarshi hujumni o‘tkazib yuborishdi.
«Alaves» - «Osasuna» qarama-qarshiligi taqdiri tanaffusga qadar hal bo‘ldi - ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgan mehmonlar ikkinchi bo‘limni g‘alabani saqlab qolishga sarfladilar.
«Barselona» «Kamp Nou»da «Granada»ni yenga olmay, yana o‘z muxlislarini ranjitdi. Ko‘pchilik Kuman jamoasidan YECHLdagi omadsizlikdan («Bavariya», 0:3) tegishli xulosa chiqarishni kutgandi. Biroq amalda o‘yindagi hisob mehmonlar tomonidan ochildi - mezbonlarning himoyadagi xatosidan foydalangan Domingush Duarte o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi. Shundan keyin «Barsa» o‘ziga kelib olguniga qadar «Granada»da yana imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo zarbalarga aniqlik yetishmadi.
Ikkinchi bo‘limda tabiiyki, maydon egalari tashabbusga ega bo‘lishdi va bir qator xavfli hujumlarni tashkil etishdi. Mehmonlar esa qo‘pollik bilan bo‘lsada, hisobni ushlab qolishga urindilar. Oxir-oqibat, hakam Arauxoga nisbatan qo‘llangan qoidabuzarlikni e’tiborsiz qoldirishi natijasida maydonda kichik to‘qnashuv ham bo‘lib o‘tdi. Lekin yakunda kataloniyaliklar safida eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan Arauxo Gavining uzatmasini golga aylantirib, jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Biroq jangovar durang maydon egalarini ham, muxlislarni ham qoniqtirmaganligi aniq.
Germaniya. «Bavariya» odatiy o‘rnini egalladi
«Uik-end» arafasida bo‘lib o‘tgan yevrokubok bahslarining ichki musobaqaga qanchalik ilhom berganiga Bundesliganing hisobot turi natijalari yaqqol misol bo‘la oladi. Avvaliga Leypsigda (4:1), keyin Barselonada (3:0) zafar quchgach, ishtahasi ochilgan «Bavariya» «Boxum» darvozasini naq 7 marta ishg‘ol etdi. Ha, muxlislarga ajoyib gol bazmi tuhfa etildi.
Shuningdek, «Milan»ni dog‘da qoldirgan (3:2) «Borussiya Dortmund» «Union»ni 4:2 hisobida mahv etdi. Hisobga qarab xulosa chiqaradigan bo‘lsak, berlinliklar jiddiy qarshilik ko‘rsatishgandek tuyuladi. Biroq aslida, 3ta to‘p farqi bilan oldinga o‘tib olgan dortmundliklar biroz xotirjamlikka yo‘l qo‘yishdi. Lekin raqib javob to‘pini kiritganidan keyin o‘zlarini o‘nglab olishdi va hisobni yiriklashtirdilar. O‘z uyida iroda evaziga «Ferensvarosh»dan 3 ochko tortib olgan «Bayer» (2:1) Shtutgartda 3:1 hisobidagi g‘alabani rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, «dorishunoslar» 32-daqiqada ozchilik bo‘lib qolgan holda gol urishni uddaladilar. Faqat «Volfsburg» nisbatan kamtarin natija bilan kifoyalandi - Liga 1da o‘z o‘yinini topa olmayotgan «Lill» bilan nursiz durangga imzo chekkan «bo‘rilar» o‘z maydonlarida «Ayntraxt»ga shunday muruvvat ko‘rsatdilar - 1:1. Natijada «Bavariya» to‘plar nisbatiga ko‘ra oldinga chiqib oldi.
Italiya. «Napoli» - yaqqol yetakchi!
4-turning so‘nggi uchrashuvi «A» seriyaning yangi yetakchisini taqdim etdi. Udinega safar qilgan «Napoli» mahalliy «Udineze» darvozasiga 4ta javobsiz gol urib, chempionatdagi ochko yo‘qotmagan yagona jamoaga aylandi. Aslida turga mag‘lubiyatsiz yetib kelgan mezbonlar ham mavsumni risoladagidek boshlashgan va 5-o‘rinda edilar. Shu bois, «Napoli» jiddiy qarshilikka duch kelishi taxmin qilingandi. Biroq Luchano Spalletti shogirdlari ilk daqiqadan tashabbusni o‘z tomonlariga og‘dirishdi va tanaffusga qadar 2ta gol urishdi.
Tanaffusdan keyin Kulibali hisobni yirik ko‘rinishga olib kelgach, o‘yin taqdiri hal bo‘lgandi. So‘nggi daqiqalarda Irving Losano ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Shu turga qadar mag‘lubiyatsiz kelayotgan «Roma» kutilmaganda hali birorta ochkoga ega bo‘lmagan «Verona»ga imkoniyatni boy berdi. Aslida bahs «bo‘rilar» faolligi bilan boshlangan, 36-daqiqada Pellegrini hisobni ochgandi. Lekin ikkinchi bo‘limda tashabbus mezbonlar tomonida bo‘ldi. Ular tez orada 2ta gol urib, oldinga chiqib olishdi. Hatto muvozanatni tiklagan avtogol ham ularni ruhan sindira olmadi. Yakunda Faraonining aniq zarbasi uchrashuvni «Verona» foydasiga hal qildi.
«Juzeppe Meassa»da «Bolonya»ni qabul qilgan «Inter» yirik (6:1) g‘alabani rasmiylashtirib, «Milan»ni quvib o‘tdi. Stefano Pioli jamoasi Turinda «Yuventus» bilan bitim (1:1) imzoladi. Shuningdek, «Lasio» ham bu turda «Kalyari» bilan durangga imzo chekib, qimmatli 2 ochkodan mahrum bo‘ldi.
Bularku mayli, Shvesiyada «Malmyo»ni yirik (3:0) hisobda mahv etgan «Yuventus»ning ichki chempionatda autsayderlar safida yurishi kishini ajablantiradi.
Fransiya. «PSJ» uzoqlashmoqda
Bundesligada «Bavariya» gegemon bo‘lsa, Liga 1da «PSJ»ga tenglasha oladigan jamoa ko‘rinmayapti. «Anje», «Nissa», «Lion», hatto debyutant «Klermon» ham imkon qadar grandga yaqin yurishga urinib ko‘rishdi. Endi navbat «Lans» bilan «Marsel»ga keldi. Lekin poytaxt klubi ancha xotirjam. To‘g‘ri, bu gal «Lion»dan ochko tortib olish oson bo‘lmadi - Neymar bir amallab muvozanatni tiklagan bo‘lsa, Ikardining 3 ochkoli zarbasi qo‘shimcha vaqtning 4-daqiqasida yo‘llandi. Biroq grand maqsadiga yetdi, baribir.
«Nissa» o‘z maydonida «Monako» bilan jangovar durangni rasmiylashtirdi, «Lans» amaldagi chempionni yagona gol evaziga mahv etdi, «Marsel» «Renn» darvozasiga 2ta javobsiz to‘p yo‘lladi. «Anje» esa «Nant»dan yirik (1:4) hisobdagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Ne-ne favoritlarni mahv etib, mavsum kashfiyoti unvoniga nomzod bo‘lib turgan «Klermon» esa o‘z maydonida autsayder «Brest»ni yenga olmadi. Lekin maydonda ozchilik bo‘lib qolishiga qaramasdan, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi - 1:1.
A.AHMEDOV tayyorladi