Yaqinda APL doirasidagi «Vest Xem»ga qarshi bahsda Jessi Lingard o‘zining aniq zarbasi evaziga «Manchester Yunayted»ga muhim g‘alabani tortiq etdi. U o‘tgan yili aynan «bolg‘achilar» safida ijarada o‘zini ko‘rsatgandi. Lingard 16ta uchrashuvda 9ta gol urganidan so‘ng London jamoasi uning transferini sotib olmoqchiligini bildirdi, lekin «MYU» futbolchisini qo‘yib yubormadi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu bejiz emas ekan: angliyalik yarim himoyachining hisobida «qizil iblislar» safidagi uchta o‘yinda ikkita gol bor, bu esa mavsum-2019|2020 bilan solishtirganda ancha yaxshi ko‘rsatkich, o‘shanda lingard atigi bir bor to‘p kiritgandi. Ehtimol, endilikda Sulsherning 28 yoshli shogirdiga munosabati o‘zgarib, unga yanada ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etar?!
Jessi Lingardning qiyin vaziyatga tushib qolganiga ancha bo‘ldi. Hozir uning nima qilish kerakligini bilishi hech kimni ajablantirmaydi. Bir necha yildirki, angliyalik futbolchi noaniqliklar ta’sirida yashamoqda. Chetdan turib, muhokama qilishdan osoni yo‘q. Lingard - bu faoliyati «deyarli» muvaffaqiyatlardan iborat navbatdagi «abadiy vunderkind» edi, lekin u yulduz bo‘lishga qodirligini isbotlay olmadi. Uning tarixi eski, «MYU»da bunday tarbiyalanuvchilar qancha edi?
Lingard 28 yoshida mo‘’jiza kutishdan boshqasiga yaramay qoldi. U har bitta o‘yinda qatnashishni xohlaydi, lekin «Manchester Yunayted» unga bunday imkoniyatni taqdim etishga shoshilmayapti. Go‘yoki, asosiy tarkibga kirishi osondek, ammo har safar kimdir undan o‘zib ketadi. Bolaligidan qadrdon bo‘lib qolgan jamoasi qolish ishtiyoqi yuqori, aynan shu bois Lingard hamon «MYU»da, hamon o‘zgarishlar yaqinligiga ishonmoqda. Yozda «Vest Xem» uni sotib olish taklifi bilan chiqdi, ammo angliyalik futbolchi rad javobini berdi. U kurashishda davom etmoqchi.
Qahramonimiz tavakkalga qo‘l urdi - bo‘lib o‘tgan voqealardan ko‘rinib turibdiki, bu yurish o‘zini oqlamadi. So‘nggi yetti yil ichida Lingard atigi 133 marta maydonga tushdi. Bir mavsum davomida ko‘pi bilan 20ta holatda o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Minimum hisoblaganda, faoliyatining yarmini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi.
Lingard o‘tgan mavsum «Vest Xem»dagi o‘yinlari orqali jiddiy bellashuvlarga tayyorligiga «MYU» bosh murabbiyini ishontirishga shubha qilmasdi. Agar norvegiyalik mutaxassis unutib qo‘ysa, asosiy e’tiborni terma jamoaga qaratsa ham bo‘laveradi. Lingardning fikricha, u «Yunayted» uchun muhim va u... haq. Futbolchidagi kamchiliklarga qaramay, Sulsherda shogirdiga ishonch bildirish uchun taktik sabablar yetarli.
Jessining Andorra bilan o‘yinda urgan ikki goli iliq qarshi olindi. Matbuot futbolchidagi mahorat va pozision o‘yinni alohida qayd etdi. Taktik jihatdan ham u juda kuchli o‘yinchi. Butun maydon bo‘ylab, pozisiyasini o‘zgartirgan holda harakatlanadigan futbolchilar Sulsher uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Lingard «Uembli»da aynan shunday o‘yin ko‘rsatdi. Hozir chap qanotda ko‘pincha Pol Pogba ko‘rinish bermoqda, lekin ehtimol, shu chiziqda aynan bo‘sh hududlarni topishga usta, istalgan qanotdan oldinga yengil uzatmalar beradigan Jessining xizmati asqotishi mumkin.
Hozirgi «Yunayted»ning muhim jihatini tilga olmaslikning iloji yo‘q: murabbiy to‘pni oldinga oqilona harakatlantirishni jamoaga singdira olmayapti. Aynan shu sababli «MYU» futbolchilarining paslarini oldindan sezish qiyin bo‘lmayapti. Unga yo‘q joydan vaziyat yaratadigan aqlli futbolchilar kerak.
Lingard zich hududlarda foydali va xavfli, lekin u boshlangan ishni kamdan-kam hollarda yakunlaydi - uning iqtidorli, lekin g‘o‘r ekanligi haqidagi tushuncha ham shundan kelib chiqqan. Hattoki, Jessining «London Stedium»dagi faoliyati ham hech narsani o‘zgartirmadi. Ha, u yerda ham qahramonimiz barqaror to‘p surolmadi: qisqa muddatda 9ta gol urganiga qaramay, so‘nggi 6ta uchrashuvda hech nima qila olmadi. Shunga qaramay, terma jamoada foydasi tegishini isbotladi. Uning «Nyukasl» va «Vest Xem»ga qarshi bahslardagi gollarini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
***
Lingardning butun faoliyati davomida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlaganini inobatga olsak, «bolg‘achilar»ga rad javobini bergani mantiqsiz tuyulmoqda. U o‘z qadrini biladi, futboldagi aqlini murabbiylar to‘g‘ri baholashiga ishonadi, ammo... bu bilan nimadir o‘zgardimi? Afsuski, futbolchidagi ushbu jihatlarni murabbiylar unchalik e’tirof etishmaydi.
Bejiz shunday qilishyapti. O‘tgan mavsum angliyalik yarim himoyachi besh marta «ikkinchi assist» (samarali uzatmagacha bo‘lgan pas) qayd etdi, bu esa APLda Bruno Fernandeshdan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir. Lingardning atigi 16ta o‘yinda qatnashganini unutmaslik kerak, mazkur statistika o‘yin davomida amalga oshirilgan aldab o‘tishlar va hal qiluvchi paslardan ham muhimroqdir.
«U so‘nggi 12 oy ichida hayotining og‘ir damlarini chetlab o‘tib, tezda jamoaga moslashdi. Lingard bugun nimalarga qodirligini ko‘rsatdi», - degandi Garet Sautgeyt Angliya termasining o‘yinidan so‘ng.
Lingardning «MYU»ga ko‘p foydasi tegishi mumkin. Lekin u «Vest Xem»da yanada foydaliroq o‘yinchi bo‘lardi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi