Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/09 00:00 Real Madrid 3-2 Alaves
25/09 17:30 Paxtakor 6-0 Olimpik
25/09 17:30 Ispaniya 1-2 Venesuela
25/09 20:30 Andijon 0-0 Neftchi
25/09 20:30 Paragvay 3-1 Afg‘oniston
25/09 22:00 Jirona - Rayo Valyekano
26/09 00:00 Barselona - Xetafe
26/09 17:30 Eron - Marokash
26/09 18:30 Navbahor - So‘g‘diyona
26/09 18:30 Dinamo - Surxon
26/09 20:00 Portugaliya - Qozog‘iston
26/09 20:00 Argentina - Xorvatiya
26/09 22:00 Las-Palmas - Betis
26/09 22:00 Espanyol - Vilyarreal
27/09 00:00 Selta - Atletiko
27/09 17:00 Qizilqum - Metallurg
27/09 17:30 Tailand - Fransiya
27/09 19:15 OKMK - Lokomotiv
27/09 23:45 Milan - Lechche
28/09 00:00 Valyadolid - Malyorka

Ohori to‘kilayotgan Joze yoxud bahonalardan soyabon yasagan Mourinyo

Ohori to‘kilayotgan Joze yoxud bahonalardan soyabon yasagan Mourinyo

Baho:
+ | -

Kecha barcha guvoh bo‘lganidek, hamyurtimiz Eldor Shomurodov harakat qilayotgan Rimning «Roma» klubi mehmonda "Bude Glimpt"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchrashuvdan so‘ng esa italyanlar ustozi Joze Mourinyoning OAVga bergan intervyusi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dastlab biroz bo‘lsada tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

«Bu mening aybim. Aynan shunday tarkibda o‘ynashni xohladim. Ba’zi futbolchilarga o‘yin amaliyoti berishga qaror qilgandim. «Roma»dagi bir guruh futbolchilar va boshqa o‘yinchilar orasida darajadagi farq juda katta. Agar bir tarkibni mavsum davomida tushirish imkoni bo‘lganda, shunday qilardim. Futbolchilarga dam olishi uchun imkon ham yaratib berish kerak.

Faoliyatimda ilk bor 6 ta gol o‘tkazib yubordim? Ha, buni bilaman, lekin bu muammo emas. Yirik hisobdagi mag‘lubiyat nafaqat menga, balki futbolchilarga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Kiyim almashtirish xonasida yigitlar bilan gaplashib oldim. Nima deganimni sir tutishga harakat qilaman, buni ommaga aytish shart emas.

«Bude Glimpt» — bizdan ko‘ra yaxshiroq jamoa. Aynan bugun shunaqa ko‘rindi. Ular safida ilk daqiqalardan maydonga tushgan futbolchilar, bizda asosiy tarkibda tushgan o‘yinchilardan sifat borasida yuqori edi», - deydi mutaxassis.

Reytingi yuqori bo‘lgan va dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri sanalgan Mourning tarixidagi ilk yirik mag‘lubiyatidan so‘ng aytgan gaplari hech qanaqasiga uni oqlay olmaydi. Aksincha, bu rimlik muxlislarning qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Ayrimlari hatto, murabbiydan iste’fo ham talab etishmoqda. To‘g‘ri uning gapida ham oz bo‘lsada ma’no bordir. Jamoa kecha deyarli ikkinchi tarkibda bahsni boshladi. Ammo liganing saviyasidan kelib chiqib, 1:6 «bo‘rilar» uchun sharmandali hisob. Zero, sifat jihatidan «Roma» raqibidan bir necha barobar ustun. Jozening quyidagi so‘zlariga e’tibor bering, bugun «special one» bilan jamoa g‘alabaga haqli, «men hamma narsani to‘g‘ri qildim, afsuski, o‘yinchilarning klassi ancha pastlik qildi». Albatta, bu Mourning shaxsiy uslubi. Ammo, dahshatli mag‘lubiyatdan so‘ng unga bu gaplari umuman yarashmadi, endi rahbariyat uning bu kabi so‘zlarini bahonadan boshqachasiga tasavvur qila olmaydi.

Ochig‘i, o‘yin davomida Mourinyoning borligi deyarli sezilmadi. Albatta, bu ko‘chma ma’noda - uning imzosi bahsga ta’sir qilmadi. Kechagi uchrashuvdan so‘ng portugal juda ojiz qiyofada gavdalandi. Beshinchi yoki oltinchi marta jamoasini o‘zgartirar ekan, endi u bergan va’dalar borgan sari haqiqatga to‘g‘ri kelmay qolyapti. Bu esa murabbiyning obro‘sini keskin tushirib yubormoqda. Bu bilan u «Roma» muxlislarini birgina nazariyaga ishontirib boryapti: «Joze to‘g‘ri yo‘lda, bizning tarkib unga mos emas». Aslidachi? Buning teskarisi emasmikan? Haqiqatga tik boqish payti kelmadimikan?

Mayli, yomon tarkib ham deylik. Biroq, faktlarga yuzlanib ko‘ramiz. O‘tgan mavsumda jamoa Yevropa ligasi yarimfinaligacha yetib bordi. Tan olish kerak, ushbu bosqichdan o‘tish uchun rimliklarga kuch yetishmadi. «MYU»ning mukammallashib borayotgan tarkibi jiddiy qarshilik ko‘rsatishi aniq edi.

Shunga qaramay chorak finalgacha jamoada umuman muammo ko‘zga tashlanmadi. Hammasi joyida ko‘rinardi, guruh bahslari ham ancha silliq yakunlandi.

Borxa Mayoral YELning asosiy hujumchilaridan biri bo‘ldi va 7 ta gol urdi. Karles Peres 9 ta o‘yin o‘tkazdi, Villarda 13, Diavarada 10 ta bahs. Kalafyori Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgan «Yang Boyz» darvozasiga bitta gol urgandi. Kumbulla esa «Shaxtyor» bilan muhim o‘yinda alohida ajralib turdi. Ibanes ham asosiy tarkibda birinchi marta o‘ynayotgani yo‘q. Uning hisobida 2 ta gol ham mavjud. Joze aytgan nostabillik yuqoridagi futbolchilarga umuman yarashiqli hol emas. Ularning ko‘pchiligi allaqachon tajribali darajaga chiqib ulgurgan.

Kechagi bahsdagi tarkib nafaqat konferensiyalar ligasi, balki undan ham yuqoriroq bo‘lgan turnirlar uchun ham bemalol «tishi o‘tadigan» darajada. Nafaqat munosib, balki ancha saviyali o‘ynash uchun ham yetarli edi desak bo‘laveradi. Har qalay «Roma»ning mavsum boshidagi o‘yinlari ushbu fikrlarga kelish uchun asos bo‘ladi. Umuman olganda, muvaffaqiyatsiz faoliyatiga qaramay Fonsekaning ishdan bo‘shatilishi xato qaror ekani haqidagi xabarlar matbuotga qalqib chiqdi.

Gasperini o‘rtacha darajadagi tarkib bilan «Atalanta»ni qay bosqichga olib chiqqani barchaga kundek ravshan. Bergamoliklar YECHL yarimfinaliga qadar yetib borib, ko‘pchilikni hayratga soldi. Endi o‘ylab ko‘ring,
o‘z vaqtida grand klublar sharafini himoya qilgan hamda anchadan beri bir jamoada o‘ynab kelgan futbolchilarga «sifatsiz» ta’rifini berish yaxshi xususiyat emas, bu shunchaki o‘zini oqlash uchun oddiy bahona xolos.

Ba’zi odamlar fikriga ko‘ra, ommaviy bosim orqali samarali natijaga erishish kafolatlangan, hammaning usuli o‘zgacha. Ammo faqatgina o‘ziga yoqqan o‘yinchilar bilan maqsadga erishish deyarli imkonsiz. Joze balki o‘zi uchun kerakli tarkibni personal istak-xohishlar orqaligina yig‘ishiga ishonar. To‘g‘ri, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi super darajada yuqori. Biroq bu qolgan futbolchilarni keraksizga chiqarib yuborish kerak degani emas.

«Roma» muxlislari ayni dam kuchli to‘rtlik asosiy maqsad ekanligi hamda Konferensiyalar ligasi hech kimga kerakmasligi borasida gapirishmoqda. Ko‘p yillar davomida ko‘tarilgan teoriya hozir ham amalda: Yevropa Ligasiga ham hech kimga foyda keltirmaydigan va yuqori maqsadlar uchun kurashga xalaqit beruvchi turnir sifatida qaralmoqda.

Bundan kelib chiqadiki, bugungi «Roma»da muammolar yetarlicha topiladi. Agar jamoa aniq tamoyillarga asoslangan bo‘lganida edi, maydondagi futbolchilar hamda Joze bu qadar ko‘p muhokamalarning mavzusiga aylanmasdi. Agar tarkibda sog‘lom raqobat bo‘lsa edi, zaxiradagilar har qanday o‘yinda ham asosiy tarkib o‘yinchilaridan kam emasligini, murabbiyning fikrlari shunchaki oddiy gap ekanligini barchaga isbotlagan bo‘lardi. Bu kabi "Bode Glimpt"ga qarshi bahslar fonida kulgili bahonalar yangramagan bo‘lar edi. Nima ham der edik, Mourinyoga eski obro‘sini tiklash uchun vaqt berilishi aniq, biroq murabbiyning ushbu imkoniyatdan qanday foydalanishi faqatgina uning o‘ziga bog‘liq.

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi

Kiritildi: 23:50, 22.10.2021.
O'qildi: 3945 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.