Bugun Angliya Premyer-Ligasi jadvalida uchinchi o‘rinda borayotgan "Manchester Siti", o‘zidan ikki ochko kam to‘plagan «Brayton» maydoniga safar qiladi.
Shu o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pep Gvardiola o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Unning fikricha «Siti»ning ajoyib formada ekanligi, faqat unga emas, jamoaning har bir a’zosiga bog‘liq.
Bundan tashqari, hafta o‘rtasida «Bryugge» darvozasini ishg‘ol qilgan Kayl Uoker joriy mavsum «shaharliklar»ning gol urgan 15-futbolchisiga aylandi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Angliyaning hech bir klubi Manchester jamoasi bilan raqobatlasha olmaydi.
Pep: "Biz uddaladik, men emas. Men jarayonning bir qismiman. Meni hech qanday shartsiz qo‘llab turishganini tasavvur ham qila olmaysiz. Albatta, biz bu yerda ekanligimizning asosiy sababi - bu o‘yinchilar. Lekin, barcha xodimlarning hissasi bor. Odamlar biz javobgarmiz deb hisoblashadi. Bizning jamoaga ta’sirimiz aytilganidan kamroq".
"Jamiyatda, siz bir kishiga e’tibor qaratishni istaysiz. Hamma qatnashayotganini tushunish qiyin. Men o‘yinni yutdim, degan hissiyot hech qachon menda bo‘lmagan. Bu jamoa. Men tengdoshlarim, shogirdlarim, xodimlar yordam berishgani uchun ishimni yaxshi bajaryapman. Men ular yanada yaxshiroq bo‘lishlari uchun yordam berishga urinaman. Bu bizning asosiy sirimiz. Yaxshiroq bo‘lishimiz uchun bizga «egolar» kerak, ammo o‘zlarini o‘ylaydigan insonlar bilan birga bo‘lishni istamayman".
"Jamoa juda ham yaxshi holatda", - deya qo‘shimcha qildi Pep undan jamoadagi holat haqida so‘ralganida.
Gvardiola chorshanba kuni o‘zaro kelishgan holda «Nyukasl»ni tark etgan murabbiy Stiv Bryusni qo‘llab-quvvatladi.
"U oliyjanob inson. Kataloniyadan kelganimda doim menga g‘amxo‘rlik qilardi. Unga eng yaxshi tilaklarni tilab qolaman. Murabbiylar hammasi uchun qo‘ldan kelgancha eng yaxshisini qilishga intilishadi. Ba’zida yutasiz, ba’zan esa yutqazasiz.
Hech kim bunday munosabat qilishga loyiq emas, ammo uni biladigan oilasi, do‘stlari, «Nyukasl» aholisi, futbolchilar uning kim ekanligini aniq bilishadi.
Unga yaxshiliklarni tilayman va unga imkoniyat berilganda yana qaytadi. Uning qonida futbolga muhabbat mavjud. Umid qilamanki, u bilan tez orada ko‘rishaman".
Eslatib o‘tamiz, bugungi bahs «Brayton» maydonida o‘tkaziladi va Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da boshlanishi rejalashtirilgan.