Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Vinisius Junior: «Gollar kelishini bilardim...»

Vinisius Junior: «Gollar kelishini bilardim...»

Baho:
+ | -

12 sentyabr sanasi 560 kundan keyin bag‘rini yana muxlislarga ochgan «Santyago Bernabeu» chinakam futbol bayrami o‘chog‘iga aylandi. Muxlislar ayniqsa, o‘sha oqshom ham gol urib, ham ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Vinisius Junior (Vinisius Joze Payshan de Oliveyra)dan benihoya xursand bo‘lishdi. Ayni payt professional fao­liyatidagi eng yaxshi shaxsiy va jamoaviy lahzalardan bahra olayotgan braziliyalik hujumchi esa o‘yindan keyin AS nashriga intervyu berib, bir gapni alohida ta’kidlagandi: «Ravon yo‘lga tushib, gollar ura boshlashimni bilardim». Vinisius shundan keyin ma’lum vaqt sukut saqladi va o‘tgan seshanba kuni CHL doirasida «Shaxtyor»ga qarshi kechgan uchrashuvda qandaydir 6 daqiqa oralig‘ida «dubl» rasmiylashtirdi. Demak, «Real»ning braziliyalik hujumchisi avvalgi oy gollar uradigan vaqti yaqinlashayotgani haqida bejiz gapirmagan ekan.

- «Selta»ga qarshi bahsdagi harakatingiz ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Zero, «Bernabeu»da, muxlislar qarshisida oxirgi marta 2020 yilning 1 mart kuni «Barselona» bilan bo‘lgan o‘yinda gol quvonchini tuygan edinsiz. Jonajon arenaga qaytish esa siz uchun xuddi filmdagidek bo‘ldi...

- Ha, hammasi g‘ayrioddiy. Muxlislarimiz o‘yin davomida bizni qo‘llab-quvvatlashdan charchamasliklarini bilardik. Ayniqsa, birinchi bo‘lim 1:2 hisobida yakunlangach, muxlislar daldalari muhimligini tushundik. Qisqasi, ularning yordamlari hal qiluvchi amahiyatga ega. Futbolchi maydonda muxlislar mehrini his qilsa, hammasi ancha osonlashadi.

- Pandemiya tufayli orada ancha vaqt «Alfredo di Stefano» arenasida, boz ustiga, bo‘sh tribunalar ostida o‘ynashinglarga to‘g‘ri keldi. Valdebebasdagi o‘sha sukunat qanchalik qo‘rquv uyg‘otdi?

- Tan olish kerak, Valdebebasda darhaqiqat, rosa qiynaldik. Xususan, Braziliyada hamisha ehtiros va futbol birga, men shunaqa manzaraga o‘rganib qolganman. Tribunalar shovqini - o‘ziga xos kuch manbai. Ishonamanki, endi sovrinlar yo‘lida tetikroq kurash olib boramiz.

- 2018 yili «Bernabeu» sizni o‘ta iliq kutib olgandi. Lekin bu yerda Zidan va hattoki, Krishtianu Ronaldu kabi afsonalarga ham hushtak chalishgan...

- Menga nisbatan yaxshi munosabat shakllanganidan xursandman, albatta. O‘ylaymanki, bu o‘yin uslubim bilan bog‘liq. Chunki odatda hech qachon orqaga chekinmayman. Bordiyu, biror harakatim ish bermasa, yana urinib ko‘raveraman. Tushunarliki, muxlislarning iliq munosabatlari uzoq yillar davom etishidan ham umidvorman.

- 18 yoshdayoq Santyago Solari qo‘l ostida vertikal futbol bilan «Bernabeu»ni bir necha marta oyoqqa turg‘izgansiz. Hozirgi o‘yiningiz esa gorizontal ko‘rinishda, to‘pni ko‘proq nazorat qilishga qaratilgan. Bu uslub Braziliya ko‘cha va sohil futboli madaniyatidan o‘tganmi?

- Bu yerda o‘zimni xuddi Braziliya ko‘chalarida to‘p tepayotgandek his qilyapman. Axir biz - braziliyaliklar avvalo, zavqlanish uchun o‘ynaymiz.

- «Selta» darvozasiga gol urgach, uni nishonlash uchun muxlislar tomon sakradingiz. Ayni shu harakatingiz ko‘p tanqid qilindi...

- To‘xtang, shunchaki, ehtiroslarga berildim. Axir uzoq vaqt muxlislar oldida o‘ynolmadik. Aslida bu butun «Bernabeu» bilan quchoqlashish edi. O‘sha muxlislardan hech birini shaxsan tanimayman - bu biz bilan birga bo‘ladigan barcha fanatlarga atalgan og‘ush.

- Hozir osongina gollar uryapsiz, ilgari ko‘pincha qiyinchilikka duch kelardingiz. O‘zgarishning siri bormi?

- Barchasi mashaqqatli mehnat, Valdebebasdagi ko‘p soatlik mash­g‘ulotlar samarasidir. «Real» safiga qo‘shilganimdan buyon men uchun ketma-ket gollar uradigan vaqt kelishini aytib kelaman. Joriy mavsum boshidan o‘zimni har tomonlama yaxshi his qilyapman. Chunki bosh murabbiy ishonchini yaqqol sezyapman.

- Anchelotti sizga shunday ishonch bag‘ishlash uchun aynan nima qildi?

- Uning aytishicha, darvoza tomon zarba berishdan oldin to‘pga bir yoki ikki marta teginish yetarli. Bu aynan men uchun muddao. Qancha ko‘p imkoniyat yaratsak, shuncha ko‘p gol uramiz. Umuman, don Karlo Valdebebasda men bilan ko‘p ishladi va rivojlanishimga yordam bermoqda.

- Statistikaga qarasak, deyarli har ikkinchi zarbangiz gol bilan tugamoqda...

- Ishonch - hujumchi uchun asosiy omil.

- Ishonchni mustahkamlash uchun sport psixologlari yoki alohida mutaxassislarga ham murojaat qildingizmi?

- Yo‘q, chunki hech qachon ishonch masalasida muammoga duch kelgan emasman. Deylik, «Flamengo»da juda ko‘p gol urardim. Xullas, «Madrid»da ham ertami-kech gollar kelishini bilardim. Bu tomondan mutlaqo xotirjamman va hozir faqat qanday gol urish yoki assistentlik qilish haqida o‘ylayapman.

- Madriddagi hayotingiz qanday?

- Bu yerda oilamiz jam: ukalarim bilan birga yashayman. Shaharni va madridliklarni yaxshi ko‘raman. O‘zimni uydagidek erkin sezaman. Qolaversa, shaxsiy fizioterapevtim men bilan birga, kechqurun jismoniy holatni yaxshilash uchun uyda ham ishlaymiz. Oddiy aytganda, o‘zimga jiddiy e’tibor qaratyapman.

- Yozda yetarli amaliyot hosil qilish va tajriba orttirish uchun sizga Primeroning boshqa biror yaxshi jamoasiga ijara kelishuvi asosida borishni tavsiya etishgandi. Lekin bunday variantdan so‘zsiz voz kechdingiz.

- Hamisha klub prezidenti va doimo qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislar hurmati faqat «Re­al»da muvaffaqiyat qozonishni xohlayman. Oilam uzoq yillar Madridda qolishini ham. Bosh­qasi qiziq emas. «Real»da bir necha mavsum o‘ynab, ko‘plab yutuqlarga erishgan futbolchilar yetarli. Maqsadim - shunday afsonalar qatoridan joy olish.

- «Qirollik klubi»da Roberto Karlosdek afsonaviy vatandoshingiz bor. Yana Kazemironing kiyinish xonasida sizga zarur maslahatlar berib turishi ham ma’lum. Bir tomonda Militao va Rodrigo kabi yoshlar ham qo‘llab-quvvatlashadi. Jamoada braziliyaliklarning borligi nechog‘li muhim?

- Ha, yoshlik shijoati va faxriylar tajribasining uyg‘unligi katta yordam beradi. Ana, Kamavinga safimizga yaqinda qo‘shildi, juda yosh va saviyali o‘yinchi, yana Fede Valverde, Rodrigo, Migel Gutyerres ham bor... Yoshlar guruhi  - «Madrid» kelajagini kafolatlaydi.

- Ammo o‘zingiz 21 yoshda allaqachon faxriylar guruhiga qo‘shildingiz. Har holda, «Real»­da 4-mavsumni o‘tkazyapsiz, jamoa libosidagi o‘yinlaringiz soni esa 120tadan oshdi. Chindan ham, jamoaning yangi yosh futbolchilariga namuna bo‘la olasiz...

- «Real» libosini 18 yoshli o‘smirlik chog‘i kiydim. O‘shandayoq barchasini teran o‘ylagan va oxir-oqibat, Marselo, Serxio Ramos va Karim Benzema kabi bu jamoa­da uzoq yillar o‘ynashimga ishongandim. Shubham yo‘q, jamoaning hozirgi kuni va kelajagi porloq. Faqat biz - yoshlar faxriylardan saboq olishda davom etsak, bas. Muvaffaqiyatli ish formulasi shu.

- Anchelottining salohiyatingizga shubha qilmasligi isboti shuki, u sizni odatda sevimli pozisiyangizda o‘ynatmoqda...

- Janob biz aslida yanada ko‘prog‘iga qodirligimizni yaxshi biladi va kuchli tomonlarimizdan maksimal darajada foydalanishni xohlaydi. Deylik, «Selta»ga qarshi bahsda Eden va Karim bilan ko‘p narsalarni birlashtirdik va bu holat ishimizni ancha yengillashtirdi.

- Umuman, «Selta» darvozasiga o‘ta sovuqqonlik bilan gol urdingiz. «Levante»ga qarshi o‘yin­da ham ham xuddi shunday bo‘lgandi...

- Takror aytaman, agar o‘zingizga to‘liq ishonsangiz, hammasi odatdagidan osonroq kechadi. O‘sha vaziyatga oldindan tayyorgarlik ko‘rgandik. Karimga tanaffus payti ham baralla gapirgandim: «To‘pni qabul qilganing bilan yo‘limga tashlab ber, qolganini ko‘raverasan». Qisqasi, mutlaqo xotirjam edim, darvozabon oldiga yolg‘iz chiqib bordim, keyin biroz tin oldim va to‘pni qarama-qarshi burchakka yo‘naltirdim.

- Keling, Benzema haqida ham gaplashaylik. Endi sizlarda to‘liq uyg‘unlik bor: birga tushgan fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiryapsizlar. Ammo o‘tgan yili Benzema va Mendi o‘rtasidagi suhbatni yozib olishda jiddiy muammolarga duch kelgandingiz...

- Karim bilan o‘ynash - rohat. Umuman, bolaligimdan uning ashaddiy muxlisiman. Shunday ekan, Benzema yonida o‘ynash - katta baxt. U tarixdagi eng yaxshi futbolchilardan biri va har doim atrofidagi yigitlarga yordam beradi. Albatta, hozirda birga o‘ynayotganimizdan bag‘oyat xursand­man. Karim bilan maydonda ham, uning tashqarisida ham yaxshi chiqishaman. Deylik, muvaffaqiyatga erishishim noma’lum bo‘lgan paytlar ham mendan yordamini ayagani yo‘q. Umuman, maydonda juda ko‘p gaplashamiz.

- Hamyurtingiz Marselo ham «Real» safiga aynan 18 yoshida qo‘shilgandi...

- Yaxshi holatdamanmi yoki yo‘q, u har doim qanday maslahat berishni biladi. Axir tajribasi juda katta. Marselo shuningdek, u kabi bu yerda ko‘p yillar davomida o‘ynashim kerakligini alohida ta’kidlaydi. Umid qilamanki, xuddi shunday bo‘ladi.

- Ispaniya fuqaroligini olish jarayoni qanday kechmoqda?

- Menimcha, masala hal bo‘lishiga oz qoldi - hozir kutyapmiz. Qalban braziliyalikman, lekin Ispaniyada ko‘p yillar yashash orzusidaman. Umuman, hozirdanoq o‘zimni ispandek his qila boshladim qaysidir ma’noda.

- Braziliya milliy jamoasi tarkibida raqobat kuchli ekanligiga qaramay, Tite ishonchiga ham kirib, asosiy tarkibdan joy ola boshladingiz.

- Agar «Real»dek klubda muntazam o‘ynab, imkoniyatingizni to‘liq ko‘rsata olsangiz, unda terma jamoa tarkibiga kirishingiz ancha oson. Men bilan xuddi shunday bo‘ldi.

- Pichichi sovrini uchun kurashda Benzemaga qarshi chiqishga jur’atingiz yetadimi?

- Umid qilamanki, bundan ke­yin yanada ko‘proq gol uraman, lekin shuning barobarida Karimning statistikasi yanada yaxshi bo‘lishiga ham yordam beraman.

- Ko‘p sonli muxlislaringizga tilaklaringiz...

- Menga bergan muhabbatlari uchun ulardan cheksiz minnatdorman. Muxlislar har doim biz bilan birgalar. Ular bilishsinki, eng yaxshi onlar hali oldinda.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:32, 29.10.2021.
O'qildi: 2356 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.