«Liverpul» sobiq hujumchisi, ayni paytda «Atletiko» klubida faoliyatini davom ettirayotgan Luis Suares o‘zining mersisaydliklar safidagi davrini esladi hamda Chempionlar Ligasi guruh bosqich 4-turi doirasida jamoalarning to‘qnashuvida faqat g‘alaba qozonishni maqsad qilganini aytib o‘tdi.
«Liverpul»ga qo‘shilishi va «Enfild»dagi atmosfera haqida
«Liverpul»ga o‘tganimda, PlayStation'da o‘ynagan jamoam ekanligini eslagandim. Istalgan futbolchi u yerda o‘ynashni xohlaydi - har bir bola, har bir o‘spirin. «Enfild»dagi atmosferani ko‘rish ajoyib edi. Premyer Liga o‘yinlarini ko‘rish aqlbovar qilmas darajada edi va bu orzularimdan biri amalga oshishi uchun imkoniyat bo‘lgandi. Birinchi daqiqadan u yerda bo‘lish, odamlarning mehrini his qilish.
Klub afsonalari bilan o‘ynashi haqida
O‘sha vaqtda Fernando Torresning jamoadan ketgani va u bilan o‘ynash o‘zgacha bo‘lishiga qaramasdan klub afsonalari - Stiven Jerrard, Martin Shkrtel, Denni Agger, Pepe Reyna va Jeymi Karrager bilan bir kiyim almashtirish xonasida, bir muhitda bo‘lish men uchun ishonib bo‘lmas holat bo‘lgan.
Muxlislarning hurmatini qozonishi haqida
O‘ylaymanki, futbolchi maydonga tushganida har safar o‘zi o‘ynayotgan klubi uchun mas’ul ekanligini tushunishi kerak. Keyin ishqibozlar o‘sha ishtiyoqni, maqsad uchun intilishni, har bir to‘p uchun kurashayotganingni ko‘rishadi. Bu meni har doim qo‘llaydigan yo‘lim edi. Sizda yaxshi va yomon o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Siz juda yaxshi o‘ynashingiz yoki faoliyatingizdagi eng omadsiz o‘yinlar o‘tkazishingiz mumkin, ammo ular sizning fidoiyligingizni ko‘rishsa, sizning taslim bo‘lmayotganingizni sezishsa, keyin ular buni qadrlashadi.
Ular mening majburiyatimni sidqidildan bajarayotganimni, «Liverpul»ga bo‘lgan istagim va uning top klubda bo‘lishi uchun davom etayotganimni ko‘ra olishgan. Biz istagan maqsadga erisha olmagan bir necha yillar bo‘lgani rost. Ammo, ular mening munosabatimni ko‘rishgan va shuning uchun ham o‘rtamizda shunday munosabat - sevgi bor edi. Bu men va ishqibozlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik. Bu ishonib bo‘lmas darajada bo‘lgan va «Enfild»da o‘ynash uchun qo‘shimcha motivasiya bergan.
"You'll Never Walk alone" qo‘shig‘ining kuchi haqida
Qo‘shiq matnida hammasi aytilgan. Siz yomon o‘ynashingiz, ketidan yana yaxshi bo‘lmagan o‘yin o‘tkazishingiz mumkin, ammo ular hech qachon sizga ishonishdan to‘xtashmaydi. O‘zingiz yolg‘iz yurishingizga qo‘yib berishmaydi, ular aytganidek. Odamlar to‘pni yo‘qotganingizda hushtak chalishmaydi. Ular sizga ishonishda davom etishadi, chunki siz «Liverpul» uchun o‘ynayapsiz. Odamlar sizga berayotgan o‘sha ishonch juda katta. Juda katta hurmatga, qadr-qimmatga ega futbolchilar bo‘lgan. Ular ko‘p ham muvaffaqiyatga erishishmagan, lekin maydonga chiqishganida, insonlardan kelayotgan mehrni his etishgan. Bu ajoyib, bu sizga ishonch beradi.