Qatarda Jahon chempionati boshlanishiga bir yildan ko‘proq vaqt bor. Katta futbol bayrami 2022 yil 21 noyabrda boshlanadi. Ba’zi qit’alarda JCH-2022 musobaqasi saralash uchrashuvlari yakunlandi. Ko‘pchilik terma jamoalar mundial yo‘llanmasiga ega chiqishgan bo‘lsa, bir qancha yulduz futbolchilar jahon chempionatidan quruq qoladigan bo‘ldi. Hozir esa Qatarda bo‘ladigan JCHga bormaydigan futbolchilar ramziy terma jamoasini taqdim etamiz.
Darvozabon
Yan Oblak (Sloveniya)
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizning eng qimmat darvozaboni (70 million yevro) Qatardagi jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. Sloveniya terma jamoasi Xorvatiya terma jamoasidan katta farq bilan ortda qolib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha slovakiyaliklarga imkoniyatni boy berib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Haligacha yirik xalqaro turnirda ishtirok etish nasib qilmagan Oblak yanvarda 29 yoshga to‘ladi, keyingi jahon chempionati vaqtida esa 33 yoshga to‘ladi.Aytgancha, Yan Serbiyada o‘ynashi mumkin edi. Sababi, uning onasi serbiyalik. Mazkur jamoa esa mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Himoyachilar
Berat Jimsiti (Albaniya)
Albaniyalik futbolchi “Atalanta” futbolchisi hisoblanadi. Jimsiti JCH-2022ga chiqishi mumkin edi. Sababi, Syurixda tug‘ilgan bo‘lib, Shveysariya yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan. Lekin, u ajdodlari vatanini tanladi va yirik turnirlarda umuman ishtirok etmasdan qolib ketish xavfi ostida.
Milan Skrinyar (Slovakiya)
Shkrinyar A seriyaning eng kuchli himoyachilaridan biri va dunyoda Milandan kuchliroq markaz himoyachilar kam. Afsuski, Skrinyar hozirda terma jamoasidagi yagona yulduz, shu sababdan ham Slovakiya terma jamoasi Qatarga yo‘l olish uchun jiddiy da’vo qilish uchun yetarli emas edi.
Stefan Savich (Chernogoriya)
Savich “Atletiko” safida 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi, Diyego Simeone uning o‘yinini juda ham qadrlaydi va bu gapni ko‘p takrorlaydi. Stefan Yevropa ligasida g‘olib chiqdi, Angliya va Ispaniya chempioni bo‘ldi, Chempionlar Ligasi finalida o‘ynadi, ammo hozircha u bu go‘zal mamlakatning barcha aholisi kabi Chernogoriya terma jamoasining JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni orzu qiladi.
Yarim himoyachilar
Frenk Kessi (Kot-d’Ivuar)
Mavsum oxirida yarim himoyachining “Milan” bilan shartnomasi tugaydi va Frenkni Yevropaning ko‘pgina grand klublari erkin agent sifatida qo‘lga kiritishga tayyor. Kessining klubdagi faoliyatidan ajoyib. Lekin, uning terma jamoa miqyosida omadi kelmagan. Kot-d’Ivuar terma jamoasi guruhdagi birinchi o‘rinni Kamerunga boy berib, Afrika saralashining ikkinchi bosqichidan o‘ta olmadi.
Nabi Keyta (Gvineya)
“Liverpul” yarimhimoyachisi Nabi Keyta Afrika qi’asi JCH-2022 saralashining ikkinchi bosqichida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan Gvineya terma jamoasi sardori: “Fillar” guruhda birorta ham o‘yinda g‘alaba qozona olishmadi (4 durang, 2 mag‘lubiyat). Bu terma jamoa saviyasi ma’lum. Demak ortiqcha gapirish shart emas.
Yosip Ilichich (Sloveniya)
Ilichich hozirda 33 yoshda. U hozirgacha terma jamoasi bilan JCHda hech qachon o‘ynamagan. Keyingi mundialda esa 37 yoshga to‘ladi va katta ehtimol bilan Yosipga ham futbol bo‘yicha eng yirik turnirda qatnashish armon bo‘ladi. Yana bir qiziq ma’lumot shundaki, asli xorvat bo‘lgan Ilichich Xorvatiya terma jamoasida ham o‘ynashi va o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi...
Martin Edegor (Norvegiya)
Edegor 14 yoshida birinchi marta OAVda tilga olingan. Martin hozirda bor-yo‘g‘i 22 yoshda. “Arsenal” a’zosi aqlli futbolchi, lekin ko‘p narsa unga halaqit beradi. Masalan, Edegor “Real Madrid”da o‘ynab yurgan paytda, ko‘pincha zaxirada qolib ketardi. Joriy mavsum avvalida u “Arsenal”ga ko‘chib o‘tdi va asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Norvegiya esa saralashda Niderlandiya va Turkiyadan keyin 3-o‘rinni egallab, JCH yo‘llanmasini qo‘ldan chiqardi.
Dominik Sobosloi (Vengriya)
Mazkur joyda Genrix Mxitaryan bo‘lishi mumkin edi, lekin “Roma” a’zosining o‘yinida ancha pasayish bo‘lgan. Sobosloi esa endigina faoliyatini boshlangan. U Avstriyada o‘ynadi va hozirda “Leypsig” yetakchisi hisoblanadi. Biroq, terma jamoadagi faoliyati yorqin emas. Dominik jarohati tufayli Yevro-2020ni o‘tkazib yubordi, vengerlar esa JCH-2022ga chiqa olishmadi.
Hujumchilar
Pyer-Emerik Obameyang (Gabon)
Obameyangni tanishtirish kerak emas: Pyer klub darajasida uch yuzta gol urdi. Shuningdek, u Gabon terma jamoasi sardori hisoblanadi. “Arsenal” futbolchisi milliy jamoasi safida muntazam ravishda gol urib keladi. Obameyangning gollari Liviya va Angolani mag‘lub etishga yordam berdi, ammo Salahi bor Misr termasi hech qanday muammosiz guruhda g‘alaba qozondi va saralashning so‘nggi bosqichiga yo‘l oldi.
Erling Holand (Norvegiya)
Shubhasiz, Holand hozirgi kunda bo‘lajak Jahon chempionati uchun eng katta yo‘qotish hisoblanadi. Kilian Mbappe va Erling Holland jahon futbolida keyingi o‘n yillikni belgilab beradigan shaxs deb taxmin qilinmoqda. Lekin terma jamoa darajasida emas. Fransuz allaqachon jahon chempionligiga ega chiqqan, norvegiyalik esa yana yirik turnirda qatnashmaydigan bo‘ldi: uning jamoasi Yevro-2020 va JCH-2022da ham ishtirok etmaydi.