Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Stefano Pioli: «Biz endi kata jamoamiz»

Stefano Pioli: «Biz endi kata jamoamiz»

Baho:
+ | -

«Milan» bosh murabbiyi Stefano Pioli futbol taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va erishgan natijalari uchun Nils Lidxolm nomidagi mukofotga loyiq ko‘rildi. «Rossonerlar» ustozi 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida jurnalistlarga ham vaqt ajratdi. Tabiiyki, Pioli savol-javoblar boshlanishidan oldin yig‘ilganlarga yuksak e’tirof uchun minnatdorchilik bildirdi: «Albatta, ushbu mukofotni qo‘lga olish - katta sharaf. Nils Lidxolm maydonda ham, undan tashqarida ham o‘z uslubi va donoligini yaqqol ifodalagan, olijanobligi bilan ajralib turgan. U Italiya futboliga ko‘p qadriyatlarni meros qoldirdi. Men ham shunday qilish harakatidaman, albatta, o‘z yo‘lim va yo‘nalishimda».

- Lidxolm davridagi va hozirgi «Milan» o‘rtasida qandaydir o‘xshashliklar bormi?

- Yaqqol o‘xshash jihatlarni topish qiyin. Hozirgi jamoa bilan katta «sayohat»ni atigi 2 yil oldin boshladik va tez orada foydasi ko‘rinishidan umidvormiz. Kuchli jamoa shakllantirish va uni ravon yo‘lga olib chiqish ma’lum vaqt talab qiladi, albatta. Muhimi, vaqtdan imkon qadar foydalanish, maksimal tezlik olish harakatidamiz.

- Sandro Tonaliga «Milan»ning bo‘lajak sardori sifatida qarasak bo‘ladimi?

- Juda iqtidorli yigit, unda buyuk futbolchi va klub timsoliga aylanish uchun hammasi mujassam. Faqat ko‘proq va tinimsiz ishlasa, bas.

- Zaxira o‘rindig‘ida o‘zingizni tutish uslubingiz haqida ko‘p gapirishadi...

- Eng asosiysi, inson har doim o‘zligini saqlab qolishi kerak, menimcha. Soxtalikdan hech ma’no yo‘q. Hozirgi ishimga borimni bag‘ishlayapman, ammo futbolda muvozanatni ushlab turish oson emas. Bugungi «Milan» ancha yosh, katta jamoalar qatoriga kirishi uchun esa vaqt kerak. Tabiiyki, hamma uchun sevimli jamoaga aylanish yo‘lida xatolar ham kuzatiladi, baribir.

- Kun kelib, imkoniyat tug‘ilsa, Italiya milliy jamoasini boshqarishni xohlarmidingiz?

- Kelajakda ehtimol, xohlab qolarman. Lekin ayni payt doimiy va qizg‘in ish jarayonida bo‘lishni ma’qul ko‘raman. «Milan» - buyuk klub, shunday ekan, «rossonerlar» bilan imkon qadar uzoqroqqa borishdan umidvorman.

- Demak, manfaatli takliflar tushsa ham, «Milan»da qolishni afzal ko‘rasiz, shundaymi?

- Ha. Umid qilamanki, hamkorligimiz uzoq davom etadi. Chunonchi, jamoadagi birinchi kundanoq ajoyib hissiyotlar qurshovida ishlayapman. Muhimi, hamma bilan munosabatimiz a’lo darajada. Biz birgalikda yaxlit kuchmiz, yagona maqsad va yo‘nalish bo‘yicha oldinga intilamiz. Eng asosiysi ham - shu.

- Zamonaviy futbolda murabbiy roli qanchalik o‘zgardi?

- Futbolning o‘zi katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Endilikda o‘yinchilar ham individual, ham jamoaviy rivojlanish uchun har bir daqiqadan unumli foydalanishlari shart. Tushunarliki, 3 kunda bir marta rasmiy o‘yin o‘tkazish oson emas, ayniqsa, ruhiy tomonlama. Xayriyatki, menda jamoani shug‘ullantirishga ishtiyoq katta.

- Aytingchi, aynan qaysi murabbiydan ko‘proq o‘rgangansiz?

- Faoliyatim davomida ko‘plab ajoyib murabbiylar qo‘l ostida yuqori saviyali jamoadoshlar bilan o‘ynaganman. Xususan, Jovanni Trapattoni, Osvaldo Banyoli va Klaudio Ranyeridan ko‘p narsa o‘rgandim. Hozirgi juda aniq shakllangan o‘yinimizni to‘g‘ri tushunishim - buyuk murabbiylardan saboq olganim samarasi. Ularning ham biridan nimadir olganman.

- Hozirgi mukofot siz uchun nimani anglatadi? Umuman, Lidxolm shaxsini qanday ta’riflaysiz?

- Nils Lidxolm - ajoyib futbolchi, murabbiy va sportchi. Boshqa ta’rifga hojat yo‘q. Takrorlayman, ushbu mukofot menga g‘urur bag‘ishlaydi. Bundan faqat faxrlanish mumkin.

- Aytishlaricha, tez orada «Milan» rahbariyati bilan amaldagi shartnomangiz muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokara boshlar ekansiz...

- Klub bilan bir tanu bir jon misolidekmiz. Birga bosilgan qadamlardan katta kuch oldik. Shunday ekan, hamkorlikni davom ettirishdan har ikki tomon birdek manfaatdor.

- Yanvar oyida tarkibda yangi futbolchilarni ham ko‘ramizmi yoki asta-sekin jarohatdan qutulayotgan yigitlarga tayanasiz?

- O‘ylaymanki, safdan chiqqan o‘yinchilarni vaqtida tiklay olamiz, hozir shu bilan shug‘ullanyapmiz. Xullas, tanaffusdan keyin ko‘plab yigitlar o‘ynashga tayyor holatga kelishadi. Ha, mavsumni yaxshi boshladik, lekin yanada kuchliroq o‘ynashimiz talab etiladi.

- 2 yil oldingiga nisbatan «Milan»ga bog‘liqligingiz ancha oshganini his qilyapsizmi?

- Ishonchim komil, «Milan» bilan o‘zaro munosabatimiz tobora rivojlanmoqda. Jamoa boshqaruvini qo‘lga olgach, darhol o‘zgacha energiya va ulkan motivasiyani his qildim. Barchamiz kamtarlik va barqarorlik bilan ishlashda davom etishimiz kerak. Zero, oldimizda qiyin vazifalar turibdi, agar ayni xohish va qat’iyatimizni saqlab qolsak, hammasiga erishamiz.

- FIFA kunlaridan keyin jamoangizni siz uchun ahamiyatli raqib kutmoqda - «Fiorentina». Davide Astori haqida qanday xotiralaringiz bor va bo‘lajak o‘yindan nimalar kut­yapsiz?

- Davide odobli, dono va saxovatli sportchi edi, yana turli qadriyatlar egasi... Ha, «Fiorentina»ga qarshi o‘yin men uchun alohida ahamiyatga ega. Yaxshi o‘ynayotgan jamoaga qarshi murakkab bahs! Asosiysi, munosib tayyorgarlik ko‘rish.

- «Milan» yana qaysi jabhalarda o‘sishi mumkin?

- O‘yinni ko‘p tomonlama yaxshilash imkoniya­ti bor. Tobora yetarlicha qurollangan kuch sifatida yetuklashyapmiz. Birinchi navbatda, o‘yinning qiyin pallasida birdamlikni saqlab qolishimiz kerak. Yana tarozi pallasini xotirjam tarzda o‘z tomonimizga aylantirish uchun raqiblar darvozasi oldida qat’iyatni oshirishimiz shart. Xullas, jamoa hali yanada kuchayish salohiyatiga ega.

- «Milan»da yaqqol o‘sish sezilayotgani rost. Xo‘sh, «Napoli» haqida nima deya olasiz?

- Birga bosib o‘tilgan yo‘l va avvalgi mavsum qayd etilgan natijalar jamoatchilikning jamoaga nisbatan fikriga ta’sir qildi, albatta. Zero, katta klublarga qarshi bahslarda ham o‘z salohiyatimizga ishongan holda to‘p surdik. «Napoli»ga kelsak, bu jamoa - ajoyib raqib. U bejiz yetakchilar qatorida ketmayapti. Lekin bizda o‘zimizga xos xususiyatlarimiz bor, «Napoli» ham individual uslubga ega.

- Ibragimovichning Shvesiya terma jamoasiga chaqirilgani yaxshimi yoki...?

- Zlatanning yana milliy jamoa­ga borganidan xursandman, chunki uning ishlari yaxshi ketmoqda. Oddiy aytganda, Ibraning charchab qolishi borasida xavf yo‘q. Chunki u qisqa vaqtda qanday tiklanishni yaxshi biladi. Zlatan bilan ishlash - rohat. Butun jamoa u bilan birga o‘smoqda.

- Oxirgi derbi taassurotlari qanday?

- Hissiyotlar va duellarga boy ajoyib derbi! Har ikki jamoa o‘z rejalariga sodiq qolgan holda, ishonchli to‘p surdi. «Inter» juda kuchli va buni amalda ham ko‘rsatdi, lekin biz ham endi katta jamoamiz...

Ma’lumot uchun: Nils Lidxolm nomidagi mukofot bunga qadar Karlo Anchelotti, Mishel Platini, Visente del Boske, Vinchenso Montella, Roberto Donadoni, Klaudio Markizio, Leonardo va Paolo Maldini kabilarga berilgan. Mukofot shvesiyalik sobiq futbolchi va murabbiyni mashhur qilgan yo‘nalishlarga aqlli yondashuv uchun beriladi. Nils Lidxolm - o‘tgan asrning 60-yillari «Milan»da yetakchilikni qo‘lga olgan Shvesiya futboli tarixidagi eng yorqin yarim himoyachilardan biri. U «rossonerlar» bilan 4 marta skudetto yutgan. 1958 yili Chempionlar kubogi finaliga «Milan»ni aynan Lidxolm sardor sifatida boshlab tushgan. U 1948 yilgi Olimpiada o‘yinlarida Shvesiya termasining oltin medal olishiga katta hissa qo‘shganidan keyin «Milan» safiga qo‘shilgandi. Lidxolm Shvesiya milliy jamoasi safida esa JCH-58 kumush medalini qo‘lga kiritgan. Buyuk afsona futbolchilik faoliyatidan so‘ng murabbiy sifatida ham «Milan»ni chempionlik sari yetaklagan. Umuman, Lidxolm yana qator klublarda ishlagan va eng katta muvaffaqiyatga «Roma»da erishgan.

Darvoqe, Stefano Pioli yaqindagina «A» seriyaning oktyabr oyidagi eng yaxshi murabbiyiga atalgan sovringa ham munosib ko‘rilgandi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:00, 28.11.2021.
O'qildi: 1705 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.