Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Navbahor» PFK Kanchelskis borasida bayonot berdi

«Navbahor» PFK Kanchelskis borasida bayonot berdi

Baho:
+ | -

Kecha, 1 dekabr kuni Rossiya va mamlakatimizning sportga ixtisoslashgan aksariyat internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarida “rossiyalik murabbiy Andrey Kanchelskisga noma’lum shaxslar tomonidan tahdid qilingani va mutaxassis ushbu masala yuzasidan polisiyaga murojaat etgani” bilan bog‘liq ma’lumotlarning tarqalishi yurtimizdagi futbol jamoatchiligi tomonidan turlicha qabul qilindi, hattoki, ayrimlarda noo‘rin shubha va yanglish tasavvur paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi, ayniqsa, “Navbahor” jamoasi muxlislarining ko‘pchiligida xavotir uyg‘otdi.

Shu munosabat bilan, “Navbahor” professional futbol klubi mazkur holat bo‘yicha shuni ma’lum qiladiki, joriy yil avgust oyida FIFA tomonidan “...Andrey Kanchelskisga 1,6 million dollar miqdorida kompensasiya puli to‘lab berish...” yuzasidan chiqarilgan qaror bo‘yicha “Navbahor” PFK Xalqaro Sport arbitraj sudi (CAS)ga apellyasiya yo‘llagan. Mazkur jarayonda qo‘shimcha kuch va yordam tariqasida xorijlik huquqshunos-yuristlar, soha mutaxassislari jalb etilgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu jarayonda “Navbahor” PFK tomonidan CASga taqdim etilgan dalil-isbotlar sud ishida yutib chiqish imkonini beradi.

Vaziyatdan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, Andrey Kanchelskis shaxsi bilan bog‘liq bu kabi ma’lumotlarning Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi rossiyalik mutaxassisning kelgusida CASda o‘zini oqlash uchun qilinayotgan, o‘z navbatida, “Navbahor” PFKga qarshi foydalanish uchun o‘ylab topilgan uydirma va bo‘htonlar bo‘lishi mumkinligini ham inobatga olish darkor.

Vaholanki, “Navbahor” PFK va klub manfaatlarini himoya qilayotgan yuristlar ushbu hodisadan ancha oldin xabardor edilar. Chunki, Andrey Kanchelskisning yuristlari hodisa bo‘yicha “Navbahor” PFK yuristlari bilan bog‘lanishganda, “Navbahor” PFK bu hodisadan xabari yo‘qligini, lekin holat yuzasidan har qanday yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Hurmatli futbol muxlislari!

Sir emaski, “Navbahor” PFK yangi – 2022 yilgi mavsumga katta maqsadlar bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Klub rahbariyati rahnamoligida jamoa raqobatbardoshligini yanada oshirish, “Navbahor” brendini rivojlantirib, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Navbahor” PFK ezgu maqsadlari yo‘lida dadil odimlayotgan pallada Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabar-ma’lumotlarning hammasini ham klub nomi bilan bog‘lash “Navbahor” PFKning mamlakatimiz va xorij futbol jamoatchiligi oldidagi obro‘si va imidjiga jiddiy ziyon keltirishi mumkinligini e’tiborga olish kerak.

Shuni unutmaslik kerakki, klubimiz “Navbahor” PFKga aloqador har qanday voqea-hodisaga yuridik jihatdan to‘g‘ri yondashishga, mavjud masalalarni qonuniy tomonlama hal etishga harakat qilib keladi, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 18:27, 02.12.2021.
O'qildi: 3931 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.