Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

YECHL. Qur’adan keyingi taxminlar (2-qism)

YECHL. Qur’adan keyingi taxminlar (2-qism)

Baho:
+ | -

Kecha Yevropadagi eng nufuzli musobaqaning nimchorak final bosqichiga qur’a tashlandi. Ushbu qur’a jarayoni kim uchundir ko‘plab kutilgan va odatiy juftliklarni aniqlab bergan bo‘lsa, boshqalar uchun umuman g‘ayritabiiy to‘qnashuvlarni yuzaga keltirdi. Biz ham bu jarayondan so‘ng jim o‘tirgimiz kelmadi va barcha juftliklar haqida fikr yuritishga harakat qildik.

“Atletiko Madrid“ – “Manchester Yunayted“ : Ronaldu yana Madridga qaytadi

Inson nimadan ko‘proq qo‘rqsa, hayot uni shunga yuzlashtiraveradi. Diyego Simeone Ronaldu degan futbolchidan qanchalar jabr ko‘rganini faqat o‘zi biladi. Bu safar Ronaldu “Manchester Yunayted“ bilan Madridga tashrif buyuradi. Bu uchrashuvda inglizlar tarkibi har qancha yulduzli bo‘lmasin, yaqqol favoritni ajratib ko‘rsatish mushkul. Sababi “Atletiko“ atalmish jamoa maydonda doim “jang“ tashkillashtirish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu asabiylikda esa odatda, yulduzlar ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi. Mana shu xatolardan unumli foydalanish Simeone va uning shogirdlari qo‘lida. Fevralgacha nimalar bo‘lajagini biz bilmaymiz, biroq hozir bu ikki klubning keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyatlari tengdek ko‘rinmoqda.

Ushbu bahs 2022 yil 23 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Ispaniyada bo‘lib o‘tadi.

“Vilyarreal“ – “Yuventus“ : Teng kuchlilar janggi

Uslub tomonlama bir-biriga o‘xshab ketadigan ikki klub qarama-qarshiligi. Bir qarashda “Yuventus“ni keyingi bosqichga chiqdi deyish mumkin. Biroq hozir “Yuve“ u darajada qudratli emas. Jamoa hozir og‘ir damlarni boshdan o‘tkazmoqda. Chempionat doirasidagi uchrashuvlarda ham “zebralar“ ancha qiynalmoqda. Buni futbolni tushunadiganlar ko‘rib, bilib turishibdi. To‘g‘ri, fevralgacha hali 2 oy bor. Ungacha Italiya giganti o‘zini tiklab olishi mumkin. Shunga qaramay, “Vilyarreal“ “keksa sinyora“ uchun yengil raqib bo‘lib qolmaydi. Birinchidan, klub o‘tgan yili Yevropa Ligasini qo‘lga kiritgan. Bu hazilakam narsa emas hozirda. Ikkinchidan, “sariq submarina“ chempionatda ham sekin-astalik bilan yuqoriga ko‘tarilmoqda. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, biz uchun kim keyingi bosqichga chiqmasin, hech qanaqasiga ajablanarli hol bo‘lmaydi. Zero, ikki tomon ham chorak final uchun munosib.

Ilk o‘yin 2022 yil 22 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Ispaniyada bo‘lib o‘tadi.

“Inter“ – “Liverpul“ : “Neradzurrilar“ “qizillar“ to‘sig‘idan o‘ta oladimi?

Italiya chempionlari jiddiy raqib sinovidan o‘tishi kerak bo‘lmoqda. Hozirgi holatda “Liverpul“ dunyoning eng kuchli 3 klubidan biri. APLda ham dahshatli tezlik olgan. Endi CHLda nimalar qilganini alohida ta’kidlash shart bo‘lmasa kerak. Agar aytish shart bo‘lsa, unda eslatib o‘tamiz. Mersisaydliklar “o‘lim guruhi“da 100 foizlik natija bilan pley-off masalasini hal qildi. Shunchaki fantastika, to‘g‘rimi?!

Biroq bu “Inter“ uchun yangilik emas. “Neradzurrilar“ shu paytgacha ne-ne kuchli raqiblarga duch kelmadi deysiz?! Shuningdek, italyan klubining qayd etayotgan natijalari ham chakki emas. A Seriyada yetakchilikni qo‘liga olgan, Yevrokubokda esa faqat “Real Madrid“dan ortda qoldi.

Xullas, bizni Milanda ham, Liverpulda ham qiziqarli bahs kutib turibdi.

Birinchi uchrashuv 2022 yil 16 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Italiyada bo‘lib o‘tadi.


PSJ – “Real Madrid“ : Eski tanishlar uchrashuvi

Nimchorak finalning bezagi bo‘lishi kutilayotgan “yulduzlar janggi“. Madridning oq tomoni uchun afsonaviy sardor bo‘lib qoluvchi Serxio Ramos yana “Santiago Bernabeu“ga qaytadi. Faqat endi boshqa jamoa safida. Ungacha Ramos jarohatdan forig‘ bo‘la olsa kifoya. Ramos bilan bir holatda deya Keylor Navas, Ashraf Xakimi, Anxel Di Mariyalarni ko‘rsatishimiz mumkin. Shuningdek, Lionel Messi va Neymar juftligi yana azaliy raqiblariga qarshi maydonga tushadi.

Ikki jamoaning imkoniyatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada deyarli tenglik deya olamiz. Individuallik borasida Parij klubi ustunroq. Biroq yaqqol ustun deya olmaymiz. Chunki Madrid klubi safida ham Vinisius, Modrich va Benzema kabi figuralar mavjud. Xuddi shunday jamoaviy futbolda ispan jamoasi kuchliroq. Ammo Pochettino PSJning “xazina“ga eltuvchi “kalit“ini topa olgani yo‘q. Vaholanki, fransiyaliklar jamoaviy harakatlari bilan o‘tgan yili qudratli “Bavariya“ni musobaqadan chiqarib yuborgandi. Ha, o‘shanda ham jamoa murabbiyi Pochettino edi. Lekin shu o‘yindan keyin Maurisio jamoaviy futbol tashkillashririshda ancha qiynalmoqda.

Shunday ekan, ikkala tomonning ham o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor. Muhimi ustun bo‘lgan jihatlardan unumli foydalanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish. Kim shuni yaxshiroq uddalay olsa, o‘sha g‘oliblar safida bo‘ladi.

Ilk o‘yin 2022 yil 15 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Fransiyada bo‘lib o‘tadi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 19:00, 14.12.2021.
O'qildi: 6400 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.