Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Yorqin ijrochi, faqat termadan chetda...

Yorqin ijrochi, faqat termadan chetda...

Baho:
+ | -

Joriy mavsum Bundesligada eng yorqin o‘yinchilar qatorida borayotgan Kristofer N`Kunku «RB Leypsig»dagi ko‘plab jamoadoshlaridan farqli o‘laroq, hamon milliy jamoalar futbolidan chetda. Fransiya termasi bosh murabbiyi Didye Desham uni oxirgi yig‘inga ham jalb etmadi negadir. Vaholanki, «PSJ»ning sobiq a’zosi ayni payt mukammal darajada to‘p surmoqda. Umuman, fransiyalik futbolchi yaqin orada xo‘roz tasviri tushirilgan libosni kiysa kerak, baribir.

«RB Leypsig»ning hujumkor uslubi - ayni muddao

N`Kunku oxirgi vaqtlar maydonda chindan ham, ajo­yib harakatlanmoqda. Misol uchun, Kristofer yaqinda Dort­mund «Borussiya»siga qarshi kechgan muhim bahsda 1ta gol urishdan tashqari, haqiqiy futbol «san’at asari»dan bir parcha ko‘rsatdi - raqib jarima maydoni ichida ustma-ust ikki marta namoyish etilgan «Zidan finti»ga boshqacha ta’rif kamlik qiladi. Ham jozibador, ham samarali harakat. To‘g‘ri, uning zarbasiga ozgina aniqlik yetishmadi. Ayni shu lavha N`Kunkuning so‘nggi oylarda tobora yaqqolroq ko‘rinayotgan fazilati - o‘ziga nisbatan kuchli ishonch hissini tasdiqlaydi. Buni dadillik sifatida ta’riflash ham mumkin. «RB Leyp­sig»­ning sobiq bosh murabbiyi Jessi Marsh oktyabr oyida Krisni alohida maqtab, qisqa va lo‘nda gapirgandi: «Ochig‘i, unda zaif jihatlar yo‘q». Fransiyalik futbolchi shundan buyon «qizil buqalar» hujumiga yanada kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda. Kristofer «RB Leypsig» safiga 2019 yilning yozida qo‘shildi va darhol muhim ijrochilardan biriga aylandi. Raqamlarda aytsak, u dastlabki 2 mavsumda naq 84 marta maydonga tushdi. Jamoa­da boshqa biror maydon o‘yinchisi bunchalik ko‘p o‘yinda qatnashmaganini alohida aytish joiz.

Joriy mavsum N`Kunkuning hujumkorlikka ta’siri yanada kuchaydi. Futbolchi Germaniyada avvaliga aniq uzatmalari bilan e’tiborga tushgandi. Deylik, 2019 yildan buyon Bundesligada golga assistentlik qilish bobida faqat Tomas Myuller (75 marta), Filip Kostich (30 marta) va Jeydon Sancho (27 marta) undan yaxshiroq natija qayd etishdi. Muhimi, ortda qolgan vaqtda 23ta samarali uzatma muallifiga aylangan kreativ futbolchi endi snayperlik bobida ham ajralib turibdi.

 

To‘purarlik bobida ijobiy o‘zgarish

Kristofer N`Kunku joriy mavsum barcha musobaqalar hisobidan «RB Leypsig»ning yetakchi to‘purari bo‘lib turibdi - 14ta gol. Uning hisobida yana 9ta samarali uzatma ham bor. Jamoaning ikkinchi sermahsul a’zosi - Dominik Soboslai «Gol+pas» tizimi bo‘yicha fransiyalikdan naq 13 ball ortda qolmoqda (9 dekabr kungi holat bo‘yicha). Xullas, avvalgi 2 mavsum doi­rasidagi 84ta o‘yinda 12ta gol urgan Kris endi 20ta uchrashuvdayoq bu marradan o‘zib ketdi. Fransiyalik futbolchi ayniqsa, uy uchrashuvlarida shou ko‘rsatishni yoqtiradi. U «Red-Bull Arena»da muxlislarga 7ta gol ulashishga ulgurdi. Kuchli chempionatlar vakillaridan faqat Robert Levandovski («Alyans-Arena»da 12ta gol) va Karim Benzema («Santyago Bernabeu»da 10ta gol) o‘z klublarining uy uchrashuvlarida yaxshiroq natijaga egalar.

 

Himoyachilar uchun tungi vahima

N`Kunku tezkor reydlar natijasida darvozani ishg‘ol etish bobida (12ta gol) «Bavariya» vakili Leroy Sane bilan birga yetakchilik qilmoqda. Jessi Marsh davrida jamoa uslubining o‘zgargani N`Kunku o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, u Yulian Nagelsmanndan farq­li ravishda, «qizil buqalar»ni vertikal futbolga qaytardi. Natijada Kris bevosita raqib darvozasi oldida to‘p bilan nisbatan ko‘proq muomala qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, futbolchining qulay vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi 13dan 31 foizga ko‘tarildi. Kris yana yaratuvchanlik mahoratini ham oshirib bormoqda. U hozirga qadar Bundesliga bahslarida 19 marta qulay vaziyat yuzaga keltirdi. Bu ligadagi 4-yuqori ko‘rsatkichdir.

 

YECHLda ham dadillik

YECHL - navqiron, izzattalab va ijobiy ma’noda dangalchi futbolchilar uchun ajoyib sinov. Ichki musobaqalarda ajoyib natijalarga erishayotgan futbolchining xalqaro arenada dovdirab qolishi - tez-tez uchraydigan holat. Buning sabablari turlicha, albatta. N`Kunku esa nufuzli turnirda ham «RB» uchun muhim ijrochi ekanligini to‘liq isbotladi. 7ta gol urgani barchasini ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, «qizil buqalar» turnirning «pley-off» raundiga o‘tolmadilar, lekin chakki taassurot uyg‘otmadilar. Jamoa vakillari «Manchester Siti»dan qabul qilingan alamli mag‘lubiyat (1-turda - 3:6)ni tezroq unutishni xohlagan bo‘lsalar, Kris o‘sha uchrashuvni mudom yodda saqlasa kerak. Axir u «RB Leypsig» uchun YECHLda «xet-trik» qayd etgan tarixdagi birinchi futbolchi bo‘ldi. Bundan tash­qari, dastlabki 4ta uchrashuvda 5ta gol urish bilan jamoa rekordini o‘rnatdi - undan avval hech qaysi futbolchi CHL mavsumida bunday sermahsullikka erishmagandi.

 

Allo, Didye Desham?

Kris uchun yagona armon - Fransiya terma jamoasidagi debyut. Shunchalik ishonchli o‘yin­lar ham futbolchining mamlakat bosh jamoasi safiga qo‘shilishiga kifoya qilgani yo‘q. Bosh murabbiy Didye Desham hozircha jim. Axir uning ixtiyorida Kilian Mbappe, Kingsli Koman, Antuan Grizmann va Karim Benzemadek hujumkor ijrochilar bor. Ha, Fransiya futboli saviyali hujumchilarga to‘la ekanligiga shubha yo‘q. Ammo tan olish kerak, ayni holatda ko‘plab hujumchilar sport formasi bobida N`Kunkudan ortdalar. Deylik, Mussa Diabining oxirgi vaqtlar termadan muntazam chorlov olgani ayrimlarni rosa ajablantirdi. Hech qanday shaxsiy adovat yo‘q, lekin...

Diqqat qiling, joriy mavsum fransiyalik futbolchilardan birgina Benzema qahramonimizdan ko‘proq gol urdi. Ikki futbolchi o‘rtasidagi farq shuki, Karim markaziy hujumchi pozisiyasida to‘p suradi. Nima bo‘lganda ham, baralla taxmin qilish mumkin: Kris yaqin orada Fransiya terma jamoasidan taklif oladi, baribir. Har holda, Didye Desham «RB Leypsig» vakili o‘yinidagi ijobiy o‘zgarishlardan xabardor ekanligini ta’kidlab, iliq fikrlar bildirdi: «N`Kunku doimiy e’tiborimizda. Unda terma jamoaga kirish uchun imkoniyat yetarli, chunki chindan ham, qiziqarli o‘yin namoyish etmoqda. Xullas, Krisni hozirgacha yig‘inga chaqirmagan bo‘lsakda, futbolchiga jiddiy nomzod sifatida qarayapmiz. Faqat shunday ko‘tarinki kayfiyat bilan sermahsul to‘p surishda davom etsa, bas». Demak, voqealar rivojini kuzatamiz, barchasini vaqt ko‘rsatadi, albatta.

MUHAMADSODIQ tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:32, 18.12.2021.
O'qildi: 2215 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.