Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Neymar bilan uning jahon chempionatiga chaqirilishi masalasini muhokama qildi.
"Santos"ning 34 yoshli forvardi yozgi turnir uchun Braziliya terma jamoasining yakuniy tarkibidan joy oldi.
Globo Esporte nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan payshanba kuni videoqo‘ng‘iroq bo‘lib o‘tgan va unda Anchelotti Neymarning jamoaga qaytishi bo‘yicha o‘z shartlarini ma’lum qilgan.
Xabar qilinishicha, murabbiy hujumchiga u asosiy tarkib o‘yinchisi, ayniqsa, jamoa sardori bo‘lmasligini aytgan. Shuningdek, u ilgari terma jamoada amal qilgan qoidalardan farqli o‘laroq, boshqacha xulq-atvor qoidalariga bo‘ysunishi shart. Unga xuddi terma jamoaga chaqirilgan boshqa istalgan futbolchi kabi munosabatda bo‘lishadi.
Bundan tashqari, o‘z maqomining o‘zgarganini ko‘rsatib qo‘yish uchun Neymar 10-raqamli libosni uning hozirgi egasi — Vinisius Juniorga qoldirishi kerak.
Ta’kidlanishicha, Neymar belgilangan barcha shartlarni qabul qilgan va ushbu o‘zgarishlarga amal qilishga rozi bo‘lgan.













