Bugundan poytaxtimizdagi “Yunusobod sport majmuasi” hamda “Universal” sport saroylarida ikki ajoyib sport turlarida kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionati boshlanadi.
21-23 dekabr kunlari “Yunusobod sport majmuasi”da yurtimizning eng kuchli dzyudochilari mamlakat birinchiligi uchun bahs olib borishadi. Unda Tokio-2020 sovrindori Davlat Bobonovdan boshqa hamma yetakchilar ishtirok etishi bu yilgi chempionat intrigasi har qachongidan ham katta bo‘lishidan dalolat bermoqda. Bugun erkaklar -60 va -66 kg, qizlar -48, -52 va -57 kg vazn toifalarida bellashishadi.
Shuningdek, “Universal”da erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Respublika birinchiligi o‘tkaziladi. 21-24 dekabr kunlari o‘tadigan musobaqada Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyuradigan polvonlar gilamda o‘z mahoratini namoyish etishadi. Bugun soat 16:00 da musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.













