Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

O‘z baxtini ijaradan izlayotgan yosh yulduzlar

O‘z baxtini ijaradan izlayotgan yosh yulduzlar

Baho:
+ | -

Stadion.uz iqtidorli yosh futbolchilar va ularning istiqbollari haqida.

Yosh futbolchining kuchli klub bilan shartnoma imzolashi har doim ham u darhol yangi klubda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatmaydi. Aksariyat hollarda tajriba orttirish uchun iqtidorli yoshlar ijaraga berib yuboriladi. Endi aynan shunday futbolchilarga e’tibor qaratsak.

Yusuf Demir
Klub: "Rapid"
Ijara: "Barselona"
Yosh: 19 yosh

"Barselona"ga ko‘chib o‘tganda, Demir juda istiqbolli futbolchi hisoblanardi. Avstriyalik futbolchi hali ham shunday, ammo Kataloniya klubida u ko‘p o‘yin vaqtiga ega emas. Joriy mavsumda vinger chempionatda 189 daqiqa va Chempionlar ligasida 101 daqiqa o‘ynadi. Jamoa tarkibida u gol yoki golli uzatma qayd etganicha yo‘q. "Barselona" keyingi yozda Yusufni sotib oladimi, hozircha taxmin qilish qiyin. Kataloniyaliklar tarkibida hozirda umidli yoshlar ko‘p. Bundan tashqari, kataloniyaliklar tarkibida o‘ng qanot yarim himoyachisi pozisiyasida vaqtincha APLda to‘p surayotgan Fransisko Trinkau va Usmon Dembele bor. Ko‘rinishidan, Demirning "ko‘k-anorranglilar" lageridagi taqdiri aynan shu yigitlarga bog‘liq.

Billi Gilmor
Klub: "Chelsi"
Ijara: "Norvich"
Yoshi: 20 yoshda

Tomas Tuxel odatda o‘yinchilarni boshqa jamoalarga qo‘yib yubormaydi, lekin Gilmorni "Norvich"ga ijaraga ketishga ruxsat berdi. iyul oyida, bu qaror mantiqiy tuyuldi. Endi “ko‘klar”da jiddiy kadrlar muammosi bor ekan, yana bir yarim himoyachi ortiqcha bo‘lmasdi. Ammo mutaxassis London klubi elita divizionda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “kanareykalar”ni bir futbolchidan mahrum qilmaslik uchun futbolchini jamoaga qaytarmay turishini aytdi. Gilmor "Norvich"da yaxshi ishlayapti. Futbolchi bir qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan davri ham bo‘lgan, ammo hozir u "kanareykalar"ning asosiy tarkibida o‘ynamoqda. Yosh shotlandiyalikda Premyer-ligada o‘z o‘rnini egallash uchun yaxshi imkoniyat bor.

Brandon Uilyams
Klub: "Manchester Yunayted"
Ijara: "Norvich"
Yoshi: 21 yil

APLning autsayderiga o‘tishdan foyda ko‘rgan yana bir futbolchi. Yaqinda bergan intervyusida Uilyams dastlab "Norvich"ga moslashish qiyin bo‘lganini aytdi. Brendon "Manchester Yunayted" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Shu yilning avgustigacha u butun faoliyatini bir klubda o‘tkazdi, shuning uchun boshqa shaharga o‘tish unga oson qaror bo‘lmadi. Ammo hozir futbolchi hamma narsadan mamnun. Uning uchun bu bosqichda asosiysi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish. U "Norvich"da bunga ega bo‘lmoqda. Mankunianliklar safida chap qanot himoyachisi sifatida Lyuk Shou va Aleks Telles bor. Raqobat qiyin, ammo Ralf Rangnikning “Manchester Yunayted”ga tayinlanishi Uilyamsning foydasiga ishlaydi, desa ham bo‘ladi. Mutaxassis yosh futbolchilarga umid bildirishdan qo‘rqmaydi.

Fransisko Trinkau
Klub: "Barselona"
Ijara: "Vulverxempton"
Yoshi: 21 yil

Trinkau "Barselona"da Ronald Kuman davrida juda kam o‘yin o‘tkazayotgan edi, shuning uchun uni "Vulverxempton"ga ijaraga yuborishga qaror qilindi. U yerda portugaliyalik hamyurti Bruno Laje qo‘l ostida yaxshiroq harakat qilmoqda. Mutaxassis futbolchiga umid qilmoqda. Ispaniyada kataloniyaliklar futbolchining ijarasini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi xabar qilingandi. “Bo‘rilar” ustozi “ko‘k-anorranglilar”dan bunday ma’lumot olmaganini aytdi. Katta ehtimol bilan "Vulverxempton" mavsum yakunida Trinkauni o‘z safida saqlab qolmaydi. Ayniqsa, Dembele "Barselona"ni tark etsa yoki Demir Xavini hayratda qoldira olmasa.

Moyzi Kin
Klub: "Everton"
Ijara: "Yuventus"
Yoshi: 21 yil

Kin "Everton"da yaxshi harakat qila olmadi. "PSJ"da hammasi yaxshi edi (Liga 1ning 26 o‘yinida 13 ta gol). O‘zining jonajon klubi "Yuventus"da ham futbolchi o‘zining barcha yaxshi hislatlarini namoyish qila olmayapti. Italiyalik futbolchi maydonga kam tushirilyapti, u har bir o‘yinda o‘rtacha 38 daqiqani maydonda o‘tkazadi. Shu bilan birga, “byankonerilar” hujumchini "Everton"dan 2 yilga ijaraga oldi, buning uchun 7 million yevro to‘laydi.

“Everton” futbolchi uchun mos klub emasligi aniq edi. Ammo Turinda Massimiliano Allegri haqiqatan ham unga ishonmaydi. Kin qiyin vaziyatga tushib qoldi. Balki Alvaro Morata «Yuventus»ni tark etsa, nimadir o‘zgaradi.

Garchi bu holatda "byankoneri"lar Paulo Dibalaga hujumda yangi sherik izlashlari ehtimoli yuqori.

Reynyer
Klub: "Real Madrid"
Ijara: "Borussiya Dortmund"
Yosh: 19 yosh

Dortmundning “Borussiya” klubiga ijaraga berilish Reynyerning foydasiga bo‘lmagani aniq. Bundesligada o‘tgan mavsumda yarim himoyachi har bir uchrashuvda o‘rtacha 18 daqiqani maydonda o‘tkazgan bo‘lsa, bu mavsumda ko‘rsatgich 6 daqiqani ko‘rsatmoqda. Yangi murabbiy kelishi bilan futbolchining ahvoli yanada og‘irlashdi. Braziliyalik futbolchining nemis klubidagi ijarasi joriy mavsum oxirigacha hisoblangan, biroq OAV xabarlariga ko‘ra, "arilar" futbolchini yanvar oyida muddatidan avval Madridga qaytarishni istashmoqda. "Real Madrid" hozircha Reynyerni asosiy jamoa o‘yinlarida ishlatmoqchi emas, lekin uni sotishni ham rejalashtirmayapti. Katta ehtimol bilan yarim himoyachi mavsumning ikkinchi yarmini ham ijarada o‘tkazadi. Ehtimol, mahalliy chempionatga ko‘nikish uchun Ispaniya klubida.

Braim Dias
Klub: "Real Madrid"
Ijara: "Milan"
Yoshi: 22 yosh

Dias ikkinchi mavsumini Milanda ijara asosida o‘tkazyapti va u yerda o‘zini juda yaxshi ko‘rsatmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay, Braim allaqachon yetuk futbolchi. O‘tgan mavsumda yarim himoyachi har bir o‘yinda o‘rtacha bir taym o‘ynadi. Joriy mavsumda u "San-Siro"da asosiy tarkibda maydonga tushishni boshladi. Albatta, “rossonerilar” ispaniyalikni sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Ammo “Real” bilan kelisha oladimi, bu katta savol. "Qaymoqranglilar"ning o‘zi ham shunday hujumkor yarim himoyachilarni yaxshi ko‘rishadi. Balki Dias “Milan”da qolgani ma’qulroq bo‘lardi, ammo buni uning o‘zi hal qiladi va, albatta, Florentino Peres.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 10:31, 27.12.2021.
O'qildi: 3658 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.