«Manchester Yunayted» Angliya chempionatining 19-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Nyukasl» bilan o‘yinda 167 marotaba to‘p yo‘qotibdi. 167 marotaba!
To‘p yo‘qotish deganda, to‘p nazoratining raqibga o‘tganini bildiradi, ya’ni noaniq paslar, zarbalar ham shular jumlasidan. Xo‘p, o‘yinda manchesterliklar 13 marta zarba berishgan, bu endi yo‘qotish emas, pozitiv narsa, deb ayirib tashlaymiz — 154 ta.
Endi yanada chuqurroq yondoshsak, futbolda toza vaqt bor, ya’ni to‘xtalishlarni chegirib tashlaganda, o‘rtacha 50-60 daqiqa to‘p o‘yinda bo‘ladi. To‘xtalishlar ko‘p bo‘ldi, shuning uchun mayli, o‘rtacha 55 daqiqa, deylik.
55 daqiqaning 61%ida «MYU» to‘pni nazorat qildi statistika bo‘yicha. Daqiqaga o‘girsak, 33 bo‘ladi. Demak, 33 daqiqada 154 marta, bir daqiqada esa, 4,67 marta to‘p yo‘qotilgan.
Xullas, o‘rtacha har 13 sekundda jamoa to‘pni raqibga topshirib qo‘yavergan. Rangnik mashg‘ulotlarga yangi tizim olib kirgani, to‘p egallangach, 10 soniyada hujumni yakunlashga harakat qilinishi lozimligi aytilgandi. O‘sha shumikin?
Qahramon Aslanov.