2022 yilgi asosiy transferlar yozda bo‘lib o‘tishiga shubha yo‘q, ammo ba’zi futbolchilar bilan bog‘liq chigal vaziyat sabab qishda ham bir qancha xaridlar amalga oshirilishi mumkin. Qishki transferlarga muhtoj ko‘plab klublar bor. Ammo, biz hozir aynan Angliya Premyer-ligasida amalga oshishi mumkin bo‘lgan transferlar va ko‘plab voqealar haqida fikr yuritishga qaror qildik.
Lukaku va uning “Chelsi”dagi kelajagi. Konte vaziyatni kuzatmoqda
Romelu Lukaku o‘z intervyulari bilan barchani hayratda qoldirdi va ko‘plarning undan hafsalasi pir bo‘ldi. Futbolchi “Chelsi”dagi holatidan noroziligi, murabbiylar shtabining taktik qarorlariga noroziligi, hamda “Inter”ni tark etganidan afsusda ekanligini bildirdi. Tomas Tuxel esa bunga javoban “Liverpul” bilan o‘yin arafasida Romeluni jamoadan chetlashtirishga qaror qildi.
“Chelsi”ning ustuvor vazifasi - o‘z sarflagan pullarini oqlash uchun forvardni jamoada saqlab qolish. “Ko‘klar” Lukaku uchun olti oy oldin 115 million yevro to‘lagan, biroq belgiyalik o‘ynashni istamasa, qishda futbolchidan ajralib qolishi mumkin. Belgiyalik futbolchining sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte Romeluni o‘z jamoasiga taklif qilishni ko‘zlamoqda. Futbolchi ham “Tottenxem”da o‘ynashga qarshi emas.
Qolaversa, Lukakuning londonliklar safidan ketishi, ko‘plab transferlarga yo‘l ochishi mumkin. Birinchidan, Lukakuning “Tottenxem”ga kelishi, “shporlar” Keynni “Manchester Siti”ga ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, “Chelsi” Erling Xolandga jamoada bosh rolni va’da qilib, uni “Stemford Brij”ga jalb qilishiga turtki berishi mumkin. Kutilmaganda, Lukakuning noroziligi ko‘plab supertransferlarga yo‘l ochishi mumkin, ammo bu qishda emas, yozda sodir bo‘lishini ko‘pchiligimiz bilamiz.
“Arsenal” Pyer-Emerik Obameyang o‘rniga boshqa futbolchi sotib olmoqchi
Romelu Lukaku London shahrida ovoza bo‘lgan yagona hujumchi emas. Pyer-Emerik Obameyang birinchi bo‘lib o‘z klubi rahbariyatini g‘azabiga duchor bo‘ldi. Bosh murabbiy Mikel Arteta hali ham gabonlikning intizomni buzilganligini kechira olmaydi (sobiq sardor Fransiyaga bo‘lgan safaridan kelishilgan vaqtda qaytib kelmadi. Ma’lum bo‘lishicha, Pyer-Emerik u yerda kasal onasini ko‘rgani borgan). Keyingi voqealar futbolchining noto‘g‘ri xatti-harakatlari undan qutulish mexanizmini ishga tushirish uchun bahona bo‘lganini ko‘rsatadi.
“Kanonirlar” Pyer-Emerikni “Nyukasl”ga qo‘yib yuborishga tayyor va “Real Sosyedad” futbolchisi Aleksandr Isakni asosiy transfer maqsadi sifatida tanladi. Ko‘plab manbalarning xabar berishicha, “Arsenal” Shvesiya terma jamoasi hujumchisini qishda qo‘lga kiritish niyatida va buning uchun 40 million yevro tayyorlab qo‘ygan. “Basklar” Isakni osonlik bilan qo‘yib yuborishlari dargumon, ammo londonliklar o‘z maqsadiga qat’iyat va katta pul evaziga erisha olishini isbotlagan.
“Vest Xem”ga ham kadrlar kerak
Sentyabr oyida Devid Moyes “Vest Xem” bu mavsumda Chempionlar ligasi uchun kurash olib borishini e’lon qilgandi. Va uzoq vaqt davomida “bolg‘achilar” haqiqatan ham kuchli beshlikda qolishdi, ammo 2021oxirida London klubining ishlari orqaga ketdi. Himoya chizig‘ining 75% jarohatlar bilan bog‘liq muammoga duch keldi. Qolaversa, Maykl Antonio qanchalik yaxshi o‘ynamasin, tarkibda bitta markaziy hujumchisi bilan bir necha frontda kurashish qiyin. “Vest Xem” qishki transfer oynasida uchta asosiy maqsadni oldiga qo‘ygan:
1. Issa Diop o‘rniga kuchliroq markaziy himoyachi bilan shartnoma imzolash.
2. Andriy Yarmolenko bilan xayrlashish va ukrainalik o‘rniga boshqa kuchliroq hujumchi sotib olish. Ehtimoliy transferlar xabarida, bu Adama Traore bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
3. Maykl Antonio bilan raqobatlasha oladigan markaziy hujumchini xarid qilish. OAVda ushbu o‘rin uchun Jovanni Simeone va Patrik Chik nomzodlari ko‘rilgani haqida mish-mishlar tarqaldi.
Agar, “bolg‘achilar” ushbu xaridlarni amalga oshira olsa, u holda “Vest Xem” ham Premer-liganing top-4 reytingi, Angliya kubogi va Yevropa ligasi uchun kurashishiga shubha yo‘q.
Pol Pogbaning ketishi
Bir paytlar sayyoramizning eng qimmat futbolchisi 1 yanvardan boshlab u boshqa klublar bilan rasman muzokaralar olib borish huquqiga ega. Bir muncha vaqt oldin Pogba va uning agenti Rayola Madrid, Turin va Parij klublaridan taklifni olganligi haqida xabar tarqalgan edi, ammo hozirda futbol bozorida Polga unchalik talab yuqori emas. O‘sha “Real” beqaror yarimhimoyachi bilan hamkorlik qilmasligini aytdi.
Ehtimol, Ralf Rangnik Pogbaning yorqin soch turmagi haqida o‘ylashni istamayapti. Nemis mtaxassisi “Manchester Yunayted”da jamoaviy bosim qiladigan futbolni ko‘rishni xohlashini bir necha bor ta’kidlagan. To‘psiz o‘yinda esa fransuzning ishlari uncha yaxshi emas. Shuning uchun yangi murabbiy Pogba o‘rniga Rays yoki Bellingemni jamoaga olib kelishga qarshi emas.
“Nyukasl”ning rejalari
“Nyukasl”ning egalari jahon futbolidagi eng boy shaxslardan. Ammo, klub Premyer-ligada tushib ketish xavfi bor. Shu sabab, kelajakda “qarg‘alar” ingliz top-klublarining qisqa ro‘yxatiga kirish niyatida, ammo mavsumning ikkinchi qismida elitada qolish harakatida bo‘lishadi va ko‘plab transferlarni amalga oshirishi kutilmoqda. Eddi Xouga himoyachilar, yarimhimoyachilar va hujumchi kerak, ammo “Nyukasl” transfer uchun jo‘natgan takliflarga rad javoblariga olishmoqda. “Atletiko”dan Kiran Trippyerning xaridi amalga oshishi kutilmoqda va Pyer-Emerik Obameyang bilan hujum chizig‘ini kuchaytirish variantini ham ko‘rib chiqishmoqda. Ko‘ramiz, “Nyukasl” uchun vaziyat qay tomonga o‘zgaradi?! Barchasiga yaqin kunlarda guvoh bo‘lamiz.