XXI asrda tug‘ilganlarning jahon futboli katta sahnasida turganiga ajablanmay qo‘ydik. Har holda 2022 yil boshlandi va 2000 yilda tug‘ilganlar allaqchon juda yosh bo‘lmay qo‘yishdi.
Dushan Vlaxovich ham yangi asr avvalida tug‘ilganlardan biri. Serbiyalik hujumchi joriy mavsum Italiya A seriya to‘purari bo‘lib turibdi - 16 ta gol. Dekabrda u Krishtianu Ronalduga tegishli taqvim yil bo‘yicha A Seriyada gol urish ko‘rsatkichini takrorlagan edi (33). Bu Italiya tarixidagi 3 ko‘rsatkich. Aytishlaricha, Dushan Ronaldudan o‘tib ketolmaganiga juda achchiqlangan va holatni og‘ir qabul qilgan.
Umuman quyida uning ba’zi ijobiy va salbiy jihatlarini keltiramiz. Yakunda har bir o‘quvchi o‘zi uchun xulosa qilishi mumkin - Vlaxovich chindan barqaror gol mashinasimi yoki shishirilgan pufak?
Birinchi navbatda uning jismoniy imkoniyatlariga to‘xtalish lozim. Bo‘yi 190 santimetr bo‘lgan serb tabiiyki yelkama-elka kurashlarda raqobatbardosh. Odatda bunday ko‘rsatkichli hujumchilar jarima maydoni ichida uzatma kutib o‘yin o‘tkazadi. Vlaxovichning ishchi hududi esa raqib darvozasidan 50-60 metr masofada deyish mumkin. Ya’ni, ancha ichkaridan, hujumni boshlab, yo‘nalish. shakllantirish nuqtasidan ham faollasha oladi. Aslida bu uning kamchiligini yopish uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa kerak. Dushan katta gavdasi bois tezlik olishga qiynaladi, shu tufayli pressing pastroq bo‘lgan maydon markazidan tezlik olish uchun foydalanadi ko‘pincha. Bu borada u Lukakuga o‘xshaydi. Yaxshi tezlikka chiqib olgach himoyadagi raqibni surib yuborib yo‘lida davom etishi mumkin. Zarba pozisiyasiga chiqishda muammoga ega emas, zarbaning o‘zi esa nishonli va kuchli. Biroq zichlik yuqori bo‘lganda zarbagacha borish qiyinlashadi.
Dushan Vlaxovich ambisiyasi yuqori futbolchi. Hatto o‘ta yuqori. Yoshlar tarkibidagi sobiq jamoadoshlaridan birining aytishicha, u "o‘rgansam faqatgina Ibrahimovichdangina o‘rganaman", - deb ko‘p ta’kidlardi. Betinim mehnat, doim o‘z ustida ishlash orqali u har bir o‘yinni finaldek qabul qiladi o‘ziga.
"190 santimetrli hujumchi bo‘la turib, bosh bilan gol urmaslik juda yomon. Har kuni yangi usullar haqida bosh qotiraman. O‘ng oyoq, chap oyoq, bosh bilan zarba. Yakkama-yakka holatlarni uzluksiz mashq qilaman. Ronalduni qarang. U hali ham yangilik topa olmoqda. Chempionning yo‘li shunday bo‘ladi" - degandi Dushan o‘tgan yili bergan intervyularidan birida.
Biroq, yuqoridagi so‘zlarga qaramay hali serbda o‘ng oyoqda to‘pni to‘xtatib olishda muammo yetarli. Umuman olganda, har bir o‘yinda o‘rtacha 6 marotaba to‘pni yo‘qotadi. Bu ligadagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri. Yana unga aylanib olishga imkon berilmasa deyarli zararsizlantirildi deb hisoblash mumkin. Bundan tashqari, u o‘rtacha har uch golidan birini penalti orqali o‘z hisobiga yozyapti. Ba’zi mutaxassislar qolgan gollardagi mantiqni unga hujumda berilgan yagonalik mavqeyi bilan bog‘lashadi. Ya’ni, "Fiorentino"ning deyarli har bir hujumi unga yo‘naltirilgani uchun u gollar urishi tabiiy.
Ba’zi tavsiflar shu. Hozirda qahramonimizga "Arsenal" jiddiy qiziqayotgani haqida xabarlar bor. Ehtimoliy transfer qiymati esa 70 mln. yevrodan yuqori baholanmoqda.
Har bir o‘quvchi o‘zi xulosa qilishi mumkinligini aytdik. Xo‘sh, Dushan Vlaxovich chindan ham shakllangan gol mashinami yoki hali biroz ertami bunday deyishga?
Orif Tolipov