Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Kristian Eriksen: «Meni maydonda bir o‘limdan qolganim uchun eslashmasin...»

Kristian Eriksen: «Meni maydonda bir o‘limdan qolganim uchun eslashmasin...»

Baho:
+ | -

Kristian Eriksen DR Sporten nashriga bergan intervyusida birinchi marta «Parken» stadionida o‘zi bilan yuz bergan o‘sha qaltis holatdan keyin qanday holatga tushgani haqida gapirdi. Eslatish kerak, Yevro-2020dan o‘rin olgan o‘yin vaqti daniyalik yarim himoyachi yuragi bir zum to‘xtab qolgandi. O‘sha lahzalarda «dinamitlar» yetakchisiga joyida ko‘rsatilgan sifatli tibbiy yordam qo‘l kelgani rost, yana butun futbol ommasi unga bog‘liq ijobiy xabar kutgani ham. Keyinchalik Eriksenga katta sportdan ketish ehtimoli xavf soldi, muhimi, shifokorlar zamonaviy texnologiyalar yordamidagi muolajalar yakunida uning futbolga qaytishiga ruxsat berishdi. Xullas, Kristian endi 2022 yili maydonda ko‘rinish berishdan umidvor. To‘g‘ri, hozircha qaysi klubda o‘ynashi masalasida gapirishga shoshilmayapti. Darvoqe, Eriksen 2021 yil oxirida «Inter»­dan ketishga majbur bo‘ldi, chunki Italiyada yurak stimulyatori bilan o‘ynash taqiqlanadi...

Minnatdorchilik tuyg‘usi

- Bilaman, og‘ir damlarda ko‘pchilik meni qo‘llab-quvvatladi, ammo hammaga ham minnatdorchilik bildirolmadim. Faqat shifokorlar, futbolchilar, terma jamoa xodimlari va yaqinlarimga rahmat aytdim. Qisqasi, tor doiradagi kishilar bilan ko‘rishib, ularga minnatdorchilik izhor etdim. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlar orqali tinimsiz xabarlar yuborgan muxlislar bilan uchrashish imkoniyati yo‘q. Shuningdek, manzilimga behisob gullar yuborishdi, Italiya va Daniya ko‘chalarida odamlar birdek salomatlik tilashdi. Endi barchaga kuchli e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun rahmat aytmoqchiman. To‘g‘risi, shunchalik ko‘p kishi men uchun qayg‘urishi mumkinligini tasavvur ham qilmagandim. Barchasi uchun cheksiz tashakkur!

5 daqiqalik o‘lim...

- O‘sha lahzalar stadionda o‘tirgan odamlar yig‘lashdi, umuman, lavhani qayerda ko‘rsalar, ko‘zlariga yosh olishdi. Mana, taqdir taqozosi bilan bugun shu yerda o‘tirib, hammaga rahmat yo‘llayapman, bundan benihoya baxtiyorman, albatta. To‘g‘ri, muxlislar o‘sha lahzalarni emas, o‘yin davomida maydonda bajargan ishlarimni muhokama qilishlarini istardim. Ammo shunday bo‘lib chiqdiki, chamasi 5 daqiqaga o‘ldim va shu onlar Yevro-2020ning eng esda qolarli lavhalaridan biriga aylandi. O‘zimga kelgach, boshida nimalar yuz berganini tushunganim yo‘q. Keyinroq barchasini angladim va butun vujudimni qandaydir tuyg‘u qurshab oldi. Axir yetti yot begonalarning ham sendan xavotirlanishganini bilish... Hozirgacha xat yozib, hol so‘rab turishibdi. Barchaga aql bovar qilmas darajadagi tezkorlik uchun yana bir bora rahmat.

Futbolga muhabbat

- Albatta, hali futbolda qolishni xohlayman, chekinish uchun hech qanday sabab yo‘q. Ha, turli mish-mishlar bor, ayrimlar faoliyatimni tugatishim kerakligi haqida ko‘p gapirishyapti. Lekin o‘ylashimcha, ketish uncha to‘g‘ri qadam emas. Chunki qalbim nima istayotganini yaxshi bilaman: futbolda qolib, o‘ynashda davom etishim kerak. O‘shandan buyon yuragim har tomonlama sinovdan o‘tkazildi va hech qanday muammo kuzatilmadi. Qisqasi, o‘ynashga tayyorligimni bilaman, bunda xavf sezayotganim yo‘q. Shifokorlar ham professional sport bilan bemalol shug‘ullanishim mumkinligi, bu salomatligimga putur yetkazmasligini aytishdi.

Qatar-2022 mundiali

orzusi

- Maqsadim - Qatarda o‘tkaziladigan JCHda ishtirok etish. Agar hammasi rejadagidek rivojlansa, terma jamoaga qaytishim mumkin. Men uchun bugungi asosiy motivasiya - shu. Tushunaman, oldinga bitta-bitta qadam tashlash kerak. Ya’ni avvalo, klub miqyosida o‘zimni o‘nglashim talab etiladi. Shundan keyingina terma jamoadan chaqiruv kelishiga umid bog‘lashim mumkin. Muhimi, bu ish qo‘limdan kelishiga shubhalanmayman. Oddiy aytganda, terma jamoada o‘ynashga yana tayyor bo‘la olishimni his qilyapman.

Ilk marta klubsiz qolish

- Ha, faoliyatim davomida birinchi marta ishsiz qoldim. Lekin anchadan buyon yakka tartibda shug‘ullanyapman. Afsuski, vaziyat taqozosiga ko‘ra, endi o‘zimga yangi jamoa topishim kerak. Tabiiyki, futbol olamida ba’zan eng mashhur o‘yinchilar ham klubsiz qolishadi. Asosiysi, menda faoliyatimni qayta yo‘lga solish imkoniyati bor. Xo‘sh, qayerda futbolga qaytganim ma’qul? Hozir ayni savol ustida o‘ylayapman. Shubham yo‘q, oilam bilan eng to‘g‘ri qarorda to‘xtaymiz. Bilishimcha, ICD (yurak stimulyatori) bilan o‘ynash taqiqlanmagan mamlakatlar ko‘p. Shunday ekan, yana qanchadir umrimni o‘yinchi rolida futbolga bag‘ishlashim mumkinligiga ishonaman.

Qaytish ishtiyoqi

- Menimcha, futbolga nisbatan muhabbat yuqori saviyada qaytishimga yordam beradi. Shifokorlar hammasi joyida ekanini aytayotgan pallada hayotimni futbolsiz tasavvur qilishim mumkinmi? Faoliyatimni shunday tarz­da yakunlamasligim kerak. Bu to‘g‘ri kelmasligini yaxshi bilaman. Chunonchi, odamlar meni maydonda bir o‘limdan qolganim uchun eslashlarini xohlamayman. Bu o‘ta muhim holat, chunki motivasiya beradi. Yaqinlarim bilan ham bu haqda ko‘p gaplashdik. Turmush o‘rtog‘im Sabrina aytganidek, faoliyatimni yakunlashga hali erta. Har holda, u xayrlashish vaqti hali kelmaganiga, futbolga yana nimadir bera olishimga ishonadi. Yana shunday ahvolga tushib qolish xavfidan cho‘chimaymanmi? Ishonchim komil, bunaqasi boshqa takrorlanmaydi. Avvaliga yuragimni avaylash maqsadida biroz ehtiyotkorlik qildim. Ya’ni har bir mashg‘ulotdan so‘ng maxsus ko‘rikdan o‘tdim va shukrki, shifokorlar har safar hammasi yaxshi ekanligini aytishdi. Shunday ekan, o‘sha holat takrorlanishi mumkinligini o‘ylashga asos yo‘q. Meni qo‘llab-quvvatlaganlardan cheksiz minnatdorman va barchaga aytmoqchimanki, endi sizlarni boshqa xavotirga solmayman. Futbol maydonida men bilan bunaqasi hech qachon qayta yuz bermaydi!

- 29 yoshli yarim himoyachi faoliyatini Fransiya chempionatida qayta boshlashi mumkin. Daniyalik futbolchi xizmatiga «Monako» qiziqmoqda. Fransiyada futbolchilarning yurak defibrillyatori bilan harakatlanishlariga to‘siq yo‘q.

- Kristian Eriksen Daniya milliy jamoasi safida jami 109ta o‘yin o‘tkazib, 36ta gol urgan.

- Daniya terma jamoasi bosh murabbiyi Kasper Xyulmand allaqachon Eriksenni yana safda ko‘rishga xohishmand ekanligini bildirdi. Uning fikricha, Kristian darajasidagi yetakchi Qatarda «dinamitlar»ga ortiqchalik qilmaydi. Xyulmand shuning barobarida yarim himoyachi qisqa vaqt ichida Yevro- 2020gacha bo‘lgan darajasiga qaytishiga ishonishini alohida ta’kidladi.

- Kristian Eriksen hozir 29 yoshda, ayni payt turmush o‘rtog‘i Sabrina bilan 2 nafar farzand­ni tarbiyalamoqda.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:12, 16.01.2022.
O'qildi: 1853 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.