Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Og‘ir bolalik va nihoyasiga yetmagan missiya

Og‘ir bolalik va nihoyasiga yetmagan missiya

Baho:
+ | -

Argentinalik Karlos Teves yodingizdami? Janubiy amerikalik hujumchi Yevropada ma’lum muddat sermahsul o‘yin ko‘rsatdiyu, keyin birdan qayergadir «yo‘qoldi». Karlos Teves - hech kimni befarq qoldirmaydigan taqdir egasi. Uni boshqalardan ajratib turadigan jihat - bu hayotida ijobiy va salbiy lavhalarning uyg‘unlashgani.

***

Karlito ota-onasidan barvaqt ayrildi. Onasi hali 1 yoshga to‘lmagan chaqaloqni tashlab ketdi, otasi esa bolakay 6 yoshli payti vafot etdi: 23ta o‘q tekkan yarador hayotini saqlab qolishning iloji topilmadi. Shu tariqa Karlos ammasining qaramog‘ida qoldi. Bo‘lajak futbolchi Buenos-Ayresning eng notinch tumanlaridan birida yashagan va bolaligida ko‘chaga yolg‘iz chiqishdan qo‘rqardi: «Tunda tumanimiz fuqarolar urushi davridagi Bayrutni eslatardi - vahimali qichqiriqlar, otishmalar va polisiya mashinalarining sirenalari... Daydi o‘qlar uyimiz oynalarini chilparchin qilgan pallada polga yotib olgancha ibodatda bo‘lardik. Eng qizig‘i, ertalab maktab yoki mashg‘ulotga yo‘l olardim, baribir. Ba’zan yo‘lda kechasi otib o‘ldirilgan odamlar jasadlariga duch kelardim. Tumanimizda mast-alast kimsalar daydib yurishar, asosan bosqinchilik bilan shug‘ullanishardi. Ular ertalab sariq chaqasiz uyg‘onib, yana «ov»ga otlanishardi...».

***

Karlos Janubiy amerikalik aksariyat bolakaylar kabi futbolga ko‘chada oshno tutindi. Bolalar o‘ynaydigan maydon yonida axlatxona bor edi va uning ko‘pincha oyna siniqlari va iflos shprislar ustidan yugurib o‘tishiga to‘g‘ri kelardi. Karlosga loyiq poyafzal yo‘qligidan uning oyoq panjalari ma’lum muddat o‘sishdan to‘xtab qolgandi. Bularning hammasi holva: Karlos 10 oylik payti qaynoq suv to‘ldirilgan choynakni o‘zi tomon tortishi oqibatida bo‘ynini kuydirib olgan. O‘sha noxushlikdan qolgan chandiq hanuzgacha yaqqol sezilib turadi. Taajjubki, Karlos jarohat izini yo‘qotish o‘rniga uni shaxsiy taniqlik belgisi sifatida ardoqlaydi. Vaholanki, arzimas jarrohlik muolajasi yordamida chandiqdan bemalol qutulishi mumkin edi.

Teves futbol orqali pul topa boshlagach, birinchi nav­batda, qarindoshlarining xavf­li hududdan ko‘chib ketishlarini ta’minlaydi: «Dastlabki yirik maoshni «Korintians»da olganman. Shunda darhol 10ta uy xarid qildim. Keyin barcha qarindoshlarni yig‘ib, kalitlarni tarqatdim. Bu ular uchun haqiqiy «syurpriz» bo‘lgandi».

***

Tevesning Yevropaga transfer tarixi ham ajabtovur. Argentinalik hujumchi katta futboldagi yo‘lini 2001 yili, 16 yoshida jonajon klubi - «Boka Xuniors»da boshladi. Poytaxtda 4 yil to‘p surganidan ke­yin esa muhitni o‘zgartirishga qaror qildi. Lekin Yevropa emas, Braziliya­ga yo‘l oldi. To‘g‘ri, u «Korintians»­da atigi 1,5 yil o‘ynadi. Teves uchun «MYU» va «Chelsi» kurashayotgan pallada hujumchi yana bir bo‘lajak yulduz - Xavyer Maskerano bilan birga «Vest Xem» tarkibiga qo‘shildi. Qizig‘i, kelishuvni Karlosning o‘zi transferlar darchasining oxirgi kuni e’lon qilgandi. Angliyada Teves oddiy futbolchi emasligini tezda tushunib yetdilar. Argentinalik hujumchi mavsum-2006|2007 o‘rtasida OAV orqali Alan Pardyuni ayamay tanqid qilib, uning iste’fosini cho‘zib yuborishganidan taajjubda ekanligini aytdi. Teves o‘sha mavsum «Old Trafford»da «MYU» darvozasiga urgan yagona goli evaziga «bol­g‘achilar»ni quyi ligaga tushib ketishdan saqlab qoldi. Xullas, uning «Vest Xem» saviyasidan o‘zib ketgani oydinlashib qolgandi.

***

Teves 2007 yilning yozida «MYU» safidan joy oldi. Kelishuv g‘ayrioddiy va murakkab tarzda o‘tib, sudgacha yetib bordi. Gap shundaki, hujumchining huquqi «Vest Xem»dan tashqari, Media Sports Investimens kompaniyasiga ham tegishli edi. «Bol­g‘achilar» Karlosni qo‘yib yubormaslikka urinishdi, lekin yakunda 2 mln. funt olishga ko‘nishdi. Teves esa Ueyn Runi va Krishtianu Ronaldu bilan qudratli uchlik yaratdi. Mavsum-2008|2009 Teves uchun uncha zo‘r kechmadi - maydonga kamroq tushdi. Yakunda erkin agent maqomini oldi va «MYU»ning ashaddiy raqibi - «Manchester Siti» safiga qo‘shildi. Boyib ketgan «shaharliklar» unga «MYU»dagidan 2,5 baravar ko‘p maosh belgilashdi - yiliga 10,5 mln. funt. Bundan ruhlangan hujumchi yanada yorqinroq to‘p sura boshladi. Biroq «Siti» Serxio Agueroni xarid qilgach, Tevesning «nasiba»si yana yarimta bo‘ldi. Natijada bosh murabbiy Roberto Manchini bilan janjallashgan hujumchi vataniga ketdi. Lekin 2012 yilning bahorida «Siti»ga qaytib, 44 yil ichidagi dastlabki chempionlikka munosib hissa qo‘shdi. Bayram chog‘i esa Aleks Fergyusonga «Men tirik ekanman, «Siti» hech qachon chempion bo‘lmaydi», degan gapini eslatib qo‘ydi.

***

2013 yili «Siti» bilan xayrlashgan Teves «Yuventus»da ham sermahsul to‘p surdi: 66ta o‘yin, 39ta gol, 2ta skudetto, Italiya kubogi va superkubogi! 2015 yili nafaqaga oz qolganini eslab qolgan Karlos Argentinaga qaytdi. «Boka Xuniors» uni Maradona boshchiligidagi 40000 muxlis bilan kutib oldi. Oradan 1,5 yil o‘tgach, hujumchi nafaqani bir chetga surib, «Shanxay Shenxua» bilan shart­noma tuzdi. Binobarin, xitoyliklar uning bir yillik xizmatini 40 mln. yevroga baholashdi. Natijada Teves jahon bo‘yicha eng katta maoshga ega  futbolchi bo‘ldi. To‘g‘ri, xitoyliklar superyulduz sifatida xarid qilgan hujumchi amalda oddiy «passajir» bo‘lib qolganligi oydinlashib qoldi: 16ta o‘yinda atigi 4ta gol. Uning injiq tabiati va semirib ketganiga toqat qilolmagan mutasaddilar 2018 yili shartnomani bekor qilishdi. Karlos esa pinagini buzmay, yana «Boka»ga qaytdi.

***

Teves o‘tgan yilning yozida qadrdon jamoa­si bilan ham xayrlashdi. Afsonaviy hujumchi matbuot anjumanida ko‘z yoshlarini tiyolmadi: «Boka» men uchun dunyodagi eng yaxshi klub. Uni otam, onam doimo qo‘llab-quvvatlashgan, xuddi rafiqam va o‘g‘lim singari. Ular va muxlislarga yolg‘on gapirolmayman. «Boka»da o‘ynasangiz, bor kuch-quvvatingizni berishingiz lozim. Men esa endi buni uddalolmayman». Teves shundan buyon ishsiz. Umuman, u hozir futbol haqida o‘ylaydigan holatda ham emas. Yaqinda soliq to‘lovlari borasida davlat mahkamalari bilan sudlashib, mag‘lubiyatga uchradi. Karlosning fikricha, uni o‘marishmoqda - talab qilinayotgan mablag‘ 2020 yili topgan daromadidan 2 baravar ko‘p...

Karlos Tevesni yaqinda Ekvadorning «Barselona» (chempionlik bo‘yicha mamlakat rekord­chisi) klubi o‘tkazadigan an’anaviy uchrashuvga taklif etishdi. Bu jamoa har yilning avvalida jahon miqyosidagi yulduzlarni o‘z dargohiga chorlaydi. Ronaldinyo, Diyego Forlan, Kaka, Andrea Pirlo, Alessandro Del Pyero va Karlosning eski tanishi Xavyer Maskerano bunday uchrashuvlarda ko‘rinish berishgan. Teves esa hozircha bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Lekin uning yashil maydonga tushish ishtiyoqi so‘nganiga ishonish qiyin.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:30, 17.01.2022.
O'qildi: 2321 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.