«Frayburg» bugun Yevropadagi eng yaxshi mudofaa tizimiga ega jamoalardan biri sanaladi. Uning himoyadagi salohiyati oshishida Niko Shlotterbekning hissasi katta. Ayni payt Germaniya grandlari qiziqishiga sabab bo‘layotgan futbolchi bilan sports.ru tayyorlagan quyidagi material orqali tanishishingiz mumkin.
Bundesligada yorqin markaziy himoyachilar ko‘p emas, toplar haqida gap borganda, JCH-2014da porlagan Jerom Boateng va Mats Xummels xayolga keladi. Shundan buyon o‘zini ko‘rsatganlar orasida Antonio Ryudigerni ko‘rsatish mumkin, lekin u ham faoliyatining asosiy qismini xorijda o‘tkazmoqda. Bu muammo esa, ichki chempionatda himoyaviy o‘yin sifatida ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Umuman, ushbu pozisiyada top-futbolchiga aylanish - murakkab vazifa.
Bunday pallada «Frayburg» va «Union» singari taktikasi himoyaviy o‘yinga asoslangan jamoalar muvaffaqiyati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Nemis futboli umidi sifatida o‘sishga erishayotgan Niko Shlotterbek aynan shunday klublar mehnati mahsulidir. Ushbu futbolchi «Frayburg»ning uchta yosh toifasi chig‘irig‘idan o‘tgan. Asosiy jamoaga moslashib ulgurmay, mudofaa chizig‘ida tajovuzkor o‘yin ko‘rsatadigan «Union»ga ijaraga berilgan. O‘tgan yil yozida «Frayburg»ga qaytgan Shlotterbek raqobatda ampluadoshlarini ortda qoldirdi. Hozirda unga «Bavariya» va «Borussiya» Dortmund jiddiy qiziqish bildirmoqda.
To‘p bilan muomala
Niko Shlotterbek zamonaviy markaziy himoyachining ko‘plab standartlariga javob beradi. Ulardan biri - to‘p bilan to‘g‘ri muomala qilish. Uch va to‘rt nafar markaziy himoyachi taktikasida birdek faol o‘ynaydi. Paslar aniqligi Nikodagi eng kuchli sifatlardan biri, uning qanotda hujum tashkil etishdagi asosiy shaxslar - Vinchenso Grifo hamda Kristian Gyunter bilan birga o‘ynashini inobatga olsak, qahramonimizning qaytishi va «ulg‘ayishi» jamoa o‘sishiga sabablardan biri bo‘lgani oydinlashadi.
Ammo Nikoning paslar aniqligi bo‘yicha ustunligi qanotdagi sheriklari bilan cheklanib qolmaydi, u uzoq masofalarni ham aniq nishonga oladi. Shuningdek, Shlotterbekdagi muhim xususiyatlardan biri - to‘pni qarama-qarshi qanotlarga ko‘chirishdagi sifatli harakat. Odatda, «Frayburg» raqiblari asosiy xavfni chap tomondagi Gyunter va Grifodan kutishadi, bunday pallada o‘ng qanotda bo‘shliq vujudga keladi.
Nikodagi shubhaga sabab bo‘ladigan yagona jihat - pressing ostidagi paslar. Uning bir necha marta yaqinidagi sherigi va darvozabonga to‘pni qaytarishda xatolarga yo‘l qo‘yganiga guvoh bo‘lganmiz. To‘g‘ri, bunday holatlar ko‘p kuzatilmaydi, jamoa natijalariga salbiy ta’sir o‘tkazmagan, lekin baribir, bu bosh-qa jihatlari orasida negativ munosabatni keltirib chiqarishi hech gap emas.
Garchi Shlotterbek maydon markazida faol bo‘lsada, oldingi chiziqda ko‘p ham ko‘rinish beravermaydi. Vaholanki, «Frayburg» bosh murabbiyi Kristian Shtrayx undan o‘z darvozasiga xavf tug‘ilmayotgan pallada hujumga qo‘shilishni talab etadi. Shu bois, Niko ayrim hollarda oldinga intilib, raqibini o‘ziga qaratadi. Shuningdek, Shlotterbek tezligi evaziga harakat yo‘nalishini o‘zgartira oladi. Bu ham hujum, ham himoyada asqotadi. Niko to‘p bilan oldinga tez intilib, keskin to‘xtashi, raqibini chal-g‘itib, sherigiga pas uzatishi mumkin. Ba’zida aynan shu sifati evaziga bosim ostidagi xato uzatmalari o‘rnini yopgandek bo‘ladi.
To‘psiz o‘yin
Shtrayxning so‘zlariga e’tibor bering: «Markaziy himoyachilar to‘p yo‘nalishiga muvofiq harakatlanishlari kerak. Ayniqsa, to‘pga yaqin turganlar va albatta, uzoqdagilar ham. Agar uch markaziy himoyachi taktikasida o‘ynayotgan bo‘lsangiz, hammadan ko‘ra to‘pdan uzoq turgan himoyachi diagonal uzatmani kutishi lozim».Bunday uslubga ko‘nikishda Shlotterbekka «Union»dagi o‘yini ham yordam bo‘lgan, «Frayburg»ga qaytganidan so‘ng nafaqat yangi talablarga tez moslashdi, balki Bundesliganing eng yaxshi markaziy himoyachilari darajasini ko‘rsata boshladi.
Qolaversa, intellektual salohiyatga ega qahramonimizning himoyaviy harakatlardagi aqlli qarorlarini murabbiylar yuksak qadrlashadi. To‘psiz harakatlanayotgan pallada to‘g‘ri pozisiya tanlashi ham kuchli tomonlaridan biridir. Uning to‘pni olib qo‘yish va egallab olishdagi sifatlariga buni ham qo‘shimcha qilsak, Yevropa kuchli beshlik ligalaridagi eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emasligi oydinlashadi.
Havodagi kurash
Odatda, «Frayburg» raqiblari hujum uyushtirayotgan pallada chap yarim qanotdagi (Shlotterbek hududi) paslar o‘ng tomondagiga nisbatan no-aniq chiqadi. Statistikaga ko‘ra, «Frayburg» havodagi kurashlarda g‘olib chiqishlar soni bo‘yicha Bundesligada peshqadam hisoblanadi, bu boradagi aniqlik 57,3 foizga teng. Sezilarli ulush hujumdagi standartlar bilan bog‘liq.
Ushbu natijaga erishishda Shlotterbek o‘z harakatlari bilan katta ulush qo‘shadi, zero Niko havodagi kurashlarda ustunlikka erishish borasida top-25ga kiradi, eng asosiysi - aniqlik (71,8 foiz) bo‘yicha yetakchilardan biri sanaladi. Bundesligada bu 9-ko‘rsatkich.
Bunday raqamlar markaziy himoyachining aqlli o‘yini evaziga qo‘lga kiritiladi. Ko‘p hollarda, Shlotterbek nafaqat to‘p uchun kurashda chaqqon harakatlanadi, balki raqibini ancha ortda qoldirib, to‘pni xotirjam tarzda, ortiqcha bosimsiz egallab oladi. Qanotlardan uzatiladigan krosslar payti Niko uzatmalar chizig‘ini nazorat qilishga intiladi, shu tariqa ortida turgan raqibi va to‘p orasidagi yo‘lni to‘sib qo‘yadi.
Xulosa
Jamoaning joriy mavsumdagi natijalariga Shlotterbekning ijobiy ta’sir qilayotgani shubhadan xoli. «Frayburg» mavsumning dastlabki qismida o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha klub rekordini o‘rnatdi, jamoa kiperlari ushbu muddat ichida darvozalaridan atigi 16 marta to‘p olib chiqib, avvalgi natijani ikkita golga yaxshilashdi. O‘z navbatida, «Frayburg» Shlotterbekka Germaniya termasidan chaqiruv olish va top klublar e’tiboriga tushish imkoniyatini taqdim etdi.
«Frayburg»ning hozir namoyish etayotgan ertagi mavsum oxirigacha davom etishini xohlaymiz, bu esa klubdan ayni paytdagi asosiy futbolchilari, jumladan, Shlotterbekni ham tarkibda saqlab qolishni talab qiladi. Bunday deyishimizga asoslar yetarli: qishki transferlar oynasida chapaqay markaziy himoyachi, Nikoning to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi Dominik Xayns «Union»ga sotildi. Demak, Shlotterbek endi Shtrayx boshchiligidagi jamoada o‘z pozisiyasida almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylansa kerak.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi