Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Jud Bellingem: «Men uchun «Borussiya»dan yaxshisi yo‘q!»

Jud Bellingem: «Men uchun «Borussiya»dan yaxshisi yo‘q!»

Baho:
+ | -

Kamtarin va uyatchan bo‘lib ulg‘aygan Jud Bellingem futbol ekspertlarida nechog‘li yorqin taassurot qoldirgan bo‘lsa, muxlislarini ham xuddi shunday lol qoldirdi. Midlendsdan Vestfaliyaga ko‘chib o‘tgach, ta’lim uchun eng zo‘r joyni tanladi. Dortmund «Borussiya»sidagi dastlabki fantastik 18 oyi-dan so‘ng, 18 yoshli futbolchi shunday dedi: «Borussiya» o‘zim va yanada rivojlanishim uchun eng maqbul klub. Hatto shunday deyishim mumkin: men uchun dunyoda bundan yaxshi klub yo‘q!»

Ayrim hollardagina uning hali 18 yoshda ekanligini payqash mumkin. Misol uchun, oktyabr oyi oxirida dunyoning eng chiroyli stadionida «Kyoln» darvozasiga gol urgan epizodni eslang. Jarima maydoni o‘ng burchagida to‘pni qabul qilgan Jud uni markazga shunday aniq yo‘lladiki, Torgan Azarga shunchaki boshini bir silkitib qo‘yish qolgandi, xolos. Golni gishonlash paytida Bellingem bir lahza jamoadoshlaridan uzoqlashdi, qo‘llarini bir necha marta yuqoriga ko‘tardi va tomoshabinlarni yana qarsak chalishga chaqirdi, yuzida uning yoshiga mos bebosh tabassum paydo bo‘ldi. Keyin u ortiga o‘girilib, bayramni davom ettirdi.

«U hali ham mening bolajonim», - deydi o‘g‘lidan behad faxrlanadigan onasi Deniz Bellingem. Bu ayol Judning ikki yarim yil oldin boshlangan Dortmund sarguzashtida o‘g‘liga hamrohlik qilgan. «Farzandim juda quvnoq, shu bilan birga biroz ahmoqona qiliqlari bo‘lishi mumkin va u meni doim kuldiradi». Bundesligadagi birinchi yilidayoq asosiy tarkib o‘yinchisi, Germaniya kubogi sohibi, milliy terma jamoa o‘yinchisi va Yevropa chempioni bo‘lishiga yaqin qolgani uchun unda o‘smirlik gashtini surishga vaqti bo‘lmagan o‘smir uchun bu juda qadrli edi. Aytgancha, u Yevropa chempionati final bosqichida ishtirok etgan tarixdagi eng yosh futbolchi hisoblanadi. O‘tgan yilning 13 iyun kuni «Uembli» stadionida Angliya termasi Xorvatiyani 1:0 hisobida mag‘lub etgan o‘yinda Jud 18 yoshga to‘lishiga hali 16 kun bor edi.

Dortmund klubi vunderkindi bilan bog‘liq voqealardan yana biri «Birmingem Siti» klubi Judning «Sent-Endryus» stadionidagi mehnatlari evaziga ikkita narsani taklif qilgani bilan bog‘liq. Birinchidan, uning jamoadagi 22-raqami endi hech kimga berilmaydi, bu esa asosiy jamoada bor-yo‘g‘i bir yil o‘ynagan va uni 17 yoshida tark etgan futbolchi uchun mutlaqo kutilmagan hol. Ikkinchidan, «Birmingem Citi» YouTube kanalida «Jud Bellingemning yuksalishi» nomli hujjatli filmni chiqardi. Xuddi shunday tarzda, Dortmundning «Borussiya»si ham Judning fantastik yilini tasvirlab beradigan kinoasar tayyorladi va u Sky kanalida efirga uzatiladi. Quyida ushbu futbolchi bilan uyushtirilgan intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz.

- Jud, yaqinda kuzatilgan shuncha notinchliklardan so‘ng, futbol maydoni siz uchun nimani anglatadi?

- Bu dunyoda o‘zimni juda qulay his qiladigan yagona joy bo‘lsa kerak. Buning uchun ko‘p ish qilishim shart emas, menga futbolning o‘zi yetarli. To‘p bo‘lsa, kifoya, o‘ynashga harakat qilaman va men uchun bu dunyodagi eng oddiy narsa. Jamoadoshlarim doim g‘alaba qozonishimiz uchun bor kuchimni sarflayotganimni ko‘rishadi. O‘yinda mag‘lub bo‘lsak, men tasavvur qiladigan eng yomon odamman. Lekin maydonda bo‘lmagan paytimda, dam olishni va Playstation o‘ynashni yaxshi ko‘radigan mutlaqo oddiy insonman.

- 17 yoshidayoq yulduzlarga qarshi o‘ynagan va transfer narxi bilan qiziqmaydigan mutlaqo oddiy yigit...

- Miqdorni allaqachon bilaman, o‘tgan yozda Dortmundga ko‘chib o‘tganimda bu haqda hamma joyda yozishgan. Va shuni aytishim mumkinki, bu juda ajoyib edi! Yana kim yosh yigitga shuncha pul sarflayapti, hatto koronavirus pandemiyasi davrida ham? Men Dortmundning katta klub ekanligini bilardim, lekin bunday ulkan va fantastik stadionda ilk selfimni olganimdagina, jamoaning qanchalik katta ekanligini angladim.

- Dortmunddagi ilk haftalaringizni shu qadar ishonchli o‘tkazdingizki, go‘yo doim shu yerda o‘ynagandeksiz...

- Ha, maydonda qanchadan-qancha buyuk futbolchilar bilan o‘ynadim. Mats Xummels yoki Marko Roys kabi yetakchilardan ko‘p narsalarni o‘rganish mumkin. «Borussiya» rivojlanishim uchun eng yaxshi klub. Hatto shunday deyishim mumkin: men uchun dunyoda bundan yaxshi klub yo‘q!

- O‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Chempionshipdan so‘ng darhol Bundesligaga o‘tganingizdan foyda bo‘ldimi?

- Menimcha, ha! Jismonan ajoyib formaga kirgandim, boshidanoq menga ishonch bildirishlari mumkin edi. O‘tgan yil esa ancha mashaqqatli bo‘ldi, albatta, o‘ziga yarasha yoqimli onlar ham bor. Rojdestvo kelganida esa dam olishim mumkinligidan xursand bo‘ldim.

- YECHLda jahon yulduzlariga to‘la «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda otangiz qarshisida o‘ynash qanday bo‘ldi?

- Bunga aql bovar qilmaydi! Men maydonda edim va Kevin de Bryuyne, Fil Foden va Ilkay Gyundogan kabi buyuk futbolchilarni ko‘rdim, ular ortida Pep Gvardiola turardi. Lekin men uchun eng muhimi, otamning tribunada bo‘lgani edi. U meni oxirgi marta «Birmingem»ning «Reding»ga qarshi uy uchrashuvida ko‘rgandi. O‘shanda otam tug‘ilgan kunini nishonlayotgandi, afsuski, biz yutqazdik.

- O‘shandan beri ko‘p narsa o‘zgardi.

- Albatta! Dortmundga bordim va yanada rivojlandim. Hali-hamon bolalik davrimdagim suhbatlarimiz haqida o‘ylayman. Gap endigina professionallarga qadam qo‘ygan yosh futbolchilar haqida borardi.

- 17 yoshda allaqachon Bundesligada tan olingan futbolchi maqomiga erishilgan o‘sha bosqichdagi kabi...

- Otam avvalgi suhbatlarimizda hamisha «Chempionatda 100ta o‘yin o‘tkaza olsang, muvaffaqiyatga erishasan», deb aytardilar. Hali bungacha yetib bormadim.

- O‘tgan yili hamma narsani bajara oldingiz...

- Men uchun barchasi ajoyib bo‘ldi, haqiqatan ham, aql bovar qilmas darajada juda tez o‘tdi! Angliya termasi safida Yevropa chempionatida o‘ynash ajib bir tuyg‘u edi. Finalda mag‘lub bo‘lish bularning barchasiga soya sola olmaydi, deb o‘ylayman. Biz juda muvaffaqiyatli turnir o‘tkazganimizni hech kim unutmasligi kerak.

- O‘tgan yilgi kabi yana yozgi ta’tilni xotirjam o‘tkazmadingiz.

- Lekin bitta asosiy farq bor. Bu safar nima kutishni bilardim va Yevropa chempionati yakunlanganidan so‘ng Dortmundga ishonch bilan qaytdim. Texnikamga sayqal berdim, jismonan kuchliroq bo‘ldim, haqiqatan ham, har jabhada rivojlandim.

 

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:00, 24.01.2022.
O'qildi: 1085 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.