Shanba kuni «Atletiko» «Valensiya»ga qarshi o‘yinda (3:2) kuchli kambekni amalga oshirdi. Birinchi bo‘limda ikki bor to‘p o‘tkazib yuborgan jamoa yakunda 3 ta gol urib g‘alabani o‘z foydasiga hal eta oldi. Kunyaning dalda beruvchi golidan so‘ng «matraschilar» u qadar ham faollikni oshira olmagandek taassurot uyg‘otdi, o‘yinda temp ancha susaydi, ammo Diyego Simeone shogirdlari kulminasiyani eng so‘nggiga saqlab qo‘yishgandi.
Anxel Korrea va Mario Ermosolar ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtlarda gol urib, (90+1 va 90+3) jamoasiga g‘alabani tortiq qilishdi. Biroq bu mavsumda «Atletiko»ga haqiqatan ham shunday hissiyotlarga boy muvaffaqiyatli natijalar yetishmayapti. Simeonening klub tarixidagi ikkinchi chempionligidan so‘ng barcha qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Natijalar u qadar ishonarli tarzda emas. Muxlislar kutgan o‘yinlar barmoq bilan sanarli xolos.
Ispaniya kubogida jamoa «Real Sosyedad»ga 1/8 finalda mag‘lubiyatga uchradi. La Ligada ular peshqadam «Real Madrid»dan 13 ochko ortda qolgan holda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Yaqinda chempionat doirasida «Atletiko» ketma-ket 4 ta mag‘lubiyatli seriyaga ega edi. Bu albatta, amaldagi chempion uchun dahshatli natijalar va jamoa axiyri kecha bundayin noxush an’anaga barham berdi. Ispaniya Superkubogidagi muvaffaqiyatsiz natijalarni alohida ta’kidlash joiz. Yarimfinalda «Atletiko» «Atletik»ka mag‘lub bo‘ldi. Chempionlar ligasida esa oxirgi turdagina guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘lishdi. Oldinda 1/8 final o‘yinlari bor, raqib esa «MYU». Bu yerda «Atletiko»ning qotiliga aylangan Krishtianu Ronalduning to‘p tepayotganini alohida ta’kidlash joiz.
O‘zi umuman, 2021/22 yilgi mavsumda «Atletiko»ga o‘ziga xos mustahkam himoya yetishmayapti. To‘p uchun kurashdagi pala-partishlik, himoyachilarning qo‘pol xatolari - bularning barchasi «Atletiko» uchun odatiy holga aylanib ulgurdi. Joriy mavsum jamoa La Ligada 26 ta gol o‘tkazib yubordi, bu 2020/21yilgi mavsumdagidan bittaga ko‘p, hali deyarli mavsumning qoq yarmi oldindaligini hisobga olsak, bu anchayin ayanchli holat degani.
Bu borada Yan Oblakning statistikasiga ham havas qilib bo‘lmaydi. Sloveniyalik futbolchi o‘z darvozasidan naq 26 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, bundagi XG 18,4 taga teng. Ushbu ko‘rsatkich La Liga darvozabonlari uchun xavfli vaziyatlar va o‘tkazib yuborilgan gollar orasidagi eng katta farq hisoblanadi.
«Atletiko» hujumida rang-baranglik yetishmayapti. Hatto Antuan Grizmann va Matey Kunyalar ham jamoasiga kerakli pallalarda yordam bera olishmayapti. Jamoaning eng yaxshi to‘purari argentinalik Anxel Korrea (8 gol) bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarda Luis Suares (7), Kunya (4), Tomas Lemar va Grizmann (3 tadan)lar ketishmoqda. Suares chempionatning sakkizta o‘yinida gol ura olmadi. Oxirgi marta Luis 2014 yili «Barsa»ga o‘tganida ham bunday muammolarga duch kelgan edi. Buning ustiga natijalarga kutilmagan tarzda orttirib olinayotgan jarohatlar ham xalaqit bermoqda. Yan Oblak, Benjamin Lekomte, Anxel Korrea, Rodrigo De Paul va Mario Ermosolar joriy mavsumda jarohat olmagan «Atletiko»ning yagona futbolchilari hisoblanadi.
Shu bilan birga, asosiy tarkib futbolchilari – Markos Lyorente, Grizmann, Xose Mariya Ximenes, Lemar va Stefan Savichlar bir necha bor jarohati sabab muhim uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishdi. Aynan jarohatlar tufayli Simeone dominant tarkibni tanlashda qiyinchiliklarga uchrayapti. U La Liganing so‘nggi uchrashuvida 3-5-2 sxemasidan foydalangan holda g‘alaba qozondi. 2021/22 yilgi mavsum aynan shunday taktika bilan boshlandi. Ammo jarohatlar tufayli Simeone 4-4-2 ga qaytushga majbur bo‘ldi. Tez orada o‘yinchilarning qayta tiklanishi juda muhim. Mashhur Marca nashri kiyinish xonasidagi nosog‘lom muhit va birdamlik yo‘qligi haqida yozmoqda. Aytishlaricha, klub faxriylariga yangi kelgan Rodrigo De Paulning Suares bilan do‘stlashgani va qolgan jamoadoshlari bilan murosaga kela olmayotgani yoqmayapti. Jamoaning o‘zi alohida kichik guruhlarga bo‘linishni boshladi. Ularning eng yiriklari bolqonliklar (Oblak, Shime Vrsalko, Savich) va portugal-braziliyaliklar (Joao Feliks, Renan Lodi, Kunya, Felipe, shuningdek, belgiyalik Yannik Karrasko va fransuz Lemar).
«Atletiko»ning muammolari hozircha juda keng ko‘lamli tarzda tus olgan. Simeone ayni dam dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi murabbiy hisoblanadi. Avvalgilariga qaraganda bu safar qiyinchiliklarga to‘la mavsum o‘tmoqda. Ehtimol, bu argentinalik mutaxassisning klubdagi 10 yillik faoliyati davomida umuman bo‘lmagandir.