Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Pepe Reyna: «Xatodan qochishning iloji yo‘q»

Pepe Reyna: «Xatodan qochishning iloji yo‘q»

Baho:
+ | -

FourFourTwo nashri katta intervyu uchun Ispaniya milliy jamoasi sobiq darvozaboni Pepe Reynani tanlab adashmadi. Har holda, Yevropa klub futbolida ham yorqin qoldirgan kiper o‘z fao-liyatidan ko‘plab qiziqarli voqealarni aytib berdi: «Barselona»dagi davri, Angliyaga ko‘chib o‘tishi, muxlislarga muhabbati, CHL finali, Raulning zarbasi, APL­da qo‘yib yubor-gan eng g‘alati goli...

- Boshidan gapirsak: «La Masiya» tizimiga qanday qo‘shilgansiz?

- Uydan 13 yoshda chiqib chiqib ketganman. O‘shanda otam kelajakda futbolchi bo‘lishim muhim emasligi, lekin kerakli ta’lim olishim shart­ligini aytgandi. «La Masiya» yotoqxonasida Mikel Arteta bilan yonma-yon joylashgandik. Bolaligimdan baland ovozda xurrak tortaman, «traktor» ishga tushgach, yigitlar men tomon poyafzal va bosh­qa buyumlarni uloqtirishardi. Eng qizig‘i, «o‘q» ko‘pincha men emas, Mikelga tegardi!

- Otangiz ham «Barsa»da o‘ynagan. Bu borada qandaydir bosimni his qilganmisiz?

- Bu - har doim qo‘shimcha «yuk». Hozir o‘g‘lim xuddi shunday holatda va unga oson emas. Ehtimol, shunday mas’uliyat ham sizni tezroq yuksalishga undar...

- YECHK-74 finalida otangiz yo‘l qo‘ygan xatodan xabaringiz bormidi?

- Barchasini otamning o‘zi aytib bergandi. Xato - darvozabon ishining bir qismi, bundan qochishning iloji yo‘q.

- Mavsum-2000|2001, UYEFA kubogi yarim finali. «Liverpul»ga qarshi kechgan o‘sha o‘yindan nimalarni eslaysiz?

- «Enfild»dagi ajoyib muhitni. Bu butun faoliyatimdagi eng zo‘r kechalardan biridir. Axir 18 yoshli yigitcha edim. Birinchi o‘yinda hisob ochilmadi, «Enfild»da esa Gari Makkallisterning penaltidan urgan goli oqibatida yengildik - 0:1. Esimda, ikkinchi bo‘limda o‘z pozisiyamdan oldinga chiqqanimda, muxlislar olqishlashdi. Shunda ularga javob qaytardim va biz sevishib qoldik - kelajak uchun signal!

- 18 yoshda «Barsa» libosida maydonga tushish qanday?

- Bolaligimdan «Barsa» muxlisiman, ayni shu orzu bilan ulg‘aydim. O‘sha payt meni ko‘pincha Iker Kasilyas bilan taqqoslashardi. Ammo «Barselona» eng yaxshi holatda emasdi va o‘zim ham katta chaqiruvga tayyor bo‘lmaganman.

- «Bernabeu»dagi «El-klasiko»da muxlislardan biri sizni urgani rostmi?

- Ha. Lekin avvaliga buni Rauldan ko‘rganman. Muxlislardan biri zarba berganini esa aeroportda bilgandim.

- «Barselona»dan «Vilyarreal»ga o‘tish...

- ... Juda-juda qiynalgandim. Ayniqsa, otam oldida. Chunki u har qanday holatda ham, «Barselona»da qolishimni xohlagandi. Lekin o‘zim faqat o‘ynash haqida o‘ylaganman. Boz ustiga, klub yangi darvozabon Robert Enke bilan shartnoma tuzib, oldimga 2ta variant qo‘ydi: «Uchinchi raqamli kiper bo‘lib qol yoki boshqa jamoa tanla».  «Vilyarreal»da esa nihoyat, o‘zimni jamoaning bir bo‘lagidek his qila boshladim, biz UYEFA kubogi yarim finaliga chiqdik. Muhimi, «Liverpul» taklifini qabul qilganimda, har qanday qiyinchilikka tayyor edim.

- CHL-2004|2005 finalidan bir bir necha oy o‘tgach, o‘sha fantastik oqshom qahramoni Yeji Dudek o‘rnini egallash noqulay bo‘lmadimi?

- Menda hech qanday qo‘rquv yo‘q edi, chunki Rafa Benitesga kerakligimni bilardim. Shartnomaga aprel oyi oxirida imzo chekdim va CHL finalida «Liverpul»ga astoydil muxlislik qildim. Chunki «qizillar» mag‘lubiyatga uchrashganida, UYEFA kubogiga tushardilar, men esa CHLga chanqoq edim. Esimda, 0:3dan keyin agentimga qo‘ng‘iroq qilgandim: «Jin ursin, UYEFA kubogida yana bir yil!» Ikkinchi bo‘limda esa hammasi o‘zgardi! Uyda yolg‘iz edim, his-tuyg‘ularim qanday jo‘sh urganini ta’riflab berolmayman.

- Keyin «Liverpul»dagi debyut mavsumida qatorasiga 11ta o‘yin­da gol qo‘yib yubormay, klub rekordini yangiladingiz.

- Ajoyib start. Menga Sami Xyuyupya va Jeymi Karrager kabi himoyachilar ortida o‘ynash baxti nasib etdi. O‘sha «quruq» o‘yinlar uchun eng katta maqtovga aynan shu ikkisi munosib.

- 2006 yilgi Angliya kubogi finali. «Vest Xem»ga qarshi o‘yin. «Jerrard finali»dan qanday taassurotlar qolgan?

- Qarama-qarshi. Axir 2ta yaqqol xatoga yo‘l qo‘ydim. Ikkinchi bo‘limda qaltiraganim ham esimda. Stivi hisobni tenglashtirganida, biroz yengil tortdim. Keyin 119-daqiqada Nayjel Reo-Koker zarba bergach, faoliyatimdagi eng yaxshi «seyv»lardan birini amalga oshirdim. Uchrashuvning hal qiluvchi lahzasi oldidan o‘yladim: «O‘yin davomida rosa jinnilik qilding, endi vaqt keldi, o‘zingni ko‘rsat». Muhimi, hammasi yaxshi tugadi.

- 2006|2007 yillar mavsumi og‘ir boshlangach, «Liverpul»dan «Valensiya»ga o‘tish haqida o‘ylaganingiz rostmi?

- Ikkilanish bor edi. Keyin Rafa bilan gaplashdim va u fikrimni o‘zgartirdi: «Ha, mavsumni yaxshi boshlamading, lekin senga to‘liq ishonaman. Nima, Ispaniyada muxlislar va matbuot yo‘qmi? Hammasida muvozanatni saqla». U mutlaqo haq edi.

- «Liverpul» va «Chelsi» o‘rtasidagi raqobat, 2007 yilgi CHL yarim finali... Bunda bosh qahramon bo‘lish qanday edi?

- Ha, mavsum davomida o‘zaro 10 marta o‘ynadik! Yarim final - men uchun «Enfild»dagi eng yaxshi kecha bo‘lsa kerak. Londonda 0:1 hisobida yengildik, keyin «Enfild»da yagona gol evaziga barchasini penaltilar seriyasiga cho‘zdik. Asosiysi, bunda 2ta zarbani to‘sdim.

- O‘sha o‘yin vaqti uyingizga o‘g‘ri ham tushgan...

- O, butun tunni polisiya bo‘limida o‘tkazdim. Xayriyatki, o‘sha payt uyda hech kim bo‘lmagan va faqat moddiy zarar yetdi, xolos.

- 2007 yili CHL finalida «Milan»ga yutqazish qanchalik ranjitdi?

- O‘ylaymanki, o‘sha kecha raqibdan yaxshiroq ko‘ringandik, ammo natija... «Milan»ning tanaffus arafasida urgan goli yomon ta’sir qildi, ikkinchisida esa Filippo Inzagi to‘pga to‘pig‘i bilan zarba berdi - juda omadsiz holat.

- «Aston Villa»ga qarshi bahsda to‘pni Albert Riyeraga g‘alati tarzda uzatgansiz. Qiziq, u «pas»midi yoki beg‘ubor zarba?

- Aslida uzatma Fernando Torresga mo‘ljallangan edi! Faqat to‘p biroz noto‘g‘ri ketdi, ammo mukammal uzatma yuzaga chiqdi - hayotimdagi eng yaxshisi.

- «Sanderlend» bilan bahsda qo‘yib yuborilgan mash’um golga ham to‘xtalsangiz...

- Tarixdagi eng g‘alati gollardan biri, bunda adolatsizlik ham yo‘q emas. Chunki o‘sha payt qoidalarni yaxshi bilmasdik. Juda ahmoqona harakat...

- 2010 yilning yozida «Arsenal»ning qiziqishi qanchalik jiddiy edi?

- Londonliklar 25 million funt taklif qilishdi, o‘sha payt darvozabon uchun aqldan ozdiradigan summa. Lekin «Liverpul» rad javobi berdi. Qolaversa, atigi 3 oy oldin yangi shartnoma tuzgandim va qolishdan xursand bo‘ldim. Biroq Rafa ketgach, klubda hammasi o‘zgardi...

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:11, 28.01.2022.
O'qildi: 965 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.