Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Yana sehr-jodu bo‘yicha ayblov

Yana sehr-jodu bo‘yicha ayblov

Baho:
+ | -

Portugaliya futbolining o‘ziga xos qirralari juda ko‘p - futbolchi kashf qilish, klublarning asosan transferlar hisobiga ko‘n ko‘rishi, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan yoshlar sektori... Shuning barobarida bitta salbiy sifat ham yo‘q emas - mamlakat futbolida sehr-jodudan ham foydalanishlari haqida gap-so‘zlar chiqib turadi. Mana, bu borada navbatdagi jiddiy ayblov - yetakchi klublardan biri «Portu» alohida afsungar yollab, uni shifokor sifatida ro‘yxatga kiritgan va oyiga 15 ming yevro to‘layotgan emish. Ayni shu jamoa oldinroq «Benfika»ni sehr-jodu ishlatishda ayblagandi.

2021 yilning oxirgi 9 kuni portugaliyalik muxlislarni ikki karra siyladi. Ya’ni mamlakat futbolidagi asosiy qarama-qarshilik ketma-ket ikki marta kuzatildi: «Portu» va «Benfika» klublari avvaliga kubok turniri, ke­yin mahalliy Primero doirasida o‘zaro to‘qnash keldi. Portugaliyada joduga uyg‘un futbol haqidagi yangi gap-so‘zlar aynan shu bahslar arafasida chiqdi. Ayblovga ko‘ra, «Portu»da deyarli 6 oydan buyon katta maosh evaziga yollangan afsungar ish olib borayotgan ekan. Portu klubi vakillari bundan 4 yilcha oldin «Benfika»ni xuddi shu masalada gumon ostiga olishgandi.

«Portu»da jodu? Qanaqasiga? O‘zi gap qanday sehr haqida ketmoqda? Portugaliya­ning yetakchi futbol nashri A Bola barchasini atigi 3 qator kalimada bayon etdi:

- «Portu»ning 83 yoshli prezidenti Pintu da Koshta uzoq vaqt davomida tabib ayol Madalena Aroso xizmatiga tayanib kelgan.

- Aroso xonim 2021 yilning iyul oyidan e’tiboran klubda shifokor sifatida ishlamoqda.

- Tabib ayolning 1 oylik ish haqi 15 ming yevroga teng. Bu «Portu» tizimidagi aksariyat xodimlarning maoshidan ko‘proqdir.

Shubha uyg‘otadigan tomoni, «Portu» klublarni ortiqcha xarajatdan tiyilishga majbur qilayotgan hozirgi pandemiya sharoitida shunday yo‘l tutmoqda. Qolaversa, moliyaviy «Feyr-pley» qoidalari ham bor. Boz ustiga, «Portu» bu borada ba’zi muammolarga duch kelgan va hali ham ma’lum qi­yinchiliklar yo‘q emas. Jamoadagi moliyaviy muammoning asosiy sababi - o‘tgan mavsum chempionlik kubogini kutilmaganda, «Sporting»ga topshirib qo‘ygani, albatta.

Qiziq, Madalena Aroso kim? U chindan ham, tabibmi yoki jodu ishlatuvchi ayol? Unga bog‘liq ma’lumotlar juda kam. Faqat Madalenaning vaqtida ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullangani ma’lum. Aytishlaricha, u Pintu da Koshta va «Portu» rahbariyatining boshqa vakillarini «Dragau» arenasi ro‘parasida joylashgan ofisida qabul qilardi. Tabib «Portu» shifokorlar shtabiga qabul qilingach, o‘sha ofisini butunlay yopdi. Ko‘rinishidan, oyiga 15 ming yevrolik ish haqiga ega bo‘lgach, qo‘shimcha daromadga ehtiyoji qolmagan. Aniqlashtirishlaricha, Madalena belgilangan maoshni da Koshtaning yaqin do‘sti - biznesmen Xose Pedro Pinyo hisob raqamidan naqd shaklda oladi. Darvoqe, bu shaxs o‘yinlardan birida operatorga tashlangan va «Portu» rahbariyati uning klubga aloqasi borligini inkor etgandi. Lekin Pinyoning «Dragau» arenasiga tez-tez tashrif buyurishi, o‘yinlarni tomosha qilish barobarida da Koshtaga maslahat berishi ko‘pchilikka ma’lum.

Ayblov mohiyati nima? Aroso xonim o‘yinga qanday ta’sir qiladi? Taxminiy ayblovlarga qarab, yoqa ushlashingiz tayin:

- «Portu» joriy mavsum dahshatli o‘ynamoqda, Primero turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Natijalari shunchaki, qoyilmaqom: 14ta o‘yin, 12ta g‘alaba, 2ta durang (ayblov vaqtidagi natijalar).

- «Portu» kubok turniri1|8 finalida «Benfika» bilan to‘qnashishidan oldin 5:0 va 5:1 hisoblarini qayd etdi.

Vaholanki, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Deylik, «ajdarlar» Portugaliya Liga kubogida omadsizlikka uchradilar, ya’ni hattoki, yarim finalga ham o‘tolmadilar. Yevropa Chempionlar Ligasiga kelsak, ular «pley-off» yo‘llanmasini yutishga yaqin edilar, ammo yakunda YELga tushib ketishdi. Aniqroq aytsak, «Portu» guruh bosqichi 6-tur o‘yinining deyarli 60 daqiqasi davomida o‘z kvartetida ijobiy natijani saqlab turdi, ammo oxir-oqibat, «pley-off» chiptasidan quruq qoldi. O‘sha guruhda «Milan» oxirgi o‘yinning 7 daqiqasida kerakli pog‘onada turdi, ammo yakun o‘xshamadi. «Atletiko» aksincha, 6-tur uchrashuvining 59 daqiqasi davomida CHLdan tashqarida qolgan holda, oxirida «pley-off» ishtirokchisiga aylandi. Bu borada Record nashrida berilgan xabar ostida qoldirilgan izohlardan biriga e’tibor qarating: «Agar jodu chindan ham ish berganida edi, Afrika mamlakatlari jamoalari jahon chempionatida g‘oliblikni sira begona qilmasdi».

«Benfika» shunga o‘xshash holatda ayblanganida, nima bo‘lgandi? Bunisi 2017 yil kuzatilgan voqea. Lissabon klubi 2016|2017 yillar mavsumida mahalliy ligada qatorasiga 4-marta chempion bo‘ldi. Qolaversa, Portugaliya kubogi va superkubogi ham «Benfika»ga nasib etdi. Jamoa shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasida «pley-off» bosqichiga ko‘tarildi. Mavsum yakuniga yetgach, chamasi 1 oydan so‘ng «Portu»ning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Fransisku Markesh «Benfika» tomon «o‘q» uzdi. Aniqroq aytsak, u poytaxt jamoasi prezidenti Luish Filippe Viyeyra va Gvineya-bisaulik afsungar o‘rtasidagi yozishmalarni havola etdi. Ularda sehrgar o‘z xizmati uchun qancha olishni xohlashiyu, Viyeyra talablarga ko‘ngani aks etgandi. Biroq 8 mart kungi voqelikdan keyin hammasi o‘z-o‘zidan tindi. Chunonchi, «Benfika» CHL 1|8 finalining dastlabki o‘yinida Dortmund «Borussiya»sini 1:0 hisobida  yenggan holda ham ustunlikni saqlab qololmadi. Oddiy aytganda, sehrlangani taxmin qilingan jamoa Germaniyada shunchaki, «kuyib kul» bo‘ldi - 0:4. Keyinchalik jamoa afsungarning aytganlarini noto‘g‘ri bajargani haqida gaplar chiqdi, uning bunaqasi boshqa takrorlanmasligi haqida so‘z bergani ham aytildi. Ha, takrorlanmadi - «Benfika» bahorda Portugaliya futbolidagi 2ta asosiy sov­rinni o‘ziniki qildi. Afsungarning o‘zi rasmiy ravishda Viyeyra bilan muloqotga chiqqanini tan oldi, ammo sehr ishlatgani yoki qandaydir shartnoma tuzganini mutlaqo inkor etdi. Klub prezidenti esa barchasiga oddiy va lo‘nda munosabat bildirdi: «Ha, bizda afsungar bor. U - bosh murabbiy Rui Vitoriya». Qisqasi, Viyeyra klub muvaffaqiyatlarini murabbiy xizmati bilan bog‘ladi. «Benfika» keyingi yili chempionlik maqomini boy berdi, 2019 yili esa mahalliy ligada yana g‘alaba qozondi.

«Portu» va «Benfika» o‘rtasidagi oxirgi o‘yinlarga kelsak, sehrlangani aytilgan «ajdarlar» 23 dekabr kuni kubok bahsida raqibga zarracha imkoniyat qoldirishmadi - 3:0. 30 dekabrga o‘tar kechasi yana Portuda bo‘lgan chempionat bahsida esa 3:1 hisobi qayd etildi. Qisqasi, «Portu» har ikki o‘yinda yengilgina g‘alaba qozondi. Nahotki, bunda sehr ta’siri bo‘lsa...?

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:03, 28.01.2022.
O'qildi: 3151 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.