Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«90min». APLdagi eng kuchli himoya vakillari kim ekanini bilib oling! (top-10)

«90min». APLdagi eng kuchli himoya vakillari kim ekanini bilib oling! (top-10)

Baho:
+ | -

Mutaxassislar tomonidan zamonaviy APLda himoyalanish san’ati yo‘qolib borayotgani haqida ko‘p bor ta’kidlanmoqda. Shunga qaramay, aniq aytishimiz mumkinki, himoyachilarning funksional vazifasi dunyo futbolida biroz o‘zgargan. Endilikda so‘nggi to‘rttalik mudofaa vakillari faqatgina darvozani asrashga mas’ul emaslar. Bugungi kunda himoyachilar, jamoasi uchun to‘pni saqlab turish, aniq uzatma berish hamda qanotlardan golli vaziyat yaratish borasida ham faol ishtirokchiga aylanib bormoqda. Bugun e’tiboringizga APLdagi ana shunday himoyachilarning kuchli o‘ntaligini havola etmoqchimiz.

10. Konor Koadi – «Vulverxempton»

«Bo‘rilar» azaldan himoyani yaxshi ushlay olishi bilan nom qozongan jamoalardan biri sanaladi. Ayniqsa, Konor Koadi klubga olib kelinganidan keyin bu ish yanada samara bilan bajarilmoqda. 28 yoshli mudofaachi Premyer-ligadagi eng ishonchli futbolchilardan biri sanaladi. Aynan uning sa’y-harakatlari sabab, «Vulvz» ayni damda APLning eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalari qatorida turibdi (16ta).

9. Ris Jeyms – «Chelsi»

«Chelsi»ning Tomas Tuxel qo‘l-ostidagi muvaffaqiyatlari ortida qanot himoyasining bajarayotgan salmoqli ishlari ham bor. Bu o‘rinda esa Ris Jeymsni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Jeyms himoyadagi vazifasini to‘laqonli ado etgan holda, hujumni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan Tuxel, Jeymsni bu borada yaxshi vazifalantira olgan, deyish mumkin. U gollar uradi, uzatmalar beradi va kerak bo‘lganda mudofaaga yuzlanadi. Zamonaviy futbol shuni talab qilmoqda...

8. Antonio Ryudiger – «Chelsi»

Dunyo futbolining ayni vaqtdagi eng kuchli vakillaridan biri bo‘lmish Ryudiger, o‘z pozisiyasida kuchli o‘yin ko‘rsatadi. Ayniqsa, Tuxel kelganidan buyon, so‘nggi 12 oy ichida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlandi. Nemis himoyachisi o‘yinni yaxshi o‘qishi, havodagi ustunligi hamda hujumga yaxshi qo‘shila olishi bilan ajralib turadi. Shu sababdan uning xaridorlari juda ham ko‘p.

7. Kayl Uoker – «Manchester Siti»

Agarda siz maydonda erkin harakat qilishni istasangiz, himoyada Uoker kabi «qo‘rg‘on»ingiz bo‘lishi kerak. «Man Siti» hamda Angliya terma jamoasi himoyachisi o‘z hududini to‘laqonli himoya qila olishi hamda o‘ta tezkor harakatlari bilan dong taratgan. APLda unga yetadigan harakat egasini topish mushkul ish. Shunday ekan, Uokerni eng yaxshilar qatoriga qo‘shmasa bo‘lmaydi.

6. Tiagu Silva – «Chelsi»

Silva 37 yoshda bo‘lishi mumkin. Ammo shunga nima qilibdi?
Qariyalikni tan olmaydigan qahramonimiz o‘yinlarni o‘qish va jamoasini boshqarish borasida istalgan futbolchiga dars berib qo‘ya oladi. Tiagu jamoasining hujumdagi yashirin quroli sanaladi. Standart vaziyat bo‘ldi deguncha, uni jarima maydonchasi ichida ko‘rasiz. Bu bekorga emas, albatta. Uning APLga kelishi «Chelsi»ga foyda keltirdi. Jamoa hozirga qadar 18ta gol o‘tkazgan va bu borada eng yaxshilar qatorida turibdi.

5. Juan Kanselu – «Manchester Siti»

Kanselu APLga 2019 yilda «Yuventus»dan tashrif buyuradi. O‘shanda ko‘pchilik bu xaridga mensimay qaragan edi. Bugunga kelib, portugal Angliyadagi uchinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Endilikda 27 yoshli himoyachining nimalarga qodirligini hamma yaxshi biladi. Mudofaa hamda maydon markazida yaxshi harakat qiluvchi futbolchi istalgan paytda jamoadoshlarini qulay to‘plar bilan ta’minlay oladi. Aynan shu sabab ham Pep Gvardiola uni yaxshi ko‘rsa kerak.

4. Endryu Robertson – «Liverpul»

Endryu Robertsonni eng yaxshi himoyachilar orasida ko‘rish yangilik emas. Shotlandni nimalarga qodir ekanini hamma yaxshi biladi. U mavsum davomida yuqori daraja ko‘rsatib yubora olmasligi mumkindir. Ammo kezi kelganda shunday o‘yin qiladiki, bunda siz jahon darajasi qanday bo‘lishini tomosha qilasiz! Qanot himoyachisi doimo jamoasida hujum uchun muhim omil bo‘lgan.

3. Trent Aleksander-Arnold – «Liverpul»

Ha, Trent ba’zan himoyaga e’tiborsizlik qiladi. Bunga o‘tgan oylar davomida ham guvoh bo‘ldik. Ammo u bu kamchiliklarini bir yonga surib, o‘zini hujumda namoyon eta oladi. Himoyachining jarima zarbalarida mohir ekanini ham ta’kidlash joiz. Shu sababdan Aleksander-Arnold doimo yaxshilar qatorida e’tirof etiladi.

2. Ruben Diash – «Manchester Siti»

Diashning «Manchester Siti»ga tegayotgan foydasi, qilayotgan mehnati ba’zida e’tibordan chetda qoladi. Negaki, u klub uchun ancha qimmatga tushgan futbolchi sanaladi. Himoyachi Gvardiola jamoasi uchun mos nomzod edi. Shuning uchun ham olib kelindi. Rostini aytganda, Ruben «Man Siti» afsonasi Vinsent Kompani o‘rnini bosa oldi. Shu sababdan hozirda «shaharliklar»ning markaziy himoyasini ishonchli qo‘llarda deya olamiz.

1. Virjil van Deyk – «Liverpul»

Qani, o‘ziningiz aytinchi, APLning eng kuchli va yaxshi himoyachisi nomiga van Deykdan ma’qulroq variant keltira olasizmi? Bizningcha keltira olmaysiz. Chunki bu adolatdan bo‘lmaydi. Niderlandiya terma jamoasi a’zosi o‘zi qantashgan o‘yinlarning har bir epizodida muhim rol o‘ynaydi. Uning «Liverpul»ga ta’siri juda ham kuchlidir. Buni biz o‘tgan mavsumning aynan mana shu pallalarida his qilib ko‘rgandik. O‘shanda, birgina van Deykning yo‘qligi «Liverpul»ning chempionlik poygasidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgandi. Ayni damda baralla aytishimiz mumkinki, ushbu futbolchi haqiqiy klub afsonasiga aylanib ulgurdi.

 


ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi

Manba: 90min.com
Kiritildi: 21:08, 30.01.2022.
O'qildi: 2801 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.